O‘zbekistonni 2040-yilda suv tanqisligi kutaptimi - mutaxassislar fikri

CC0 / pixabay.com / Oroshenie zemli
Oroshenie zemli - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 24.01.2022
Obuna bo‘lish
Ekologlarning fikricha, Markaziy Osiyo mamlakatlarida, xususan O‘zbekistonda suv tanqisligi bilan bo‘lgan vaziyat yildan yilga jiddiylashib bormoqda.
TOShKENT, yanv – Sputnik. Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlarining suv bilan bog‘liq muammolari muhokama qilindi: 18-yanvar kuni O‘zbekiston poytaxtida “Rossiya va Markaziy Osiyo suv resurslaridan samarali foydalanish muammolari va istiqbollari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida siyosatchilar, o‘zbekistonlik ekolog va olimlar, shuningdek, Rossiya ekologiya jamiyatining mintaqaviy bo‘limi vakillari ishtirok etishdi.
Mutaxassislarning xulosa qilishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlarida, jumladan O‘zbekistonda ham suv tanqisligi bo‘yicha vaziyat yomonlashadi. Qanday qilib bunga yo‘l qo‘ymaslik mumkin? Mutaxassislar bu borada Sputnik muxbirining savollariga javob berishdi.
Fojea miqyosi
Davra suhbatida ishtirokchilariga ko‘ra, Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekistonda suv tanqisligi muammosi yildan yilga jiddiylashib bormoqda.
“Suvni tejamkorlik bilan ishlatish haqida jamoaviy tushunchani shakllantirish kerak. Iqtisodiy va siyosiy patologiyaga olib keladigan ekologik virusni qo‘zg‘atmaslik uchun”,– deydi Oliy Majlis Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi Boriy Alixonov.
Bir necha yil avval Alixonov anchayin jiddiy ma’lumotni e’lon qilgan edi: 2040-yillarga borib, Amudaryo va Sirdaryo oqimining qisqarishi bilan O‘zbekistonda suv resurslari taqchilligi 33 %ga yetishi mumkin.
Shu bilan birga Jahon banki prognozlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda toza ichimlik suvining yetishmasligi YaIMni 11 % ga pasayib ketishiga sabab bo‘ladi. Mintaqada 80-90% suv resurslari qishloq xo‘jaligida ishlatilmoqda. sug‘oriladigan yerlarning mintaqa bo‘yicha umumiy maydoni 7 695 mln ga, O‘zbekistonda esa 4,2 mln ga ni tashkil etadi.
Strategik muhim resurs tanqisligi qanday oqibatlarga olib kelishini tasavvur qilish qiyin emas. Bu qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarilishiga xavf, eksport hajmining qisqarishi, qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadigan aholining turmush sifati yomonlashishi degani.
Muammoning qanday yechimlari bor? Sputnik muxbiri davra suhbatining asosiy tezislarini to‘plab, o‘zbekistonlik va rossiyalik mutaxassislarga murojaat qildi.
Chet el tajribasi
Suv tanqisligi muammosi Markaziy Osiyoning barcha respublikalarida aholi sonining ko‘payishi, iqlim o‘zgarishi, suvni tejashga tizimli yondashishning yo‘qligi bilan murakkablashmoqda.
O‘zbekistonlik siyosatshunos, “Ma’no” tadqiqot markazi direktori Baxtiyor Ergashevning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda zudlik bilan suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish zarur.

“Jumladan, bu tomchilatib sug‘orish tizimlari. Tizim o‘rnatilmoqda, lekin uning qamrovini yanada kengaytirish zarur. Fermerlarni tomchilatib sug‘orishni joriy etishga rag‘batlantirish tizimini yaratish, shuningdek, suv tariflarini oshirishimiz kerak”, - deydi “Ma’no” tadqiqot markazi direktori Baxtiyor Ergashev.

