Xotin-qizlar va oila ishlari qo‘mitasi tuzildi va unga rahbar tayinlandi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaZulayxo Maxkamova
Zulayxo Maxkamova - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.03.2022
Obuna bo‘lish
Yangi Xotin-qizlar va oila ishlari qo‘mitasiga To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi Zulayho Mahkamova tayinlandi.
TOShKENT, 1 mar — Sputnik. O‘zbekistonda Xotin-qizlar va oila ishlari qo‘mitasi tuzildi. Prezident tegishli farmonga imzo chekdi.
Shavkat Mirziyoyev Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish va ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yanada yuksaltirishga oid yig‘ilishda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida ham ayollarga munosib sharoit yaratish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalasini eng muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilanganini eslatdi.
“Ushbu muhim vazifalar ijrosini tizimli tarzda har bir mahalla kesimida amalga oshirishni ta’minlash maqsadida bugun Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasini tashkil etish bo‘yicha Farmonni imzoladim. Qo‘mita rahbari lavozimiga ayollarning muammolari, dardu-tashvishi bilan yaqindan tanish va ularni hal qilish bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi Zulayho Baxriddinovna Mahkamova tayinlandi”, - dedi davlat rahbari.
Yangi qo‘mita raisi Mahkamova ayni paytda bosh vazir o‘rinbosari va Senat a’zosi sifatida faoliyat yuritadi.
Joylarda qo‘mitaning viloyat, tuman va shahar rahbarlari esa hokim o‘rinbosari bo‘ladi.
Yangi qo‘mita Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda “Ayollar daftari” jamg‘armasini o‘zi boshqaradi.
Zulayho Mahkamova 2020-yilning martidan buyon Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Mahkamova 1968-yili Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Namangan davlat pedagogika instituti hamda Prezident huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
2020 yilning fevralida O‘zbekiston prezidentining "Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq bosh vazir o‘rinbosari, Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari, tegishli hokim o‘rinbosarlari sanalgan xotin-qizlar qo‘mitalari raisi lavozimlari tugatilgan edi.
Yangiliklar lentasi
0