Bojxona, "korrupsiyadan xoli" tizim: Mirziyoyev qanday ko‘rsatmalar berdi
14:51 17.02.2022 (yangilandi: 16:10 17.02.2022)
© Foto: press-slujba prezidenta Respubliki UzbekistanSoveshanie pri Prezidente Shavkate Mirziyoyeve po voprosam dalneyshego sovershenstvovaniya tamojennogo administrirovaniya v 2022 godu i prioritetnim zadacham preobrazovaniya sferi v sistemu, svobodnuyu ot korrupsii.
© Foto: press-slujba prezidenta Respubliki Uzbekistan
Obuna bo‘lish
TOShKENT, 17 fev — Sputnik. Prezident huzurida 2022-yilda bojxona ma’murchiligini yanada takomillashtirish va sohani korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish boshlandi.
“So‘nggi besh yilda mamlakatimizning tashqi savdo aylanmasi 2 barobarga - 2016-yildagi 24 milliard dollardan 2021-yilda 42 milliard dollarga oshdi. Bojxona tizimi mamlakatimizni jahon iqtisodiyotiga bog‘laydigan ko‘prik hisoblanadi. Bu tizim to‘g‘ri va ochiq-oshkora ishlamasa, tadbirkorlik, investitsiyaga to‘siq bo‘ladi hamda aholining noroziligini keltirib chiqaradi. Shuning uchun bu sohada 2019-yilda katta islohotlarni boshladik”, dedi prezident yig‘ilish boshida.
Jumladan:
bojxona postlarida “yashil yo‘lak”lar joriy etilib, hozirda ular orqali 95 foiz yo‘lovchi va 75 foiz yuk o‘tmoqda;
avval 12 ta idoradan olingan 60 turdagi ruxsatnomalar “yagona darcha” orqali elektron shaklga o‘tkazildi;
natijada bojxonada yuklarni rasmiylashtirish vaqti 10 barobargacha qisqardi.
“Bojxona tizimi pastdan boshlab, eng yuqori bo‘g‘ingacha o‘zgarishi kerak” – Prezident.
Besh yillik Taraqqiyot strategiyasida eksportni 30 milliard dollarga, xorijiy turistlar sonini 7 millionga yetkazish belgilab olingan.
“Bu katta marralar. Buning uchun, bojxona tizimi pastdan boshlab, eng yuqori bo‘g‘ingacha o‘zgarishi kerak. Topshirig‘imga ko‘ra, qo‘mitaning yangi raisi bevosita postlarda xodimlar, aholi va tadbirkorlar bilan yuzma-yuz gaplashib, har bir masalani ichiga kirib o‘rgandi. Viloyat hokimlari bir narsani aniq tushunishi kerak. Bojxona postlari davlatimiz yuzi, birinchi taassurot ham aynan bojxonadan boshlanadi. Bojxona postiga qarab, har bir hokimning madaniyatiga baho beriladi. Ular atrofida ravon yo‘llar, ekilgan manzarali daraxt va gullar, aholi uchun qulay sharoitlar bo‘lishi shart”, dedi davlat rahbari.
Yig‘ilishda mamlakatdagi ayrim bojxona postlari ichimlik va elektr energiyasi bilan ta’minlanmagani, ularga olib boruvchi yo‘llar ta’mirtalab ekanligi, bu aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan prezident har bir chegara bojxona postida manzilli ishlarni amalga oshirish vazifasini qo‘ydi.
Hokimlarga avvalambor yo‘lovchilarning 90 foizi, yuk avtomobillarining 70 foizi o‘tadigan 22 ta chegara postiga olib boruvchi yo‘llar va boshqa infratuzilmani yaxshilash yuzasidan ko‘rsatma berildi.
Shuningdek:
“Do‘stlik” va “Yallama” postlari oldi hududlarida tashqi savdo markazlarini ishga tushirish;
“Olot” postiga tutash hududda logistika, servis va boshqa infratuzilma obyektlarini tashkil etishni boshlash;
1 aprelga qadar Samarqand xalqaro aeroportida, keyinchalik barcha aeroportlarda “bojxonachisiz nazorat” tizimini ishga tushirishga topshiriq berildi.
"Bojxona boshqa davlat idoralariga namuna bo‘lishi kerak" - dedi prezident.
Shuningdek, Mirziyoyev bojxona tizimida “korrupsiyadan xoli” dasturini amalga oshirish soha rahbarlarining eng ustuvor vazifasi bo‘lishi shartligini ko‘rsatib o‘tdi.
Avvalambor, topshiriqqa ko‘ra sohada zamonaviy komplayens tizimi joriy qilinadi. Bunda:
1-maydan boshlab yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirish postlardan chiqariladi va tadbirkor bilan bevosita muloqotsiz, masofaviy amalga oshiriladi;
1 iyuldan tovarlar kodi va qiymatini belgilash, bojxona ko‘rigini o‘tkazish, imtiyozli deklaratsiya rasmiylashtirishda korrupsion xavflar avtomatlashgan tizim orqali aniqlanadi;
1 sentabrdan boshlab barcha elektron bojxona xizmatlari “yagona darcha” tizimi orqali ko‘rsatiladi;
yil yakuniga qadar bojxona ko‘rigi jarayonlarini to‘liq qamrab olgan elektron tizim ishga tushiriladi.
