Kelgusi 5 yilda Oʻzbekiston iqtisodiyotini qanday oʻzgarishlar kutmoqda
Davlat qator monopoliyalar tugatishni, xususiylashtirishni davom ettirishni, sharoiti “ogʻir” boʻlgan tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirishni maqsad qilgan.
TOSHKENT, 2 yanv — Sputnik. “Yangi Oʻzbekistonning 2022−2026 yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi prezident farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.
Unda milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, uning oʻsish surʼatlarini zamon talablari darajasida taʼminlashda kelgusi 5 yilda amalga oshirish rejalashtirilgan ishlar belgilangan.
2022 yilda hukumat yillik inflyatsiya darajasini 9 foizgacha va 2023 yilda 5 foizgacha hamda fiskal taqchillikni 3 foizgacha pasaytirish choralarini koʻrishni rejalashtirmoqda. Keyinchalik inflyatsiya va davlat byudjeti taqchilligi ushbu koʻrsatkichdan oshmasligi taʼminladi.
Davlat ulushiga ega tijorat banklarida transformatsiya jarayonlari yakunlanib, 2026 yil yakuniga qadar bank sektorida xususiy ulush 60 foizgacha oshiriladi.
2023 yildan qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) stavkasi 12 foizgacha hamda bank, moliya va telekommunikatsiya kabi tadbirkorlik yoʻnalishlarida foyda soligʻi stavkasi 15 foizgacha tushiriladi.
“Yashil iqtisodiyot”
“Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish orqali 2026 yilga qadar iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshiriladi. havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini 10 foizga qisqartirish choralari koʻriladi.
Buning uchun quyidagi dasturlar yaratiladi:
qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va qoʻllab-quvvatlash hamda ijtimoiy, tijorat va maʼmuriy-maishiy bino va inshootlarning energiya samaradorligini oshirish dasturlari;
vodorod energiyasini olish, saqlash va tashish texnologiyasini yaratish dasturi;
“yashil” iqtisodiyotga oʻtish va energiya tejamkorligini taʼminlash dasturi
elektromobillar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni ragʻbatlantirish tizimini yaratish boʻyicha qaror.
Tadbirkorlarga beriladigan imtiyozlar
Moʻynoq tumani uchun maxsus soliq stavkalarini oʻrnatish tajribasi asosida sharoiti “ogʻir” boʻlgan tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratiladi.
2025 yil 1 yanvarga qadar yangi tashkil etiladigan tadbirkorlik subʼyektlariga aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz stavkada, foyda soligʻi boʻyicha belgilangan soliq stavkasi 50 foizga kamaytirilgan miqdorda hamda yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqlari hisoblangan summadan 1 foiz stavkada toʻlash tizimi quyidagi hududlar uchun joriy etiladi:
Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi, Dehqonobod, Kasbi, Mirishkor va Nishon tumanlari;
Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex va Nurota tumanlari;
Toshkent viloyatining Boʻka, Piskent, Oqqoʻrgʻon va Bekobod tumanlari.
Litsenziya olishning osonlashishi
2022 yil 1 aprelga qadar tadbirkorlik subʼyektlarida masofaviy (onlayn) faoliyat koʻrsatish imkoniyatlarining mavjudligidan hamda ularning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, litsenziya va boshqa ruxsat etuvchi hujjatlarni olish tartib-taomillari quyidagilarni inobatga olgan holda soddalashtiriladi:
ayrim faoliyat turlariga faqat malakaviy talablarni belgilash orqali bino va inshoot, xona, asbob-uskuna, texnika vositalari, boshqa jihozlar hamda ularga boʻlgan shartlarni bekor qilish;
faoliyat yoʻnalishidagi ehtiyojdan kelib chiqib mutaxassisni tanlash huquqini berish orqali shtatida mavjud boʻlishi shart boʻlgan xodimlarga boʻlgan talablarni qayta koʻrib chiqish;
muayyan faoliyat bilan koʻchma tartibda, shu jumladan avtotransport vositalaridan foydalangan holda shugʻullanish imkoniyatini yaratish;
tegishli tashkilotlar bilan shartnomalarning mavjudligi boʻyicha talablarni qayta koʻrib chiqish;
xizmat koʻrsatish mamlakat hududidan tashqarisida amalga oshirilishi sababli xorijdan kelgan buyurtmalar boʻyicha milliy standart va talablarni bekor qilish.
Raqobat uchun shart-sharoit
Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor uchun keng yoʻl ochish maqsadida eksklyuziv huquqlarni bekor qilish va davlat ishtirokidagi kompaniyalarni xususiylashtirish hisobiga 25 dan ortiq faoliyat turi boʻyicha monopoliyalar tugatilishi kutilmoqda.
Jumladan,
2022 yilda – 14 ta, shu jumladan aholi va ijtimoiy soha obʼyektlariga suyultirilgan gaz yetkazib berish, sertifikatlashtirish xizmatlari;
2023-2025 yillarda – 11 ta, shu jumladan neft mahsulotlarini saqlash, temir yoʻllarida tashishda qoʻshimcha xizmatlarni koʻrsatish, aerovokzal va vokzal oldi komplekslarini yuritish xizmatlari, qattiq maishiy chiqindilarni yigʻish, tashish va utilizatsiya qilish hamda qayta ishlash xizmati, temir yoʻlda ekspeditorlik xizmatlari.
Kelgusi besh yilda aholi jon boshiga YAIMni — 1,6 baravarga — taxminan 3 ming AQSH dollaridan koʻproqqa oshirish maqsad qilingan. 2021 yil yakunlariga koʻra, ushbu koʻrsatkich taxminan 1,9 ming dollarga teng.
Shu bilan birga, 2030 yilga borib aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromadni 4 ming AQSH dollaridan oshirish hamda "daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar" qatoriga kirish uchun zamin yaratish koʻzlangan.