Gulnora Karimovaning O‘zbekistonga qaytarilgan mablag‘lari nimalarga sarflanadi

© InstagramGulnara Karimova
Gulnara Karimova - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 15.02.2022
Obuna bo‘lish
Adliya vazirligi: Gulnora Karimovaga tegishli 10 million dollar Fransiyadan O‘zbekistonga qaytarildi.
TOShKENT, 15 fev — Sputnik. O‘zbekiston Adliya vazirligi Gulnora Karimova tomonidan xorijga noqonuniy olib ketilgan mol-mulklar O‘zbekistonga qaytarilayotganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Shveysariya, AQSh, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlarning vakolatli organlari bilan Gulnora Karimova va uning sheriklari tomonidan jinoiy faoliyatdan orttirilgan va qonunga xilof ravishda mamlakatdan tashqariga olib ketilgan mol-mulklarni qaytarish bo‘yicha faol ish olib bormoqda.
Bu ishlari natijasida yaqinda Fransiyadan 10 million dollar O‘zbekistonga qaytarilgan. 2020-yilning may oyida ham Fransiyadan 10 million dollar qiymatidagi aktivlar O‘zbekistonga qaytarilgan edi.
Shu bilan birga, joriy yil 11-fevralda Shveysariya va O‘zbekiston o‘rtasida muzokaralarning navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tgan. Unda tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) ko‘ptomonlama trast jamg‘armasini (Jamg‘arma) tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishishgan.

"Mazkur Jamg‘armadan Gulnora Karimovaga nisbatan jinoiy ish yurituvi doirasida to‘liq musodara qilingan aktivlarni qaytarish uchun foydalaniladi. Shuningdek, Jamg‘arma Shveysariyada davom etayotgan jinoiy ish doirasida kelajakda musodara qilinadigan har qanday qo‘shimcha aktivlarni qaytarish uchun xam xizmat qiladi. Hozirgi kunda taxminan 131 million dollar qiymatidagi aktivlar O‘zbekistonga qaytarilishga tayyor", - deyiladi xabarda.

Jamg‘arma boshqaruv mexanizmi Shveysariya, O‘zbekiston va BMT vakillaridan tashkil topadi. Shu orqali Shveysariya va O‘zbekiston aktivlarni qaytarish jarayoniga to‘liq jalb etiladi. Jamg‘arma O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga ko‘maklashadi va BMTning Barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha O‘zbekistondagi dasturi (UNSDCF)ga mos loyihalar uchun moliyaviy resurslar ajratadi.
Ushbu loyihalar Jamg‘arma faoliyatida ishtirok etuvchi BMT tizimidagi tashkilotlar tomonidan boshqa ijrochi sheriklar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Barcha loyihalar BMTning qoida va nizomlari asosida tuzilgan Jamg‘armaning monitoring va baholash tizimiga muvofiq nazorat qilib boriladi. Fuqarolik jamiyati institutlari Jamg‘arma faoliyatida maslahatchilar sifatida ishtirok etadi.
Jamg‘arma o‘z faoliyatini Shveysariya va O‘zbekiston o‘rtasida tomonlarga yuridik majburiyat yuklovchi Restitutsiya to‘g‘risidagi kelishuv imzolanganidan so‘ng boshlaydi. Ushbu kelishuv imzolanganidan keyin Jamg‘arma va uning faoliyati haqida qo‘shimcha batafsil axborot beriladi.
Bundan tashqari, Moskva shahar sudi tomonidan O‘zbekiston sudlarining Gulnora Karimova va uning sheriklariga nisbatan chiqargan hukmlari tan olingan. Hozirda Rossiya tomoni bilan O‘zbekistonga qaytarish uchun musodara qilingan mol-mulklarni sotishni tashkillashtirish bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirilmoqda.
"Qaytarilgan mablag‘lar mamlakat aholisi farovonligini yaxshilash uchun ijtimoiy sohaga sarflanadi", - deyiladi Adliya vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid:

Shveysariya sudi Gulnora Karimovaga tegishli pullarning aksariyatini musodara qildi
Gulnora Karimova ishi: Parijdagi mulk sotuvidan tushgan 10 mln $ budjetga o‘tkazildi
Gulnora Karimova ishi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi
Ozodlik evaziga nimalarga tayyor: Karimova O‘zbekiston prezidentiga maktub yozdi
Yangiliklar lentasi
0