Turizm va madaniy meros vazirligi va Sportni rivojlantirish vazirligi vazifalari belgilandi

© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovPismennie prinadlejnosti
Pismennie prinadlejnosti - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 21.02.2022
Obuna bo‘lish
Turizm va sport vazirligi yana ikkiga ajratilib, Sportni rivojlantirish vazirligi hamda Turizm va madaniy meros vazirligi tashkil etildi.
TOShKENT, 21 fev — Sputnik. Turizm va sport vazirligi negizida Turizm va madaniy meros vazirligi va Sportni rivojlantirish vazirligi tashkil qilindi. Prezidentning tegishli farmoni O‘zAda chop qilindi.
Hujjatda yozilishicha, mamlakatda turizm xizmatlarini jadal rivojlantirish, ayniqsa, infratuzilmani yaxshilash, ziyorat turizmi va ichki turizm imkoniyatlarini kengroq ishga solish, shuningdek, madaniy meros obyektlari muhofazasini kuchaytirishga oid ishlar samaradorligini tubdan oshirish zarur.
Ta’kidlanishicha, sportni yanada ommalashtirish, mamlakatda sport bilan shug‘ullanish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish orqali aholini sportning barcha turlariga keng jalb qilish zarur. Qolaversa, Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari hamda xalqaro musobaqalarda ishtirok etish uchun sportchilarning yanada puxta tayyorgarlik ko‘rishlariga barcha sharoitlarni yaratish kerak.
Bu vazifalar ijrosini samarali tashkil etish, yangi yondashuvlar asosida turizm va sport sohalaridagi boshqaruv sifatini yanada oshirish maqsadida bu ikki vazirlik tashkil etilgan.
Turizm va madaniy meros vazirligining asosiy vazifalari:
tashqi va ichki turizmni har tomonlama kengaytirish, yangi turizm yo‘nalishlarini ishlab chiqish hamda ularni turizm bozorlarida joriy qilish, turizm bo‘yicha nufuzli xalqaro va milliy tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish, xalqaro va davlatlararo standartlar hamda normalarni turizm faoliyati va amaliyotiga joriy etish, mamlakatning turizm imijini yanada rivojlantirish;
turizm turlarini ko‘paytirish, eng avvalo, ichki va ziyorat turizmi, ekologik turizm, etnoturizm, ishbilarmonlik turizmi, sport, gastronomik, tibbiy, ta’lim va ilmiy turizmni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish, respublika hududlarining turizm salohiyatidan kelib chiqib turizmning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash, yangi turizm mahsulotlarini yaratish;
madaniy meros obyektlarini aniqlash, hisobga olish, muhofaza qilish, targ‘ib qilish, davlat reyestri, elektron katalogi, pasporti va davlat kadastrini yuritish, davlat nazoratini amalga oshirish, YuNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlar hujjatlarining normalari va tavsiyalarini implementatsiya qilish, tarixiy-madaniy hududlarning tarixiy-madaniy qimmati, noyobligi, tabiiy landshafti va o‘ziga xosligini saqlab qolish;
turizm xizmatlarining tashqi va ichki bozorlarida marketingini olib borish, mamlakatning bebaho turizm salohiyatini ommalashtirish va targ‘ib qilish, milliy turizm mahsulotlari va brendlarining xalqaro turizm bozorlariga kirib borishiga yo‘naltirilgan faol reklama-axborot siyosatini amalga oshirish;
turizm infratuzilmasini shakllantirish, shu jumladan, turizm obyektlarini joylashtirish uchun salohiyatli hududlarda rejalashtirish va loyihalashtirish ishlarini tashkil etish, ularga investorlarni jalb qilish, turizm sohasida tadbirkorlik faolligi oshishiga har tomonlama ko‘maklashish, turizm obyektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida samarali boshqarish hamda mazkur sohani bosqichma-bosqich to‘liq raqamlashtirish.
Sportni rivojlantirish vazirligining asosiy vazifalari:
har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada aholi, ayniqsa, bolalar va yoshlar o‘rtasida sport bilan shug‘ullanishni ommalashtirish, ommaviy sport turlari va sog‘lom turmush tarzini yuritishga keng jalb etish borasida keng ko‘lamli ishlarni tashkillashtirish, ularni sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanishga jalb etish, sport ta’limi tizimini takomillashtirish va raqamlashtirish, sport turlari bo‘yicha yuqori natijador sportchilar zaxirasini yaratish;
sport infratuzilmasini rivojlantirish, shu jumladan, qishloq va chekka hududlarda sport obyektlarini ko‘paytirish, sport marketingini rivojlantirish, sport obyektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida samarali boshqarish hamda sohani bosqichma-bosqich to‘liq raqamlashtirish, nodavlat sport obyektlari va muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash;
mamlakatda professional sportni, shu jumladan, jamoaviy, qishki va ekstremal sport turlarini rivojlantirishni, ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda, sport tayyorgarligi jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, barcha sport turlari bo‘yicha milliy chempionatlar darajasi va sifatini oshirish, xalqaro va mintaqaviy musobaqalar tashkil etish, nosog‘lom sportga qarshi tizimli choralar ko‘rishni ta’minlash;
Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, jahon, Osiyo chempionatlari va boshqa xalqaro musobaqa va turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlash uchun istiqbolli sportchilarni saralash (seleksiya qilish), tayyorlash va mahoratini oshirishning, ular orasidan mamlakat terma jamoalari sifatli sport zaxirasi va tarkibini shakllantirishning samarali tizimini yaratishda Milliy olimpiya qo‘mitasi, Milliy paralimpiya qo‘mitasi, sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari) bilan hamkorlik qilish;
paralimpiya harakatini rivojlantirish, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sport bilan shug‘ullanish uchun shart-sharoitlarni kengaytirish, infratuzilmasini yaratish, istiqbolli sportchilarni saralash (seleksiya qilish) va professional sportga yo‘naltirish, malakali mutaxassislarni tayyorlash.
Avvalroq prezidentning tegishli farmonlari bilan Aziz Abduhakimov bosh vazir o‘rinbosari – turizm va madaniy meros vaziri lavozimiga, Adham Ikromov sportni rivojlantirish vaziri lavozimiga tayinlangani xabar qilingan edi.
Yangiliklar lentasi
0