Erondagi masjidda Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy bitiklari aniqlandi – foto
11:45 14.04.2022 (yangilandi: 12:29 14.04.2022)
Obuna bo‘lish
Hozirda ulug‘ allomalar bitiklarini ilmiy jihatdan o‘rganishga doir ishlar olib borilmoqda.
TOShKENT, 14 apr — Sputnik. Eronning Mashhad viloyati Toyinobod shahridagi masjid devorida Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy bitiklari aniqlandi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi xabar bermoqda.
Mart oyida Madaniy meros agentligi vakillari Eronga safar qilishgan. Tashrif O‘zbekistonning Erondagi elchixonasi ko‘magida amalga oshirilgan.
Safar davomida Madaniy meros agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Tursunali Qo‘ziyev va Toshkent viloyati madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Mansur Isroilov masjid devorlarini ko‘zdan kechirish jarayonida Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy bitiklarini kashf etishgan.
Ta’kidlanishicha, Eronning shimoli-g‘arbida Temuriylar davrining ko‘plab madaniy meros obidalari bor. Amir Temur Eronga tashrifi davomida Mashhad viloyati Toyinobod shahrida shayx Abu Bakr Zayn-ul Obiddin Toyyibiniy bilan uchrashgan va u bilan do‘stlashib qolgan. Uzoq yillar davomida u bilan yozishib turgan. Ushbu do‘stlik hurmati Amir Temurning o‘g‘li Shohrux Mirzo Toyinobod shahrida ajoyib masjid qurdiradi.
“Masjid bugungi kunga qadar saqlanib qolgan va ko‘plab allomalarimizning do‘stona munosabatlarini o‘zida muhrlagan. Shunisi diqqatga sazovorki, ko‘p hukmdorlar va taniqli arboblar bu masjidga kelib, namoz o‘qishni o‘zlari uchun sharaf deb bilishgan. Masjidning devorida yuqori martabali mehmonlar uchun hurmat devori bo‘lib, ularda mehmonlar o‘z tilaklari yoki bitiklarini yozib qoldirishgan. Ularni ko‘zdan kechirayotib, ajoyib yangilik – Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy bitiklarini kashf etdik”, - dedi Qo‘ziyev.
Ma’lum qilinishicha, hozirda ulug‘ allomalar bitiklarini ilmiy jihatdan o‘rganishga doir ishlar olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, prezidentning tegishli qarori bilan madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilishda Eron va Turkiya davlatlaridan malakali mutaxassislarni O‘zbekistonga taklif qilish va ular ishtirokida asrashga doir ishlarni tashkil etish belgilangan.