“Kundalik” nega ishlamayapti va ota-onalar boshog‘rig‘i qachon tugaydi?

© Depositphotos / XalanxUstavshiy mujchina s noutbukom na golove
Ustavshiy mujchina s noutbukom na golove - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.02.2022
Obuna bo‘lish
Tizimni tiklash davrida tarmoqdagi yuklanishni kamaytirish uchun “Kundalik” qo‘llab-quvvatlash xizmati o‘qituvchilarga darslarida uy vazifasini topshirish muddatini mustaqil ravishda belgilashni tavsiya qildi.
Maktab o‘quvchilari onlayn ta’limga o‘tkazilgandan so‘ng “Kundalik” platformasida birdaniga nosozliklar boshlandi. Bu yana yaqinda O‘zbekistonda sodir bo‘lgan blekaut paytiga to‘g‘ri keldi. Tizim vakillari Sputnik muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda nosozliklar sabablari va qachon xizmat to‘g‘ri ishlashini ma’lum qilishdi.

Sabab nimada?

Ijtimoiy tarmoqlarda ota-onalar mingdan ortiq shikoyatli izohlar qoldirgan. Maktab o‘quvchilarining ota-onalari va o‘qituvchilari foydalanishi shart bo‘lgan “Kundalik” umumta’lim tizimida muntazam nosozliklar kuzatiladi. Minglab ota-onalar farzandlarining uy vazifasi tayyorlangan fayllarni biriktirish uchun soatlab vaqt sarflashadi yoki uy vazifalarini yarim tunda topshirishga to‘g‘ri keladi.
“Hisobchilar ishini keyinga qoldirapti, shifokorlar bemorlarni vaqtida qabul qilmayapti, ularga e’tibor qaratmayapti, chunki hamma bolasining uy vazifalarini “Kundalik”ka biriktirish bilan band”,- deya izoh qoldirgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri.
O‘qituvchilarning uy vazifalarini topshirish uchun aniq muddat belgilagani vaziyatni yanada murakkablashtiradi.
“Ota-onalarga iloji boricha farzandlari bilan ishlash imkoni berilganda ham mayli edi, yana vaqt oralig‘iga siqib qo‘yishganichi. Agar bugun vazifani topshirmasangiz, ertaga umuman qabul qilishmaydi. Va shu bilan butun mamlakat qimmatli vaqtini “Kundalik”da o‘tkazmoqda”, - deb yozadi yana bir foydalanuvchi.

Muammo ildizi qayerda: blekaut yoki platformaning qayta ishga tushirilishi?

Tizimdagi nosozliklar onlayn ta’limning deyarli birinchi kunidan boshlandi. Xalq ta’limi vazirligiga ko‘ra, onlayn ta’lim bir oy davom etishi kerak. Ammo 25-yanvar kuni O‘zbekistonda elektr ta’minotida katta uzilish yuz berdi va bu tizim faoliyatiga ham ta’sir qildi. Platforma mutaxassislari nosozliklar sababi va “Kundalik” ishi qachon to‘liq sozlanishi borasida ma’lumot berishdi.
Platforma matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, butun Markaziy Osiyo bo‘ylab elektr uzilishlari sababli ko‘plab IT -kompaniyalar va uyali aloqa operatorlari faoliyatida ham uzilishlar bo‘lgan. Bu “Kundalik” platformasiga ham ta’sir qildi.
“Elektr bilan bog‘liq vaziyat tezda barqarorlashganiga qaramay, hamon serverda uzilishlar kuzatilmoqda”, - deydi platforma matbuot xizmati.
Shu bilan birga, matbuot xizmatining xabar berishicha, foydalanuvchilarning ko‘pligi ham nosozliklarga sabab bo‘lmoqda. Tizim yuklangan rejimda ishlamoqda. Biroq, nosozliklarning asosiy sababi elektr ta’minotidagi uzilish bo‘lib qolmoqda.

Muammo qanday hal qilinmoqda?

Ma’lum bo‘lishicha, energotizim butunlay tiklangandan so‘ng, dasturdagi nosozliklar tugaydi.
“Texnik qo‘llab-quvvatlash xizmati va metodistlar bo‘limi foydalanuvchilar bilan non-stop rejimida ishlamoqda. Biroq, texnik nosozliklar IP-telefoniya liniyalarida ham kuzatilyapti. Shu sababli, birinchi navbatda @Kundalik_support_bot telegram boti ishga tushdi”, - deydi “Kundalik” qo‘llab-quvvatlash markazi rahbari Hilola Izzatova.
Bot yordamida ota-onalar tizimga kirishni tiklash va obuna uchun to‘lovni amalga oshirish haqida ma’lumot olishlari, kompaniyaning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalariga kirib, platforma funksiyalari bilan ishlash bo‘yicha video ko‘rsatmalarni topishlari mumkin. Bot, shuningdek, qo‘llab-quvvatlash xizmatiga qo‘ng‘iroqlar arxivini olish va odatiy texnik muammolar va nosozliklarni hal qilishda yordam beradi.
Matbuot xizmati platforma bilan ishlash bo‘yicha tavsiyalar berdi.
“Tizimni tiklash davrida tarmoqlardagi yukni kamaytirish uchun biz o‘qituvchilarga o‘z darslarida uy vazifasini topshirish vaqti va muddatini mustaqil ravishda belgilashni tavsiya qilamiz. Bu ta’lim platformasi serverlarida sun’iy yuklanishning oldini olishga yordam beradi”, — deydi platforma mutaxassislari.
Ta’kidlash joiz, “Kundalik” ta’lim platformasida O‘zbekiston bo‘yicha 6 mingdan ortiq maktab ro‘yxatdan o‘tgan. Ulardan 70 foizi an’anaviy kundalik va jurnallardan butunlay voz kechgan. Platformadan bir kunda o‘rtacha 1,2 mln kishi foydalanadi.
“Kundalik” platformasi pullik: undan foydalanish uchun ota–onalar yiliga 9 ming so‘m to‘lov kiritishi kerak.
Yangiliklar lentasi
0