Umuman, bojxona xizmatlarini raqamlashtirishni 2022-yilda 70 foizga, 2023-yilda 100 foizga yetkazish bo‘yicha dastur qabul qilish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda bojxona xodimlarining halol ishlashini ta’minlash va ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish - korrupsiyaga qarshi kurashishda eng muhim masala ekanligi ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan:
bir oy muddatda bitta postda 3-yil ishlagan xodimlar rotatsiya qilinadi;
1-martdan barcha bojxona xodimlari faqat ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi;
bojxona tizimida xodimlar daromadi va mol-mulkini deklaratsiya qilish joriy etiladi;
bojxona xodimlarining faoliyati samarasiga qarab, ish haqiga 50 foizgacha qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Bu ustamalar aniq ko‘rsatkichlar (KPI) asosida belgilanadi;
olis va sharoiti og‘ir postlarda ishlayotgan xodimlar ish haqiga qo‘shimcha ustamalar joriy etiladi;
bojxona xodimlariga maxsus unvon uchun ustamalar miqdori oshiriladi.
Yig‘ilishda, shuningdek, xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish chora-tadbirlari belgilab berildi:
- Olot, Guliston, Termiz va boshqa hududlardagi olis postlarda ishlaydigan xodimlar uchun xizmat uylari barpo etiladi;
- joriy yilda uy-joyga ehtiyoji bor 100 nafar va har yili kamida yana shunchadan xodim imtiyozli ipoteka bilan ta’minlanadi;
- bojxona xodimlari va ularning farzandlari uchun oliy o‘quv yurtlariga kirishda alohida kvota ajratiladi.
Yana bir masala – bugungi kunda bojxona organlarida ayollarning ulushi bor-yo‘g‘i 8 foizni tashkil etadi.
"Sohada adolat, halollik va tartibni joriy qilishni xohlar ekanmiz, tizimga ayol xodimlarni jalb qilish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishimiz shart", dedi davlat rahbari.
Shu munosabat bilan kelgusi ikki yilda ayollar ulushini kamida 2 barobarga oshirish bo‘yicha ishlarni hozirdan boshlash vazifasi qo‘yildi.
Prezident mamlakat mintaqa markazida bo‘lgani bois, kontrabandaga qarshi kurashish o‘ta muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Bu borada bir qator ishlar amalga oshirilayotgani, misol uchun:
- 2018-yilda 13 mingta uyali telefonlar qonuniy olib kirilgan bo‘lsa, 2021-yilda bu raqam 3 milliondan oshgani;
- yil boshidan 364 kilogramm giyohvandlik vositalari, 88 ming dona psixotrop dorilar hamda 181 milliard so‘mlik tovarlar noqonuniy kirib kelishi oldi olingani qayd etildi.
Yig‘ilishda sohada qilinadigan ishlar hali ko‘pligi qayd etildi.
Prezident imzolagan qonunga ko‘ra, bojxona organlarining vakolatlari kengayadi.
80 foiz tovar kirib keladigan 22 ta asosiy postni 3D-skaner, rentgen apparati, videokuzatuv kamerasi, server, transport tarozisi kabi uskunalar bilan jihozlash topshirig‘i berildi.
Ushbu maqsadlar uchun 370 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, temir yo‘l orqali keladigan tovarlar bo‘yicha ma’lumotlarning elektron almashinuvini yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yildi.
Tegishli mutasaddilarga xalqaro jo‘natmalar bo‘yicha axborot almashish tizimini joriy etish topshirildi.
Yig‘ilishda bojxona tizimida kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.
Endilikda Bojxona instituti kursantlari 2-kursda bir oy, 3-kursda uch oy va 4-kursda olti oy bojxona postlarida amaliyot o‘taydi.
Institutda bojxona xodimlari va kursantlarga xorijiy tillarni o‘rgatish, ularning madaniyati, saviyasi, IT ko‘nikmalarini tizimli oshirish kerakligi qayd etildi.
Shuningdek, institutda standartlar va metrologiya, nazorat uskunalarini boshqarish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ham mutaxassislarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish lozim.
"Bojxona institutini to‘liq transformatsiya qilamiz", dedi prezident.
Uch oy muddatda Birlashgan Arab Amirliklari tajribasini chuqur o‘rganib, qo‘shma qadr tayyorlash dasturini joriy qilish topshirildi.
Bojxona xodimlari uchun raqamli texnologiyalarga o‘qitish kurslarini tashkil etib, joriy yilda 500 nafar xodimni o‘qitish topshirildi.
Bojxona qo‘mitasiga kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish bo‘yicha Jahon bojxona tashkiloti bilan hamkorlikni kengaytirishga ko‘rsatma berildi.