Yo‘l harakati xavfsizligi: Mirziyoyev qanday topshiriqlar berdi

© Press-slujba prezidenta RUzPrezident Respubliki Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev
Prezident Respubliki Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 11.02.2022
Obuna bo‘lish
Prezident har yili o‘nlab odamlar halok bo‘layotgan yo‘llar ma’lum qildi.
Prezident raisligida videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
“Bugun o‘ta muhim va kechiktirib bo‘lmas masalani muhokama qilamiz. Bu – yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash.
Mamlakatda 2021-yilda 10 mingdan ziyod avariya sodir etilib, ularda 9 mingdan ortiq fuqaro jarohatlandi. Eng achinarlisi, 2,5 mingga yaqin odam, shu jumladan 263 nafar bola halok bo‘lgani katta fojiadir”, dedi davlat rahbari.
O‘lim bilan bog‘liq avariyalar Toshkent viloyatida har 100 ming aholiga 21 ta, Jizzaxda – 16 ta, Sirdaryoda – 15 ta, Navoiy va Samarqandda – 14 tadan, Qashqadaryo va Namanganda– 13 tani tashkil etib, boshqa hududlardan ancha yuqori.
Masalan, Popdan To‘raqo‘rg‘ongacha bo‘lgan 4R-112 yo‘lining 88-kilometri, “Termiz-Dushanbe” (M-41) xalqaro yo‘lining Jarqo‘rg‘on-Denov qismi (80-kilometri), A-373-yo‘lining Yozyovon tumanidan o‘tgan 352-kilometri, Samarqand-G‘uzor yo‘lining (A-378) 85-kilometrida har yili o‘nlab odamlar halok bo‘lmoqda.
Ayniqsa, 2021-yilda Chiroqchida 43 ta, Namangan shahrida 42 ta, Yangiyo‘l tumanida 34 ta, Urgutda 28 ta, Andijon tumanida 20 ta avariyada odamlar hayotdan bevaqt ko‘z yumgan.
Ushbu tuman va shahar hokimlari, ichki ishlar boshliqlari va prokurorlari ishdan olinib, uch oy sinov muddati berildi. Agar ular ushbu muddatda o‘zgarish qilmasa, javobgarlikka tortiladi, dedi prezident.
Shu bilan birga, bunday favquloddagi holatga nisbatan Oliy Majlis, mahalliy kengashlar deputatlarining ovozi eshitilmayotgani, Senat, Qonunchilik palatasi, kengashlar yo‘l harakati xavfsizligini biror marta muhokama qilmagani qayd etildi.
“Nimaga hokimlar, ichki ishlar, “GAI”, transport sohasi rahbarlarining hisoboti eshitilib, mas’uliyati ko‘rib chiqilmagan? Shuning uchun bu muhim masala bilan shaxsan o‘zim shug‘ullanishga majbur bo‘ldim”, dedi davlat rahbari.
Yig‘ilishda Namangan viloyati IIB boshlig‘i, Andijon va Samarqand viloyatlari YXHB boshliqlarini ishdan olishga ko‘rsatma berildi. Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga qat’iy ogohlantirish berildi.
Yig‘ilishda sohadagi ayanchli holat statistik ma’lumotlar asosida tanqidiy tahlil qilindi.
Tahlillar ko‘rsatishicha, avariyalarning:
- 45 foizi haydovchilarning qoidalarni mensimasligi;
- 10 foizi haydovchilarning tajribasizligi;
- 25 foizi yo‘l holati va infratuzilmasi talabga javob bermasligi;
- 20 foizi piyodalarning qoidalarga amal qilmasligi oqibatida sodir bo‘lmoqda.
“Yuqoridagi muammolarning barchasi ham ijtimoiy, ham iqtisodiy, ham xavfsizlik masalalariga bevosita bog‘liq. Shu bois, 2022-yilda barcha hududlarda “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” umummilliy dasturini amalga oshiramiz”, dedi prezident.
Misol uchun, 2021-yilda aniqlangan 7,7 million huquqbuzarlikdan 46 foizi qo‘pol qoidabuzarliklar hisoblanadi. Ayniqsa:
- mast holda boshqarish Samarqand (12 mingta), Toshkent viloyati (8,5 ming), Farg‘ona (7,5 ming) va Toshkent shahrida (7 ming);
- qizil chiroqqa o‘tish Toshkent viloyati (62 ming), Samarqand (51 ming) va Toshkent shahrida (47 ming) ancha yuqori.
"Qo‘pol qoidabuzarlarga jazo muqarrarligi ta’minlanishi shart" - prezident.
