O‘zbekistonda Omicron shtammi aniqlandi
Obuna bo‘lish
O‘zbekistonda "omikron" shtammi aniqlandi va sanitar-epidemiologik nazorat choralari keskin kuchaytirildi.
TOShKENT, 9 yanv - Sputnik. O‘zbekistonda Omikron shtamm aniqlandi va ehtiyot choralari kuchaytirildi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, Omicron shtammi joriy yilning 7-yanvar kuni O‘zbekistonga kelgan xorijiy davlat fuqarosida aniqlangan.
Shuningdek, SSV 8-yanvar kuni O‘zbekistonda 370 kishida koronavirus aniqlanganini va bu oktabr oyidan buyon kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatgich ekani haqida xabar bergan edi.
Ushbu munosabat bilan respublikada ehtiyot choralari kuchaytiriladi. Xususan:
jamoat joylarida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish ustidan nazorat kuchaytiriladi. Barcha tashkilot, korxona, savdo majmualari, supermarketlar, ko‘ngilochar muassasalarning kirish qismida sanitar qoidalarga amal qilish ta’minlanadi;
Umra ziyoratidan qaytib kelayotgan fuqarolardan PZR yoki ekspress testni Saudiya Arabistoni hududida o‘zbek tibbiyot xodimlari tomonidan olinishi tashkil etiladi;
Vazirlik va idora rahbarlari ishchilarni emlangandan so‘ng ish joylariga kiritishga ruxsat beriladi;
OTM talabalariga ta’til davomida koronavirusga qarshi to‘liq emlash choralari ko‘riladi, bunga OTM rahbarlari shaxsan mas’ul etib belgilanadi;
Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 2022-yil 15-yanvardan boshlab xorijiy davlatlardan O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchilar kelishidan kamida 48 soat oldin topshirilgan PZR test manfiy natijasiga ega bo‘lishi yoki aeroport, temir yo‘l vokzallari va chegara o‘tkazish punktlarida ekspress test topshirishi shart.
Eslatib o‘tamiz, koronavirusning yangi shtammi "omikron" dastlab Botsvana va Janubiy Afrikada 2021-yilning noyabr oyida aniqlangan edi. Qisqa vaqt ichida u dunyoning 60dan ortiq davlati hududiga tarqalib ulgurdi.
Bugungi kunda Yevropa va Amerikada kuniga yuz minglab kishilar ushbu virusga chalinmoqda. Shifokor va olimlar "Omikron" unchalik og‘ir kechmasada u inson organizmida jiddiy asoratlar qoldirishi mumkinligi haqida xabar qilishmoqda.