Sovuq va yog‘ingarchilikning meva-sabzavotlarga ta’siri qanday bo‘ldi

© SputnikRassvetshiy abrikos pod snegom
Rassvetshiy abrikos pod snegom - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 07.04.2022
Obuna bo‘lish
Qishloq xo‘jaligi: Mevali bog‘larning kurtak novdalari qisman zararlangan.
TOShKENT, 7 apr — Sputnik. Joriy yil mart oyida O‘zbekistonga sovuq va nam havo oqimining kirib kelishi oqibatida haroratning keskin pasayishi hamda yog‘ingarchilik ko‘p kuzatildi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari noqulay ob-havo sharoitining ta’siriga oid dastlabki o‘rganish natijalarini ma’lum qilishdi.
Ularga ko‘ra, sovuq havo va yog‘ingarchiliklar ayrim hududlarda mevali bog‘larning kurtak novdalariga qisman salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Mamlakatdagi uzumzorlar, ertaki ekilgan kartoshka va sabzavot ekinlariga esa sovuq ta’sir etmaganligi aniqlandi.
Viloyatlar kesimida olingan ma’lumotlar tahlili quyidagicha:
Farg‘ona vodiysida o‘rikning ertapishar navlari Andijon viloyatida 19 foiz, Namanganda 10 foiz va Farg‘onada 18 foiz, gilosning ertapishar navlari Namanganda 2,4 foiz, bodomning ertapishar navlari Andijonda 17 foiz, Namanganda 19 foiz va Farg‘onada 23 foiz;
janubiy hududlarda, xususan Qashqadaryo viloyatida gilosning ertapishar navlari 9 foiz, shaftolining ertapishar navlari 9 foiz, olxo‘rining ertapishar navlari 15 foiz, bodomning ertapishar navlari 18 foiz;
markaziy hududlarda o‘rikning ertapishar navlari Buxoro viloyatida 6,7 foiz, Jizzaxda 17 foiz, Navoiyda 19 foiz, Samarqandda 10 foiz, Sirdaryoda 17 foiz va Toshkentda 10 foiz, gilosning ertapishar navlari Navoiyda 6,5 foiz va Toshkentda 2,4 foiz, shaftolining ertapishar navlari Navoiyda 8 foiz va Samarqandda 5 foiz, olxo‘rining ertapishar navlari Sirdaryoda 3 foiz hosilli maydonga nisbatan zararlanganligi aniqlandi.
Shimoliy hududlar - Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida ushbu mevali daraxtlar zararlanmagan.
Ilmiy manbalarga ko‘ra, daraxtlarning sovuqqa chidamlilik darajasi meva turi va navining biologik xususiyatiga bog‘liq. Shu sababli, mevali bog‘larning turlari va navlariga qarab, joriy yil aprel-may oyida daraxtlarning hosil tugish (g‘o‘ralash) fazasida kutilayotgan yalpi hosildorlik bo‘yicha aprobatsiya o‘tkaziladi va hosil yetishtirish hajmlari belgilab olinadi.
Ta’kidlanishicha, mart oyining 3 dekadasida respublikada mavjud 338 ming gektar (248 ming ga fermer xo‘jaliklarida, 90 ming ga aholi tomorqasida) mevali bog‘larning (o‘rik, shaftoli, bodom, olcha) 77 ming gektari (22 foiz) gullagan hamda 182 ming gektar uzumzorlarning (130 ming ga fermer xo‘jaliklarida, 52 ming ga aholida) 42 ming gektari (23 foiz) tuproqdan ochilib, kurtaklagan.
Ushbu bog‘ va uzumzorlarni sovuqdan asrash maqsadida hududlarda havo harorati 2 daraja iliqdan past bo‘lgan joylarda 17-martdan 23-martga qadar 74,4 ming gektar mevali bog‘ va uzumzorlarga suv quyilgan, 117,4 ming gektarida xashak, poxol, shox-shabbalardan tayyorlangan uyumlar to‘planib tutatilgan. Bundan tashqari, 8 404 gektar bog‘larda gullash fazasini kechiktirish uchun maxsus preparatlar bilan ishlov berilgan.
Ertaki sabzavot va kartoshka maydonlarida iliq haroratni ushlab turish uchun 22-martdan 23-martga o‘tar kechasi 2,1 ming gektar maydonga suv quyilgan, shox-shabba uyumlari to‘planib tutatilgan. Shuningdek, 20,7 ming gektar qishloq xo‘jaligi ekinlari yengil sug‘orilgan, 5,4 ming gektar maydonga plonka yopilgan, 16,1 ming gektar dala chetlarida xashak uyumlari tutatilgan.
Yangiliklar lentasi
0