2021 yilda respublika bo‘yicha 95 ming nafar haydovchi 5 tadan ko‘p, 9 ming nafari 20 tagacha, 700 nafari 50 tagacha, 18 nafari 100 tagacha qoidabuzarlik sodir etgan.
Yunusobod tumanida yashovchi haydovchi 2021-yilda 133 marotaba qoidabuzarlik sodir etgan (230 million so‘m jarima hisoblangan). Yuqorichirchiq tumanida yashovchi haydovchi 2021-yil 11 oyida 37 marotaba qoidabuzarlik sodir qilib, oxir-oqibat jiddiy avariya sodir etgan.
Davlat rahbari bundan buyon har bir huquqbuzarlik uchun jarima ballari tizimi joriy etilishini ma’lum qildi.
Masalan, haydovchi tezlikni oshirsa – 1 ball, qizil chiroqda o‘tsa – 3 ball hisoblanadi.
Agar bir yilda qoidabuzarliklar jami 12 balldan oshsa, haydovchi avtomobil boshqarish huquqidan mahrum bo‘ladi.
Shuningdek, avtomobilni tartibsiz boshqarib, boshqa haydovchilarga xalaqit qilganlik uchun alohida yo‘l bezoriligi degan yangi javobgarlik turi kiritiladi.
Yig‘ilishda haydovchilarning javobgarligini majburiy sug‘urta qilishda to‘lanadigan sug‘urta badalini jarima ballaridan kelib chiqib belgilash tartibi joriy etilishi belgilandi.
Shu bilan birga, Yo‘l harakati qoidalari ancha eskirgani, xalqaro standartlar asosida yangidan ishlab chiqilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
"Qonunchilikka kiritiladigan hamma yangiliklar deputatlar, ekspertlar va jamoatchilik bilan bamaslahat ishlab chiqiladi", dedi prezident.
So‘nggi paytlarda yo‘l harakati xavfsizligi inspektori faoliyatiga faol qarshilik ko‘rsatish, ularni obro‘sizlantirish holatlari ko‘paymoqda. Qonunlarni ko‘rib chiqishda bu masalaga ham alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Haydovchilarni tayyorlash, malakasini oshirish va ularni imtihon qilish tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqiladi.
Yildan yilga avtotransport vositalari va haydovchilar soni ko‘paygani bilan ularning madaniyati, o‘zaro hurmat va bilim-tajribasi pasayib borayotgani ham ayni haqiqat, dedi prezident yig‘ilishda.
Masalan, avariyalarning 75 foizini 35 yoshgacha bo‘lganlar sodir etgan. Har yili 500 ming kishi haydovchilik guvohnomasi oladi, lekin 25 foizi mashg‘ulotlarga qatnashmaydi.
“Qaysi hokim yoki ichki ishlar boshlig‘i biror marta avtomaktablarga borgan, ulardagi o‘qish jarayoni bilan qiziqqan? Umuman, Ta’lim inspeksiyasi avtomaktablar nazoratini eplay olmadi”, dedi davlat rahbari.
Endi haydovchilikka o‘qitish va guvohnoma berish bo‘yicha yangi tizim yaratiladi. Bunda:
- Ichki ishlar vazirligi avtomaktablar va imtihon markazlariga talablarni qayta ko‘rib chiqadi, ularga litsenziyalarni o‘zi beradi;
- Ichki ishlar akademiyasi avtomaktablarning metodologiyasi, o‘quv dasturi, o‘qituvchilarning malakasi va o‘qitish sifatini oshirishga javob beradi;
- Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi haydovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi va ularning reytingini yuritadi.
Bundan buyon haydovchining intizomiga qarab, uni o‘qitgan avtomaktab faoliyatiga ham baho beriladi.
Viloyat hokimlari va ichki ishlar boshliqlariga uch oy muddatda hududlarida zamonaviy avtomaktab va imtihon markazlarini tashkil etish topshirildi.
Raqamlashtirish – yo‘l harakatini boshqarishning eng to‘g‘ri yechimi, dedi prezident.
“Afsuski, na poytaxtda, na hududlarda raqamlashtirish borasida birorta namuna qilib ko‘rsatadigan joy yo‘q. Borini ham eplab ishlata olmayapti.”
Shu bilan birga, Toshkent shahrining 602 ta chorrahasidan 111 tasidagina raqamli boshqaruv mavjud. Boshqa shaharlarda esa bunday tizim umuman yo‘q.
“Harakat xavfsizligini raqamlashtirish bo‘yicha Toshkent shahri, Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida yuzaga kelgan muammolarni o‘zim qattiq nazoratga olganimdan keyin hokimlar va ichki ishlar boshliqlari harakatni boshladi.
