“Tunlari bilan yig‘lab chiqardim”: Dilbar Dalimova o‘zbek vaksinasining yaratilishi haqida

Obuna bo‘lish
Biotexnolog Dilbar Dalimova qaysi xizmatlari uchun ordan va “Scopus Award” mukofotini olgan, ayol kishining ilmiy yutuqlarga erishishi qiyinmi – batafsil maqolada.
Dilbar Dalimova - Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi biotexnologiya laboratoriyasi mudiri, ilmiy xodim, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashdagi fidokorligi uchun davlat ordeni sohibasi.
Olimaning muvaffaqiyatlari, loyihalari, xalqaro e’tirof va rossiyalik hamkasblari bilan hamkorligi haqida – batafsil Sputnik materialida o‘qing.

Kasb tanlashdagi qiyinchiliklar haqida

Qahramonimiz olimlar oilasida voyaga yetgan. Otasi Fanlar akademiyasining Umumiy va noorganik kimyo institutida faoliyat yuritgan. Bundan tashqari, u olimlar oilasiga kelin bo‘lib tushadi. Turmush o‘rtog‘ining bobosi O‘zbekistonda birinchi bo‘lib geografiya darsligi muallifi. Qaynakalari esa - shifokor bo‘lib, ulardan biri Toshkent tibbiyot akademiyasi va Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti prorektori lavozimlarida ishlagan.
Qahramonimizning aytishicha, otasi unga kasb tanlashda faqat ikki variantni taklif qilgan: shifokor yoki biolog.
Dilbar Dalimova o‘zini shifokor sifatida tasavvur qilmagani bois ikkinchi variantni qabul qiladi. O‘zbekiston milliy universitetinining Biologiya va tuproq fakulteti biotexnologiya mutaxassisligi bo‘yicha tamomlaydi.
“Universitetni tamomlagandan so‘ng darhol tadqiqotlar bilan shug‘ullanmadim, avval ishlab chiqarishda mikrobiolog, kimoviy texnolog bo‘lib ishladim”, - deydi u.
Olimamiz ilm-fanda obro‘li, e’tiborli oilaning farzandi emasmi, otasining talabiga ko‘ra irsiy kasalliklar bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini yozishni boshladi. Shu bilan birga O‘zMUda talabalarga saboq ham berdi.
“Atrofimda ilm-fanni sevadigan, o‘z g‘oyalariga ega qiziqarli odamlar paydo bo‘ldi. Barchasi faqat oldinga intilishni xohlar edi. Bunday muhit menga ham ta’sir qilmasdan qolmadi”,- deydi Dalimova

Yil olimasi

Dilbar Dalimova ilm-fan olamiga sho‘ng‘ib ketdi. Olimaning aytishicha, maktabda o‘qib yurgan kezlari biologiya unga doimo zerikarli tuyulgan. Keyinchalik, bu fanning sir-asrorlarini o‘rgangani sayin, unga mehri ortgan.
Biroq, qahramonimizning aytishicha, bu yo‘lda bir qancha qiyinliklarga ham duch kelgan. Bulardan biri qadriyatlar bilan bog‘liq edi. Qanday yuksak mavqega ega bo‘lmasin, ayol avvalo ona, turmush o‘rtoq va kelin bo‘lib qoladi.
“Oilamizda barcha milliy qadriyatlar e’zozlanadi. Mendan hech kim uyni ozoda saqlash, oila uchun pishir-kuydir, farzand ulg‘aytirish kabi ayollik burchlarini tortib olmagan. Albatta, ilm-fan bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan ayol-qizlarga qiyin. Biroq, buni uddasidan chiqsa bo‘ladi. Asosiysi - xohish va harakat”, - deydi qahramonimiz.
Tadqiqotchimiz genetikaga bilan bir necha yil shug‘ullandi. Kasallikka umumiy moyillik, dori vositalarining turli odamlar organizmiga ta’siri, aholining genetik xususiyatlarini o‘rgandi. Ushbu tadqiqotlar natijalari asosida, xususan, o‘zbek millatining kelib chiqishiga oid ilmiy maqolalari “Genome Research”, “PLoS Genetics”, “Central Asian Journal of Global Health”, “Scientific Reports”, “Nature ecology and evolution” kabi nufuzli jurnallarda chop etilgan.
Dalimovaning so‘zlariga ko‘ra, ilmiy jurnalning nufuzi qanchalik yuqori bo‘lsa, olimga ham shunchalik yuqori baho beriladi. “Nature” jurnalida ilmiy maqolasi e’lon qilinganligini olimamiz o‘zining eng katta yutuqlaridan biri deb biladi. Bu barcha ilmiy nashrlar aysbergining uchi edi. Bu esa, Dalimovaning 2019-yilda chop etilgan maqolalar natijalariga ko‘ra yilning eng yaxshi olimi sifatida mukofot bilan taqdirlanishiga turtki bo‘ldi.
Ta’kidlash lozim, Buyuk Britaniyaning “Nature Publishing Group” tahririyatiga qarashli “Nature” jurnali biologiya va tibbiyot sohalari bo‘yicha dunyoning eng nufuzli nashrlaridan biri hisoblanadi.
Olimamizning so‘zlariga ko‘ra, mukofot u uchun umuman kutilmagan yangilik bo‘lgan.
“Taqdirlash marosimiga taklif qilishganda, sovrindorlar ro‘yxatida bo‘lishimni hatto tasavvur ham qilmaganman. Bunday mukofotlar- uzoq va tinimsiz mehnat e’tirofi degani. Masalan, o‘sha jurnalda nashr etgan maqolam genetika, tug‘ma kasalliklar borasida besh yillik tinimsiz izlanishlarim evaziga yozilgan edi”, - deydi u.

