Ayollarga "gap otish" va ta’qib qilish uchun javobgarlik belgilanadi

© FAOSelskie jenshini Uzbekistana
Selskie jenshini Uzbekistana - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 12.12.2021
Obuna bo‘lish
Dunyoning yetuk davlatlari qatorida O‘zbekistonda ham ayollarga "gap otish", ta’qib qilish, zo‘ravonlik, shaxsiy va intim hayotini oshkor etish kabi jinoyatlar uchun javobgarlik kiritiladi.
TOShKENT, 12 dek - Sputnik. O‘zbekiston Adliya vazirligi ayollar huquqlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan bir qator muhim qonunlar tashabbusi bilan chiqdi.
1.
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga “ta’qib etish” tushunchasi kiritiladi. Ya’ni, shu vaqtga qadar qonunchilikda qizlarni, ayollarni orqasidan kuzatib yurish tushunchasi kiritilmaganligi sababli, ushbu kabi holatlardan qonuniy ravishda himoyalanish mexanizmlari ham bo‘lmagan. Vaholanki, dunyo tajribasida bunday holatlar juda ko‘p uchraydi. AQSh, Avstraliya va Fransiyada har 5 nafar ayoldan bittasi ta’qib etishni boshidan kechirgan va ushbu davlatlarda bunday holatlardan himoya qilish institutlari shakllangan.
2.
Muassasa rahbari zimmasiga zo‘ravon va jabrlanuvchi o‘zaro munosabatlarini cheklash majburiyati yuklatiladi. Hozirgi kunda qonunchilikda ish va o‘qish davomida tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollar ish beruvchisining yoki ta’lim muassasasi rahbarining javobgarligi belgilanmagan. Bu esa takroran zo‘ravonlik, tazyiq sodir etilishiga sabab bo‘ladi.
3.
Ayollar shaxsiy yoki intim hayoti daxlsizligini buzganlik uchun alohida javobgarlikni belgilanadi. Kanada, Germaniya, Angliya, Yaponiya, Avstraliya, AQShda shaxsning intim surati va videotasvirlarini tarqatganlik uchun javobgarlik mavjud. Afsuski O‘zebkistonda ham xotin-qizlarning turli ko‘rinishdagi rasmlari, videolarini tarqatish orqali ularning shaxsiy hayot daxlsizligini, ayniqsa intim hayot daxsizligini buzish holatlari ko‘plab uchramoqda. Bu esa ayollar kelgusi hayotini, oilaviy munosabatlarining buzilishiga, noto‘g‘ri yo‘llarga kirib ketishiga sabab bo‘lmoqda.
4.
Ayollar uchun reabilitatsiya markazlari quriladi va bunday markazlar qurgan tadbirkorlarga yordam beriladi. Bugungi kunga qadar zo‘ravonlikka uchragan qariyb 36 mingga yaqin ayolga himoya orderi berilgan, lekin respublikada Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha markazlar soni atigi 29 ta.
5.
Ayollarga "gap otish", ularga nisbatan turli izohlarni aytish, nafsoniyatiga tegish uchun jarima belgilanadi. Bu kabi harakatlar ayollarning erkin harakatlanishini chegaralaydi, ayrim hollarda ruhiy tushkunlik, sog‘liqqa ham zarar yetkazadi. Belgiya, Portugaliya, Argentina, Kanada, Yangi Zelandiya va AQSh kabi davlatlarda bunday harakatlar mayda huquqbuzarlik sifatida baholanib, 750 yevrogacha jarima solishga sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga yuqoridagi o‘zgarishlarni kiritish tashabbusi bilan chiqqan Adliya vazirligima’lumotiga ko‘ra, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirilganligiga qaramasdan, ayollar o‘rtasida tazyiq va zo‘ravonlik natijasida o‘z joniga, farzandlari hayotiga qasd qilish holatlari kuzatilmoqda.
Ayollarning naqafat turmush o‘rtoqlari tomonidan, balki qaynota va boshqa qarindoshlari tomonidan, eng achinarlisi, bog‘cha, maktab yoshidagi qizlarga zo‘ravonlik qilish holatlari kuzatilmoqda.
Shu sababli ham ushbu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish kerak, deyilgan xabarda.
Yangiliklar lentasi
0