Ushbu hududlar ichki ishlar boshliqlari 1-iyulgacha keskin o‘zgarish qilmasa, ularga nisbatan qat’iy chora ko‘raman. Boshqa hokimlar ham xulosa qilib, batafsil hisobot beradi”, dedi prezident.
Endi Toshkent shahrida yo‘l harakatini raqamli boshqarish va xavfsizligini ta’minlash tizimi joriy etish to‘liq shahar hokimiyati tasarrufiga o‘tkaziladi.
Yil yakuniga qadar poytaxtning 300 ta chorrahasini, kelgusi yilda esa qolgan 302 tasini raqamli tizimga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.
Sohani raqamlashtirish bilan bog‘liq barcha masalaga shahar mutasaddilari javob beradi va so‘rov ham ulardan bo‘ladi. Axborot texnologiyalari, Ichki ishlar va Transport vazirliklarida ushbu tizimni takrorlovchi yoki ishiga aralashadigan bo‘linmalar bo‘lishi mumkin emas, dedi davlat rahbari.
“Toshkent, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlari hokimlarining yo‘l harakatini raqamli boshqarishni joriy etish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” bilan tanishib chiqdim. Ularda belgilangan tadbirlar faqat qoidabuzarlikning nazorati bilan cheklangani meni mutlaqo qoniqtirmaydi”, dedi prezident.
Bir oy muddatda viloyat markazlarida yo‘l harakatini boshqarish va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yangi konsepsiyalarini ishlab chiqish topshirildi.
Yig‘ilishda yo‘llar holati va infratuzilmasi ko‘p hollarda yo‘l harakatidagi muammolar, qoidabuzarliklar va avariyalarga sabab bo‘layotgani qayd etildi. Jumladan, transport serqatnov bo‘lgan 2 mingdan ortiq chorraha va 9,5 mingta piyoda o‘tish joylari svetofor yoki boshqa vositalar bilan jihozlanmagan.
Aholi punktlari uchun 15 ming kilometrga yaqin piyoda va veloyo‘laklar yetishmaydi.
"Kecha Samarqand shahridagi 59-sonli ko‘zi ojizlar maxsus maktabida ovozli maxsus svetoforlar o‘rnatilganini ko‘rdim. Bunday tajribani barcha hududlarda joriy etishimiz shart. Shu bois 2021-yilda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, svetofor, belgilar bo‘yicha aholidan 10 mingdan ziyod murojaatlar kelib tushgan", dedi davlat rahbari.
Ayniqsa, Toshkent shahri, Buxoro, Qashqadaryo Samarqand, Sirdaryo, Xorazm va Toshkent viloyatlarida bu muammo dolzarb bo‘lib, piyoda ishtirokidagi avariyalar qolgan hududlardan yuqori.
Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Namangan, Navoiy, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo viloyatlarida eng ko‘p avariyalar sodir bo‘layotgan 2,2 ming kilometr xalqaro yo‘llar qarama-qarshi yo‘nalishlarni ajratuvchi to‘siq bilan jihozlanmagani ta’kidlandi.
Shuningdek, yo‘llardagi mavjud 400 mingta yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlarining yarmi talabga javob bermaydi. Misol uchun, birgina Toshkent shahrida 15 mingta yo‘l belgilari yetishmaydi, 22 mingtasini yangilash talab etiladi.
Vaholanki, respublika bo‘yicha yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlarini ishlab chiqaradigan 1 dona korxona (“Avtoyo‘l”ga qarashli “Avtoyo‘l belgi” korxonasi) mavjud bo‘lib, uning quvvatlari ehtiyojning 20 foizini ham qoplamaydi.
Har bir viloyat hokimligida 1 tadan yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlari, svetoforlar o‘rnatish, yo‘l chiziqlari chizishga mas’ul korxona bo‘lgani bilan ularning 80 foiz texnikasi eskirgan yoki yaroqsiz holda.
“Qaysi viloyat hokimi yoki ichki ishlar boshlig‘i ushbu korxonalarni borib, ularning muammolari bilan qiziqqan? Afsuski, hech kim”, dedi prezident yig‘ilishda.
Respublika bo‘yicha mavjud 3 mingga yaqin chorrahada svetoforlarning “yagona egasi” yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi. Misol uchun, Toshkent shahrida Katta va Kichik xalqa yo‘llari – “Avtoyo‘l”ga, poytaxt ichidagi 74 ta markaziy ko‘cha – shahar obodonlashtirishga, 5,2 mingta ko‘cha – tuman hokimliklariga, mahallalar, ko‘p qavatli uylar hududidagi yo‘llar shirkatlarga qaraydi.
