Imom-xatiblarga ayrim mavzuda tushuntirish berildi

© Sputnik/Ramiz BaxtiyarovPrazdnovanie Namaz xayit v Tashkente
Prazdnovanie Namaz xayit v Tashkente - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 17.02.2022
Obuna bo‘lish
Ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi imom domlalarning diniy e’tiqod mavzusida bildirgan fikrlari turli muhokamalarni keltirib chiqarmoqda.
TOShKENT, 17 fev — Sputnik. Imom-xatiblarga jamiyatda ixtilof keltirib chiqaruvchi mavzularni masjid mehrobida turib muhokama qilmaslik haqida tushuntirish berildi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi imom domlalarning diniy e’tiqod mavzusida bildirgan fikrlari turli muhokamalarni keltirib chiqarmoqda. Shuning uchun Odob-axloq komissiyasi yig‘ilishi o‘tkazilgan.
Ta’kidlanishicha, ayrim diniy xodimlarning shaxsiy fikri idoraning rasmiy munosabatini ifoda etmaydi.
“Yig‘ilishda imom-xatiblarga jamiyatda ixtilof keltirib chiqaruvchi mavzularni masjid mehrobida turib muhokama qilmaslik, va’z-nasihatlarda odob-axloq, diniy-ma’rifiy qadriyatlarni asrab-avaylash, ibodatlarni to‘g‘ri va mukammal ado etish bo‘yicha mo‘min-musulmonlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish haqida tushuntirish berildi”, - deyilgan xabarda.
Idora tizimidagi barcha masjid xodimlari el-yurt manfaati va farovonligi yo‘lida jamiyatda uchrab turadigan ayrim ijtimoiy illatlarga qarshi ma’rifiy targ‘ibot olib borishda bardavom ekanini ma’lum qilgan. Ushbu yo‘nalishda davlat va jamoat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik munosabatlari mavjudligini ta’kidlagan.
“O‘zbekiston musulmonlari idorasi diniy soha xodimlarini jamoaviy va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarda amaldagi qonunchilikka rioya etishga, amri ma’ruf va nahyi munkarni Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam sunnatlari asosida olib borishga chaqiradi. Fuqarolardan esa bunday mavzularni g‘arazli maqsadlarda ijtimoiy tarmoqlarda ommalashtirmaslikni so‘raydi”, — deyiladi O‘MI xabarida.

Mavzuga oid:

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita aholiga murojaat qildi
Yangiliklar lentasi
0