O‘ztransgaz Gazprombankdan qo‘shimcha qarz olmoqda

© Aleksey DanichevStend "Gazprombanka"
Stend Gazprombanka  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 14.04.2022
Obuna bo‘lish
“O‘ztransgaz” “Gazprombank”dan 57,5 mln dollar “O‘zmilliybank”dan esa 200 mln dollar qo‘shimcha kredit oladi.
TOShKENT, 14 apr — Sputnik. “O‘ztransgaz” AJ va “Gazprombank” AJ o‘rtasida 57,5 mln dollarga teng kredit shartnomasi imzolanadi. Bu haqda Moliya vazirligining Yagona korporativ axborot portali ma’lum qildi.
Ajratilgan mablag‘lar joriy majburiyatlarni qayta moliyalashtirishga sarflanadi.
“O‘ztransgaz” AJ o‘tgan yili Rossiyaning “Gazprombank” tomonidan ajratilgan 300 million dollar miqdoridagi kredit muddatini uzaytirmoqda. Shu bilan birga, joriy majburiyatlarni qayta moliyalashtirish maqsadida 2-yil muddatga 57,5 mln dollar qo‘shimcha qarz jalb etadi.
Bundan tashqari, “O‘ztransgaz” 2-yilga “O‘zmilliybank”dan 200 mln dollar ekvivalentida kredit oladi. Mablag‘ O‘ztransgazning aylanma mablag‘larini to‘ldirish, xom ashyo va asbob-uskunalar sotib olish hamda dastur doirasida investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun sarflanadi.
Xabarda qayd etilishicha, Aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida kredit mablag‘larini olish va kredit bo‘yicha foiz hamda komissiyalarni o‘z vaqtida o‘rnatilgan tartibda qaytarishni yo‘lga qo‘yish maqullandi.
“O‘ztransgaz” AJ axborot xizmati Sputnik O‘zbekiston muxbiriga xabar berishicha, Gazprombank ko‘p yillar davomida O‘zbekistondagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. O‘tgan yili Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan xalqaro iqtisodiy forum doirasida “O‘ztransgaz” hamda Gazprombank o‘rtasida 300 mln dollarlik qisqa muddatli bridj-moliyalashtirish yuzasidan kelishuv imzolangan. Mazkur mablag‘lar 545 km uzunlikdagi gaz quvurlarini qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish hamda “Gazli” kompressor stansiyasini kapital ta’mirlash uchun olingan.
Yangiliklar lentasi
0