Endi viloyat va tuman markazlaridagi yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlari, svetoforlar, yoritgichlar o‘rnatish, yo‘l chiziqlar chizish, piyoda o‘tish joylarini belgilash, umuman yo‘l harakati vositalarini tartibga solishga Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi mas’ul bo‘ladi.
Sohadagi korxonalar hokimliklardan hududiy YXHBlarga o‘tkaziladi. O‘tkazishdan oldin viloyat hokimlariga korxonalarni texnika bilan ta’minlash topshirildi. Shuningdek, 2023-yil yakuniga qadar ushbu xizmatlar uchun autsorsingga ham yo‘l ochiladi, ya’ni raqobat bo‘ladi.
Bu boradagi ishlarni moliyalashtirish uchun YXHB tizimida “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika va viloyat jamg‘armalari tashkil etilishi ma’lum qilindi.
Jamg‘armalar har yili kamida 400 milliard so‘m tushadigan aniq manbalarga ega bo‘ladi.
Davlat rahbari misol tariqasida Farg‘ona viloyati tajribasini ko‘rsatib o‘tdi. Viloyat budjetidan 24 milliard so‘m ajratilib, 125 kilometr yo‘llarga yoritgich va nur qaytaruvchi vositalar, 24 ta piyoda yo‘laklariga svetofor, 107 tasiga “sun’iy do‘ngliklar” o‘rnatilgan.
Natijada viloyatda umumiy avariyalar 31 foizga, o‘lim bilan bog‘liq holatlar 21 foizga, piyodalar ishtirokidagi hodisalar 37 foizga kamaygan.
Viloyat, tuman va shahar hokimlariga ichki ishlar boshliqlari bilan birga muammoli joylar, “avariya o‘choqlari”dan kelib chiqib, ularni bartaraf etish bo‘yicha oylik va choraklik manzilli dasturlarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Bundan tashqari, yo‘l belgilarini ishlab chiqishda “Avtoyo‘l”ning monopoliyasi bekor qilinadi va ushbu sohaga tadbirkorlar jalb qilinadi.
“Yo‘llarda qatnovni tashkil etish va xavfsizlikni ta’minlash ilm bilan hamohang bo‘lishi kerak” – dedi prezident.
Yig‘ilishda Yunusobodning Yunus-ota ko‘chasida 2020-yilda 4 ta avtohalokat sodir bo‘lgan bo‘lsa, 1 dona svetofor o‘rnatish orqali 2021-yilda birorta avariya bo‘lmagani, Kichik halqa yo‘lining Lak-bo‘yoq korxonasi qarshisida qarama-qarshi yo‘lni ajratuvchi to‘siq o‘rnatish orqali avariyalarga barham berilgani misol qilib keltirildi.
“Mana sizga ilmiy yondashuv va oddiy tahlil bilan yechim”, dedi davlat rahbari.
Poytaxt va yirik shaharlardagi markaziy ko‘chalarda tezlik cheklovlarini ilmiy asoslanib belgilash lozimligi qayd etildi. Jumladan, maktab va bog‘chalar oldida tezlik 30 kilometrdan oshmasligi shart. Ayrim gavjum ko‘chalarda esa hozirgi 70 kilometr soatdan 60 kilometrgacha tushirish zarurati borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Sohani ilmiy yondashuv asosida takomillashtirish maqsadida Transport universiteti bilan hamkorlikda uch oy muddatda Ilmiy-amaliy markaz tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
Viloyatlardagi transport kollejlarida xuddi shunday hududiy markazlar ochiladi, ularga YXHB boshliqlari rahbarlik qiladi.
"Umuman olganda, masalani muhimligini inobatga olib, Bosh vazir rahbarligida Respublika komissiyasi tashkil etiladi va ichki ishlar vaziri unga o‘rinbosar bo‘ladi", dedi prezident.
Hududiy komissiyalarga viloyat, tuman va shahar hokimlari hamda ichki ishlar boshqarmalari va bo‘limlari boshliqlari rahbarlik qiladi.
Komissiyalar yo‘llar holati va mavjud infratuzilma, avariya o‘choqlari, sodir etilgan qoidabuzarliklardan kelib chiqib, har oyda harakat xavfsizligi, transport va yo‘l sohalariga mas’ul idora rahbarlarining hisobotini tanqidiy eshitib, mahalliy Kengashlarda muhokama qilib boradilar.
Yangiliklar lentasi
0