ODKB: biz Markaziy Osiyodagi vaziyatni normallashtirishga hissa qo‘shdik

Obuna bo‘lish
Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga (KXShT) a’zo davlatlar xavfsizlik tizimini mustahkamlashi kerak. Bu haqda KXShT bosh kotibi o‘rinbosari Valeriy Semerikov Sputnik agentligiga bergan eksklyuziv intervyusida ma’lum qildi.
Yilni sarhisob qilar ekan, Semerikov, koronavirus pandemiyasiga qaramay, KXShT o‘z kollektiv kuchlarini tayyorlash bo‘yicha barcha chora-tadbirlarni amalga oshirganini, xususan, afg‘on-tojik cherasidagi keskin vaziyatni inobatga olgan holda o‘quv mashg‘ulotlarining aksariyat qismini Markaziy Osiyoda o‘tkazganini ta’kidladi.

"Bu (mashq - Sputnik) tojik-afg‘on chegarasi hududida vaziyatni normallashtirishga hissa qo‘shdi. Biz kollektiv kuchlarimizning imkoniyatlarini namoyish qildik", - dedi u.

KXShT mashg‘ulotlari Tashkilotga a’zo davlatlar mintaqada vaziyat keskinlashgan taqdirda qat’iy va kelishilgan holda harakat qila olishini ko‘rsatdi, deb hisoblaydi Valeriy Semerikov.
"Afg‘oniston - Markaziy Osiyo mintaqasida alohida muammo, alohida nuqta. Afg‘oniston uzoq vaqtdan beri tashvish uyg‘otib kelmoqda. Bular Afg‘oniston hududidan kelayotgan tahdid va chaqiriqlar - giyohvand moddalar, noqonuniy migratsiya, terrorizm", - deydi KXShT rahbari o‘rinbosari.
Valeriy Semerikov qayd etishicha, ushbu omillarning barchasini inobatga olgan holda, tashkilot kelasi yili Qozog‘iston hududida tezkor harakat qo‘shinlari bilan mashg‘ulotlar o‘tkazishni rejalashtirgan, boshqa mashg‘ulotlar esa Tojikistonda bo‘lib o‘tadi.
“Qirg‘iziston hududida “Buzilmas birodarlik” tinchlikparvar kuchlari bilan birgalikda mashg‘ulotlar o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz”, — dedi Semerikov.
Keskinlikning yana bir omili – bu NATOning harakatlari, deydi Valeriy Semerikov.
"NATO to‘qima bahona bilan Sharqiy Yevropa davlatlari va Boltiqbo‘yi davlatlari hududida o‘zining harbiy guruhlari, harbiy infratuzilmasini qurmoqda. Bu - Belarus va Rossiyaga bevosita yaqin", - deydi ekspert.
Shimoliy Atlantika alyansi ham mashg‘ulotlar sonini sezilarli darajada oshirdi, biroq ularning provokatsion yo‘nalishi xalqaro tashkilotlar e’tiboridan chetda qolmoqda, deya ta’kidlaydi KXShT rahbari o‘rinbosari.
Valeriy Semerikovning so‘zlariga ko‘ra, KXShT bu faktlarni qayd etmoqda va o‘zining xavfsizlik tizimiga yanada ko‘proq e’tibor qaratmoqchi. Shunday qilib, joriy yilda KXShTga a’zo davlatlar KXShT sheriklik va kuzatuv tizimini yaratish bo‘yicha hujjatlar to‘plamini ratifikatsiya qilish jarayonlarini yakunladi.
“Hozir biz manfaatdor vazirliklar, idoralar, KXShT kotibiyati, xalqaro tashkilotlar va KXShT kuzatuvchisi yoki hamkori maqomini olishni xohlovchi uchinchi davlatlar bilan ishlayapmiz”, — dedi Semerikov.
Yangiliklar lentasi
0