Iqtisodiyotda davlat ishtiroki yana qisqaradi - prezident qarori

© PixabayPodpis dokumentov
Podpis dokumentov - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 24.03.2022
Obuna bo‘lish
Bo‘sh turgan ko‘chmas mulk obyekti onlayn-auksionga qo‘yilib, ayrim tijorat banklari xususiylashtiriladi.
TOShKENT, 24 mar — Sputnik. Endilikda bo‘sh turgan obyektlar, keraksiz foydalanilayotgan va asosiy faoliyat sohasiga taalluqli bo‘lmagan aktivlardan samarali foydalaniladi. 18-mart kuni Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qarorni imzoladi.
Bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obyekti onlayn-auksion savdolariga chiqariladi.
1 apreldan boshlab, hokim yordamchilari o‘z hududlarida bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obyekti yoki yer uchastkalarini aniqlasalar, ularni onlayn-auksion savdolariga chiqarishlari mumkin.
Hududi 2 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obyekti–hokim yordamchilarining onlayn-buyurtmanomasiga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari (keyingi o‘rinlarda – yer uchastkalari) – “Yerelektron” tizimi orqali yuborilgan onlayn-buyurtmanoma uch kun muddatda tegishli idoralar tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda ijobiy xulosa berilgan taqdirda, ikki hafta muddatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi.
Vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlariga qarashli bo‘lgan, uch oydan ortiq foydalanilmasdan bo‘sh turgan obyekt (ijtimoiy obyektlar bundan mustasno) ijaraga beriladi yoki sotish uchun savdoga chiqariladi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan quyidagilar amalga oshiriladi:
2022 yil 1-mayga qadar "UMS" (Universal Mobile Systems MChJ)ni baholash va sotish jarayoniga xalqaro konsalting, auditorlik va investitsiya maslahatchisi, investitsiya banki yoki boshqa ixtisoslashgan kompaniyani jalb etiladi. 2023-yil 1-aprelga qadar uni xususiylashtirish choralari ko‘riladi.
2022 yil 1-iyulga qadar “O‘zdonmahsulot” AK tarkibidagi 25 ta don korxonasi, qolganlari esa joriy yilning yakuniga qadar bosqichma-bosqich savdoga chiqariladi.
2022 yil 1-apreldan boshlab “O‘zagroservis” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning ko‘chmas mulk obyektlari, zarur hollarda, ularni alohida lotlarga bo‘lgan holda, elektron onlayn-auksion savdolariga baholangan qiymatda chiqariladi.
2022 yil 1-aprelga qadar “O‘zagrolizing” AJning operatsion samaradorligini oshirish, mavjud qarzdorliklarini tarkibiy o‘zgartirish, jamiyatning likvidliligi va to‘lov qobiliyatini ta’minlashni nazarda tutuvchi “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritiladi.
Hujjatda qayd etilishicha, “O‘zagrokimohimoya” va hududiy “Agrokimohimoya” AJlari tugatiladi. Ular ikki oy muddatda elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi.
Bank sektorida davlatning ulushi kamaytiriladi. Bu bo‘yicha hujjatda quyidagilar belgilab qo‘yildi:
1 oktabrga qadar "Qishloq qurilish bank" ATBning aksiyalarini ommaviy joylashtirish (IPO);
1 iyulga qadar AT “Xalq banki”, “Mikrokreditbank” ATB, AT “Aloqabank”, “Agro bank” ATB, “O‘zmilliybank” AJlarning aksiyalarini fond birjasi orqali ommaviy joylashtirish (IPO);
Shu yil yakuniga qadar Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Osiyo taraqqiyot bankini jalb qilgan holda “O‘zsanoatqurilishbank” ATB va “Asakabank” ATBning davlat ulushlari savdoga chiqarish.
Ma’lumot uchun, xozirda O‘zbekistonda 33 ta bank o‘z faoliyatini olib bormoqda. Ularning 12 tasida davlat ulushi mavjud. 2022-yil 1-fevral holatiga ko‘ra, ushbu bank aktivlari 354 898 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.
Yangiliklar lentasi
0