Samarqandda yangi quyosh elektr stansiyasi ishga tushadi

© MinenergoV Samarkande zapustat novuyu FES
V Samarkande zapustat novuyu FES - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 11.03.2022
Obuna bo‘lish
Samarqandda aprel oyiga qadar umumiy quvvati 100 megavatt bo‘lgan yangi FES ishga tushadi. U 80 mingdan ortiq xonadonni elektr energiya bilan ta’minlaydi.
TOShKENT, 11 mar - Sputnik. Samarqand viloyatining Nurobod tumanida aprel oyiga qadar umumiy quvvati 100 megavattga teng bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushiriladi, deb xabar qilmoqda Energetika vazirligi.
Ushbu stansiyaning yer maydoni 353 gektarga teng. Quyosh panellarining umumiy soni esa 295 mingdan ortiq. Ayni kunlarda panellarni o‘rnatish jarayonlari davom etmoqda.
Elektr stansiya ishga tushgach nimalar o‘zgaradi:
Birinchidan, yiliga 260 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning natijasida 80 mingdan ortiq xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.
Ikkinchidan, yiliga 78 million kub metr tabiiy gaz tejalab qolinadi. Bu esa respublikadagi mavjud barcha aholi xonadonlarini bir kun davomida tabiiy gaz bilan ta’minlash imkonini beradi.
Uchinchidan, atmosferaga 100 ming tonna zararli chiqindilar chiqishining oldi olinadi.
To‘rtinchidan, stansiyada yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Qurilish ishlariga 400 nafar ishchi-xodim jalb etilgan bo‘lsa, stansiya ishga tushgach ularning soni yana 25 nafarga ko‘payadi.
Stansiya davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida Fransiyaning “Total Eren” kompaniyasi tomonidan qurilmoqda. Loyiha qiymati 100 million dollarni tashkil etadi.
© MinenergoV Samarkande zapustat novuyu FES
V Samarkande zapustat novuyu FES - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 11.03.2022
V Samarkande zapustat novuyu FES
Ma’lumot o‘rnida, aynan ushbu quvvatdagi birinchi quyosh fotoelektr stansiyasi o‘tgan yilning avgust oyida Navoiy viloyatining Karmana tumanida ishga tushirilgan edi.
2023 yil yakuniga qadar Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida quvvati 220 megavatt bo‘lgan viloyatdagi ikkinchi yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Stansiya Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan quriladi.
Yangiliklar lentasi
0