Siyosatshunosning fikricha, suvni tejovchi texnologilarni joriy qilishda O‘zbekistonga, xususan boshqa respublikalarga ham Rossiya tajribasi foydali bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, mutaxassis mintaqaning barcha mamlakatlari uchun suv masalalari bo‘yicha yagona organ tashkil qilish kerakligi haqida to‘xtaldi.
“Anchadan beri Markaziy Osiyoda suv-energetik konsorsiumini yaratish masalalari turibdi. Bunda Rossiyaning, ya’ni mutaxassislar, texnologiyalar va konsultatsiyalar masalalarida qo‘llab-quvvatlashi kerak bo‘ladi”, - deydi Ergashev.
Tashqi hakam
Bundan tashqari, Markaziy Osiyo mamlakatlari suv masalalari bo‘yicha yagona organ tashkil qilishi mumkin. Ijtimoiy-iqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori, iqtisodiyot fanlari doktori Aleksey Zubesning fikricha, Rossiya bu ishlarda ko‘mak berishi mumkin.

“Rossiya bu masalada hakam bo‘lishi va mintaqaning barcha respublikalariga maqbul yechimlarni taklif qilishi mumkin, shuningdek, u yoki bu kelishuvlarning amalga oshirilishini kuzatib borishi mumkin”, - deydi Aleksey Zubes.

Uning fikricha, Rossiya bu loyihada “milliy xudbinlik” kelib chiqmasligi uchun neytral tomon bo‘lib ishtirok etishi mumkin. Axir muammolar muhokamasida har bir mamlakat birinchi navbatda o‘z milliy manfaatlari haqida o‘ylaydi.
“Bunday organ MDH yoki YeOII doirasida, ShHT ehtimoliy isshtirokida tashkil etilishi mumkin”, - deydi mutaxassis.
Suv va energetika
Modomiki, suv muammosi energetik kompleks bilan chambarchas bog‘liq ekan, mintaqaning har bir mamlakatida yangi energetika obyektlarini qurish nihoyatda zarur. Siyosiy fanlari doktori, “Markaziy Yevroosiyo” tahliliy loyihasi rahbari Vladimir Paramonov shunday deya ta’kidlamoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Markaziy Osiyo mamlakatlarida GESlar qurish loyihalarida ishtiroki masalasi ayniqsa mintaqaning gidroenergetika salohiyati yuqori bo‘lgan davlatlari uchun dolzarb.
“Rossiya muhandislik-texnologiya bo‘yicha yuqori salohiyatga ega. U bunday loyihalarni moliyalashtirishi mumkin. Mamlakatda mintaqa suv-energetika masalalari bo‘yicha Sovet davridan buyon salohiyati shakllangan”, - deydi Paramonov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2021-yilda Yevroosiyo Taraqqiyot Bankiga kirish to‘g‘risida ariza bergan. Avvalroq bank rahbari Nikolay Podguzovning ta’qidlab o‘tganidek, YeOTB O‘zbekistonga suv masalalarini hal qilishda yaxshi ko‘mak bo‘la oladi.
“77% suv oqimi Tojikiston va Qirg‘izistonda paydo bo‘ladi. Biroq, 85% suv iste’molchilari O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘istondir. Har bir mamlakat o‘z energotizimlarini alohida rivojlantirmoqda, bu esa katta xarajatlar, suv tanqisligi muammosining chuqurlashishi degani”,- deydi Nikolay Podguzov.
Uning ta’kidlashicha, YeOTBning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan qo‘shma loyihalari mintaqani 40% suv bilan ta’minlashni kengaytiradi. Masalan, O‘zbekiston va Tojikiston Rossiya investitsion resurslari yordamida energetika almashinuvini tiklashi mumkin.
Aleksey Zubes ham Rossiyaning energetika obyektlariga investitsiya kiritishini anchayin daromadli deb hisoblaydi.
“Gidrotexnik, energetik obyektlar qurilishi- bu nafaqat to‘lanadigan, balki keyinchalik daromad keltiradigan investitsiyadir”, - deydi Zubes.
O‘zbekiston ushbu hamkorlik formatidan oladigan yana bir ijobiy jihati qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmining o‘sishi va keyinchalik Rossiyaga eksport qilinishi bo‘ladi, deydi Aleksey Zubes.
Yangiliklar lentasi
0