O‘zbekistonda ilk bor murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi
10:45 07.03.2022 (yangilandi: 18:36 05.04.2023)
© Minzdrv UzbekistanaV Uzbekistane vpervie proveli slojnuyu operatsiyu s oxlajdeniyem tela patsiyenta do 16 gradusov
Obuna bo‘lish
O‘n ikki soat davom etgan ushbu jarrohlik amaliyoti davomida bemor tanasi 16 darajagacha sovutilib, so‘nggi avlod sun’iy qon aylantirish uskunasidan foydalanildi. Avvallari bunday amaliyotlar faqat xorijda o‘tkazilgan.
TOShKENT, 7 mar – Sputnik. O‘zbekistonda ilk bor o‘ta murakkab jarrohlik operatsiyasi o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda SSV matbuot xizmati.
Operatsiya Rossiyaning Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazida tajriba orttirib qaytgan kardiojarroh, tibbiyot fanlari doktori, professor Rustam Yarbekov boshchiligida o‘tkazilgan.
— Operatsiyaning og‘ir o‘tishini avvaldan bilardik, — deydi Rustam Yarbekov. — Sababi ham aortaning ko‘tariluvchi va tushuvchi qismi, ham ravog‘i hamda miya tomirlarini sun’iy protezlash uchun uzoq vaqt talab etiladi. Qolaversa, mazkur amaliyotning noyobligi bemor tanasi 16 darajagacha sovutilib, tanadagi qon aylanishi 112 daqiqaga to‘xtatib qo‘yildi. Faqat braxiotsefal va uyqu arteriyasi orqaligina miya qon bilan ta’minlab turildi.
Aytish lozimki, bu kabi operatsiyalarni o‘tkazish uchun anesteziolog, reanimatolog, perfuziolog kabi malakali tibbiyot xodimlari bilan bir qatorda so‘nggi avlod sun’iy qon aylanish uskunasi, gipoterm va miyada qon aylanishi va oksigenatsiyani ko‘rsatuvchi zamonaviy tibbiy jihozlar talab qilinadi. Shu sababli ham avvallari bunday amaliyotlar faqat xorijda o‘tkazilgan.
Bemor - o‘rtachirchiqlik To‘xtasin Dehqonov 66 yoshda. U uzoq yillar arterial gipertoniya kasalligi, ya’ni yuqori qon bosimidan jiddiy aziyat chekib kelgan. Ushbu yilning yanvar oyida koronavirusga chalinganidan so‘ng, uning asorati xastalikning og‘irlashuviga olib kelgan. Shifoxonalarga murojaat qilganida ko‘pchilik “bu operatsiya murakkab bo‘lgani uchun faqat Germaniya, Hindistonda katta mablag‘ evaziga qilinadi” deyishdi.
Keyin bilsak, yurtimizda ham bunday amaliyotni o‘tkazish uchun sharoit va malakali shifokorlar bor ekan. Hozir ahvolim ancha yaxshi. Shifokorlarning aytishicha, tez kunda yana sog‘lom hayotga qaytarkanman. Buning uchun ularga katta rahmat, - deydi bemor.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Rossiya orasida shifkorlar tayyorlash bo‘yicha bir qator kelishuvlar hamda maxsus dastur mavjud bo‘lib, uning doirasida har yili o‘nlab shifokorlar Rossiyaning yetakchi tibbiy muassasalarida malaka oshirish imkoniga ega.
2019-2020 yillar davomida Rossiya Federatsiyasining yetakchi klinikalari va tibbiyot markazlari hamda o‘quv muassasalarida 300 ga yaqin o‘zbekistonlik mutaxassislar malakasini oshirdi.
Undan tashqari, Toshkent tibbiyot akademiyasi negizida I.M. Sechenov nomidagi Birinchi Moskva davlat tibbiyot universiteti bilan universitetlararo hamkorlik markazi ochilgan. Yaqin kelajakda Toshkentda N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universitetining filialini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan.