Milliy olimpiya qo‘mitasining Atletlar komissiyasi tashkil etildi

© Natsionalniy olimpiyskiy komitet UzbekistanaSozdana Komissiya sportsmenov NOK Uzbekistana
Sozdana Komissiya sportsmenov NOK Uzbekistana - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 31.03.2022
Obuna bo‘lish
Bu komissiyani tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad - sportchilar faolligini oshirish, ularning o‘z ovoziga ega bo‘lishlarini ta’minlash va manfaatlarini himoya qilish.
TOShKENT, 31 mar — Sputnik. O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasining (MOQ) Atletlar komissiyasi tashkil etilib, uning tarkibi shakllantirildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.
Atletlar komissiyasi sportchilarning xalqaro maydondagi huquq va manfaatlarini himoya qilish barobarida mamlakatda Olimpizm harakatini yanada targ‘ib qilish yo‘lida faoliyat olib boradi.
Anonim tarzda o‘tgan saylash jarayoni yakunida quyidagi sportchilar Atletlar komissiyasi tarkibiga a’zo bo‘lishdi: Oksana Chusovitina (sport gimnastikasi), Rishod Sobirov (dzudo), Dmitriy Shokin (taekvondo), Bekzod Abdurahmonov (erkin kurash), Zaynab Dayibekova (qilichbozlik), Svetlana Radzivil (yengil atletika) va Komiljon To‘xtayev (tog‘ chang‘isi).
Tarkib aniqlab olingach Komissiya a’zolari dastlabki yig‘ilishni o‘tkazib, o‘zaro kelishgan holda Komissiyaga rahbar va o‘rinbosarlar tarkibini shakllantirib olishdi.
Unga ko‘ra, Dmitriy Shokin Atletlar komissiyasi raisi, Oksana Chusovitina hamda Bekzod Abdurahmonov uning o‘rinbosarlari bo‘ldilar.
Atletlar komissiyasi a’zolari MOQ Bosh assambleyasi va Ijroiya qo‘mitasi tarkibiga kirib, muhim jarayonlarda o‘z fikrlarini bildirish, saylovlarda ovoz berish huquqiga ega bo‘ladilar. Bu borada Zaynab Dayibekovani MOQ Ijroiya qo‘mitasiga, Svetlana Radzivil hamda Komiljon To‘xtayev nomzodlarini esa Bosh Assambleyaga ko‘rsatish bo‘yicha taqdimnoma Qo‘mita rahbariyatiga kiritildi.
“Komissiya faoliyatini sifatli va samarali yo‘lga qo‘yish uchun bizni juda ko‘p mas’uliyatli ishlar kutmoqda. Ushbu qaror Olimpiya harakati doirasida bir qator muhim yo‘nalish va loyihalarni amalga oshirishda katta ahamiyat kasb etadi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, Olimpiya harakatining har bir qarorida sportchilarning fikr va manfaatlarini ifodalash uchun Komissiya vakilining pozitsiyasi o‘z ahamiyatiga ega. Biz o‘zaro birlashib, mavjud qiyinchiliklarni yengib o‘tishga, ko‘zlangan maqsadlarga erishishimizga ishonamiz”, - dedi MOQ Bosh kotibi Oybek Qosimov.
Yangiliklar lentasi
0