“Tunlari bilan yig‘lab chiqardim, tongda hammasini qaytadan boshlardim”

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2020-yilda koronavirus pandemiyasini e’lon qilganida, markaz mutaxassislari qarshisida COVID-19 uchun test to‘plamlarini ishlab chiqishdek mas’uliyatli vazifa turardi.
“Muammo shunda ediki, biz birinchi marta bunday ishga duch kelgandik. Ommaviy ishlab chiqarishgacha bo‘lgan sinov tizimlarini ishlab chiqdik. Bu juda murakkab edi", - deydi biotexnologiya laboratoriyasi rahbari.
Vaziyat qanchalar murakkab bo‘lganini qahramonimiz yaxshi eslaydi. Pandemiya umuman kutilmaganda boshlandi, laboratoriyalar bunga tayyor emasdi. Lokdaun e’lon qilindi. Markazda esa atigi 12-15 ta xodim qolgan edi. Xodimlarni markaz yaqinidagi mehmonxonaga joylashtirishgan va hech qayerga chiqishga ruxsat berishmagandi.
“Ikki oy o‘sha yerda qolib ketdik. Ham jismonan ham ruhan qiyin edi juda. Bu qanaqa virus bo‘ldi? Qo‘rquv, tashvishlanish, noumidlik kayfiyatlariga tushib qolgandik”, - deya xotirlaydi olima.
Mahalliy mahsulotlar qattiq talablar asosida tekshiriladi. Birorta ham import qilingan test o‘zbekistonnikidek sinovdan o‘tkazilmagan. O‘zbekistonda yaratilgan test beshta laboratoriyada sinovdan o‘tkazilgan. Va mustaqil tekshiruv natijalariga ko‘ra, ishlab chiquvchilar testlar to‘g‘ri ishlayotgani va xorijiy testlardan kam emasligi haqida javob oldi.
“Mehnatingiz e’tirof etilgan va yuqori baholanganda nimalarni his qildingiz” degan savolimizga Dalimova : “charchoqdan ezilgan quvonchni” deya javob berdi.
“Shunday vaqtlar bo‘ldiki, hech narsa o‘xshamasdi, natijalar chiqmasdi. O‘zi kam hollarda yig‘laydigan insonman. Ammo ba’zida tunlari laboratoriyada ojizligimdan yig‘lab chiqardim. Ertalab esa hammasini yana boshqatdan boshlar edik”, - deya xotirlaydi u.
Mehnati uchun faxr tuyg‘usi va jamoaning ahamiyati, ahillikning kerakligini Dilbar keyinchalik his qildi.
“Bir kuni ertalab ishlab chiqarish maydonchasi yonida turgan katta mashinalarni ko‘rdim. Mashinalar tun bo‘yi testlar partiyasini kutdi. Uzoq hududlarga test yetkazish kerak edi. Ana o‘shanda men ishimizning sifatli natijasi odamlar uchun qanchalik muhim ekanligini angladim”, - deya xotiralari bilan o‘rtoqlashdi Dalimova.
Bir necha oy o‘tgandan so‘ng, qahramonimiz koronavirus pandemiyasi bilan kurashishda ko‘rsatgan fidokorligi uchun ikkinchi darajali “Salomatlik” ordeni bilan taqdirlandi.

