Pensiya yoshiga yetgan xodimni ishdan bo‘shatish ta’qiqlanadi - yangi qonun
12:22 16.03.2022 (yangilandi: 12:23 16.03.2022)
© Sputnik / Vladimir Akimov
/ Obuna bo‘lish
Pensionerlar uchun sanatoriyalarga bepul yo‘llanmalar, sport majmualari, teatr va muzeylarga kirish bepul bo‘ladi.
TOShKENT, 16-mart — Sputnik. Endilikda pensiya yoshiga yetgan xodimni ishdan bo‘shatish taqiqlanadi. Bu bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda pensiya yoshiga to‘lgan xodimni ish beruvchining tashabbusi bilan bo‘shatishni taqiqlash bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqadi.
Qaror bilan quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
“Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyilini qaror toptirishda tashabbuskor ijtimoiy faol nuroniylar moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanadi.
Korxona va tashkilotlarda “Faxriylar kengashlari”, fuqarolar yig‘inlarida “Keksalar maslahati” guruhlarining faoliyati muvofiqlashtiriladi.
“Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin” shiori ostida keksalar holidan doimiy xabar olish tizimi tashkil qilinadi hamda ijtimoiy himoya dasturlari doirasida davlat xizmatlari ko‘rsatiladi.
“Nuroniylar maskani” majmualarida va mahallalarda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.
Mahalla raislarining keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchilari va mahallalardagi boshqa jamoatchilik tuzilmalari faoliyat ko‘rsatadi.
1 apreldan pensionerlar uchun quyidagi imtiyozlar joriy etiladi:
O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar har yili bir marotaba sanatoriylarda bepul sog‘lomlashtiriladi.
Sharoiti og‘ir va kam ta’minlangan keksalarga shifokorlarning retseptlariga asosan 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalari, tibbiy va maxsus protez-ortopediya moslamalari olib beriladi hamda jarrohlik amaliyotlarining xarajatlari qoplanadi.
Og‘ir tashxisli kasalliklari hamda nogironligi bo‘lgan keksalarga shifokorlarning retseptlariga muvofiq, 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalarining 50 foizigacha bo‘lgan summasi kompensatsiya qilinadi.
Keksalarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun abonement xarajatlari qoplanadi.
Keksalar uchun davlat teatrlari va muzeylarga kirish chipta narxlari to‘liq qoplab beriladi.
Keksalarning respublikamizdagi diqqatga sazovor joylarga sayyohlik safarlari tashkil etiladi.
Shu bilan birga, 1-oktabrga qadar “Nuroniy” elektron platformasi va yagona elektron bazasi faoliyatini yo‘lga qo‘yiladi.
1 sentabrga qadar keksalarga oid ma’lumot va yangiliklar ularning mobil telefon raqamlariga SMS-xabarnoma yuborish orqali ma’lum qilib boriladi.
1 maydan boshlab esa ijtimoiy yordam ko‘rsatish xizmati xodimlari yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashaydigan keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining “Sall-markazi”ga qilingan murojaatlar asosida bir qator xizmatlar ko‘rsatadi.