Tojikistonda “O‘zbek kino kunlari” qanday o‘tdi

© Foto: O‘zbekiston Kinematografiya agentligi O‘zbek delegatsiyasining Tojikistonga safari yakunlandi
O‘zbek delegatsiyasining Tojikistonga safari yakunlandi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 03.04.2022
Obuna bo‘lish
Tojikistonlik tomoshabinlar uchun “101 reys”, “Bir kunlik to‘y”, “Tutqunlik” badiiy filmlari, “Matonat maktabi” hujjatli filmi namoyish etildi.
TOShKENT, 3 apr — Sputnik. 30-mart – 2-aprel kunlari Tojikistonda “O‘zbek kino kunlari” hamda MDH va Gruziya davlatlari kinostudiyalari rahbarlarining IV kengashi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Kinematografiya agentligidan Agentlik bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, Kinoarboblar ijodiy uyushmasi raisi Matoqub Matchanov, kinoijodkorlar Rashid Malikov, Bahodir Odilov, Lola Eltoyeva, Umid Iskandarov, Nigina Anorboyeva, Furqat Usmonov va boshqalar ishtirok etishdi.
“O‘zbek kino kunlari” doirasida tojikistonlik tomoshabinlar uchun Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan “101 reys”, “Bir kunlik to‘y”, “Tutqunlik” badiiy filmlari, “Matonat maktabi” hujjatli filmi namoyish etildi. Kinofilmlar premyerasi Tojikiston Respublikasining “Sinamo” va boshqa telekanallari orqali efirga uzatildi.
Dushanbedagi “Koxi Navro‘z” madaniyat saroyida o‘tkazilgan “101 reys” filmi premyerasidan so‘ng Hisor shahrida Rashid Malikov rejissorligida suratga olingan “Tutqunlik” badiiy filmining premyerasi ham bo‘lib o‘tdi.
Rashid Malikov tojik kinoixlosmandlarini kino kunlari bilan tabriklab, o‘zbek kinematografiyasining eng so‘ngi filmlari ular uchun tuhfa qilinganini bildirdi.
"O‘zbek kinosi tarixidan ma’lumki, xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy-ma’naviy hayotning bir-biriga mutanosibligi, urf-odatlarimizning yaqinligi ishlangan kinofilmlarda aks etgan. O‘tgan yildan bu madaniy aloqalar o‘zaro mustahkamlanib, O‘zbekiston va Tojikistonda kino kunlari o‘tkazilmoqda. Hamkorlikda filmlar suratga olinmoqda. O‘zbek kinosining sizdek muxlislari bor ekanligidan bag‘oyat shodmiz”, - dedi u.
Tojikistonda bo‘lib o‘tgan “O‘zbek kino kunlari”ning yopilishi ilk bor “Tochi somon” birinchi tojik milliy kinomukofotini topshirish marosimi doirasida tashkil etildi. Unda o‘zbek delegatsiyasi ham ishtirok etdi va g‘oliblarga haykalchalar o‘zbek kinoijodkorlari tomonidan topshirildi.
O‘zbekiston Kinoarboblar ijodiy uyushmasi raisi Matoqub Matchonov tojik milliy kinomukofotini o‘zbek delegatsiyasi tomonidan topshirilganini alohida qayd etdi.
“E’tibor bergan bo‘lsangiz barcha mukofotlarni o‘zbek ijodkorlari topshirdi. Bu nafaqat bizning delegatsiyaga qilingan ehtiromdir balki, butun o‘zbek san’atini e’tirof etishdir. Tojikistonlik hamkasblarimizdan minnatdor bo‘lgan holda o‘zaro hamkorliklarimiz ikki taraf uchun ham samarali va mazmunli bo‘lishiga ishonaman”, - deya fikr bildirdi Matchonov.
Delegatsiya safari davomida Alisher Navoy va Abdurahmon Jomiy haqidagi film bo‘yicha taqdimot tashkil etildi. So‘ngra, ikki tomonning fikr-mulohazalari va takliflari bilan filmning konsepsiyasi tasdiqlandi.
Tomonlar hamkorlikda yaratilishi rejalashtirilayotgan yana bir “Ko‘rinmas yulduz” filmi sinopsisini ham ma’qullab, ishga tushirishni kelishib olishdi.
"Tojikfilm" davlat muassasasi bosh direktori Mahmasaid Shohiyon esa o‘zbek ijodkorlarining muvaffaqiyatlari ular uchun o‘rnak bo‘lishini bildirdi.
“O‘zbek kinoijodkorlarining muvaffaqiyatlari biz uchun o‘rnak bo‘lib xizmat qiladi. Ma’lumki, kino san’atini rivojlantirishda, munosiblarni e’tirof etishda O‘zbekistonda “Oltin Humo” milliy kinomuokofoti joriy qilingan. Bu yildan Tojikistonda ham “Tochi somon” milliy kinomukofotiga asos solindi. Ilk marotaba o‘tkazilayotgan marosimda o‘zbek kinoijodkorlarining ishtiroki bizni yanada mamnun qildi”, - dedi Shohiyon.
Uning ta’kidlashicha, Toshkent shahrida Butunrossiya davlat kinematografiya instituti (VGIK)ning filiali ochilgani nafaqat o‘zbek yoshlarini, balki tojikistonlik yosh kinoijodkorlarini ham xursand qilgan.
“Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan ushbu ta’lim muassasasida bizning yoshlarimiz ham ta’lim olish niyatini bildirishmoqda. Kelgusida kino ta’limi sohasida ham Kinematografiya agentligi bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yga qo‘yish rejalashtirilgan”, - dedi "Tojikfilm" davlat muassasasi bosh direktori.
Delegatsiya eng muhim tadbir – Dushanbeda tashkil etilgan MDH davlatlari va Gruziya kinostudiyalari direktorlarining kinematografiya sohasidagi hamkorlik bo‘yicha kengashida ham ishtirok etdi. Kengash ishida 14 ga yaqin MDH davlatlari va Gruziyaning yetakchi kinostudiyalari, ishtiroki ta’minlandi. Kengash a’zolarining qarori bilan “MDH va Gruziya davlatlari kinostudiyalari xalqaro ijodiy uyushmasi” ishchi nomi ostida xalqaro alyans tuzildi.
Tashkil etilgan ishchi guruhga assotsiatsiyaning nizomi va tuzilmasini shakllantirish kabi vazifalar yuklatildi. Uyushma raisi etib esa bir ovozdan, kinematografiya sohasida katta yutuqlarga erishgan O‘zbekiston Kinematografiya Agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov saylandi.
Yangiliklar lentasi
0