Vaksina kasallikka chalinmaslikka kafolat emas. Vaksina - o‘limga qarshi kafolat

Dilbar Dalimova bir vaqtning o‘zida ikki yo‘nalishda koronavirusga qarshi vaksinalar yaratishda faol ishtirok etmoqda. Bular O‘zbekiston-Xitoy vaksinasi uchinchi bosqichining klinik sinovlari va yangi avlod mahalliy vaksinasini yaratish jarayonlari.
Biotexnolog va tadqiqotchi olima o‘zini vaksinaning himoyachisi deb biladi. Buning uning arzirli sabablari bor.
“Koronavirus onamni ham, otamni ham bu hayotdan olib ketdi. Men ularga yordam bera olmadim. Shundan so‘ng o‘z oldimga katta maqsad qo‘ydim. Barchaga vaksina yetib borishi uchun qo‘limdan kelgan hamma ishni qilishni niyat qildim”, - deydi olima.
Ilg‘or texnologiyalar markazi laboratoriyasida Dalimova va uning xodimlari ayni paytda respublikada qaysi shtamm ko‘proq taralayotganini aniqlashmoqda.
“Tekshirish natijasi ijobiy bo‘lgan bemorlardan namuna olish imkoniyatiga ega bo‘lishimiz kerak. Asosan Zangiota-1 va Zangiota-2 ixtisoslashtirilgan shifoxonalari bemorlari. Tanlovlarimiz mobaynida odamlar, ayniqsa, surunkali kasalliklarga chalinganlar va keksalarda kasallik juda qiyin kechayotganini kuzatapmiz”, - deydi Dalimova.
Tadqiqotchining ta’kidlashicha, koronavirus yana qanday mutatsiyalarga uchrashini oldindan aytib bo‘lmaydi. Faqatgina vaksina bu zanjirni uzib tashlashi mumkin.
“Bu yagona yo‘l. Men boshidanoq shuni barchaga yetkazishga harakat qildim- vaksina kasallikka chalinmaslik kafolati emas, balki kasallikdan vafot etmaslikka kafolatdir. Bu ko‘p narsani anglatadi”, - deydi qahramonimiz.
Shuningdek, hikoyamiz qahramoni Ilg‘or texnologiyalar markazining rossiyalik mutaxassislar bilan hamkorligi to‘g‘risida so‘zlab berdi.
Olimaning so‘zlariga ko‘ra, markaz muntazam ravishda rossiyalik mutaxassislar bilan hamkorlik qilib keladi. Rossiyalik mutaxassislar markazga tez-tez tashrif buyuradi. O‘zbekistonlik yosh biologlar ham Rossiyada amaliyot o‘tab qaytmoqda.
“Vaksinani ishlab chiqarishni o‘rganish va yaratish uchun borgan birinchi mamlakatimiz Rossiya bo‘ldi. “Sputnik V” vaksinasi qanday ishlab chiqarilayotganini ichkaridan ko‘rishimiz va hamkasblarimiz - immunologlar, vaksina ishlab chiqaruvchilar bilan fikr almashishimiz uchun uchrashuvlar tashkil qilindi”, - deydi Dalimova.
Shuningdek, Ilg‘or texnologiyalar markazi va Rossiyaning bir qator ilmiy muassasalari qo‘shma startaplar, sog‘liqni saqlash va kimyo sanoatida ilmiy loyihalarni amalga oshiradi. Bundan tashqari markaz xodimlari Rossiyaning “Skolkovo” innovatsion markazida malaka oshirishgan.
Markaz vakillari axborot-kommunikatsion texnologiyalari bo‘yicha “Softlending” dasturida ishtirok etgan.
Yangiliklar lentasi
0