Energetik uyg‘unlik: O‘zbek-qirg‘iz elektr energiya tizimlari qanday ishlaydi

© Press-slujba pravitelstva / Sabir AilchiyevToktogulskaya GES v Kirgistane
Toktogulskaya GES v Kirgistane - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 17.11.2021
Obuna bo‘lish
Markaziy Osiyo energiya halqasi 83 ta elektr stansiyalarni birlashtiradi va suv resurslarining mavsumiy ko‘payish va kamayishiga qarab energiya taqsimotini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.
TOShKENT, 17 noya – Sputnik. O‘zbekiston va Qirg‘iziston energetika tizimlarining mavsumiy elektr almashishlari, o‘zaro hamkorlik qayta tiklangani haqida energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev Sevimli telekanaliga bergan intervyusida aytib berdi.
Telekanal muxbirining O‘zbekiston qo‘shni respublikaga nima sababdan elektr energiyasi yetkazib berayotgani haqidagi savoliga energetika vazirligi mutaxassisi quyidagicha javob berdi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston energotizimlari parallel rejimda ishlaydi. Ya’ni, elektrlashtirish boshlanganda Markaziy Osiyoda rejalashtirilgan davrda mana shu ikkita energotizim bir-birini xususiyatidan, imkoniyatidan kelib chiqqan holda bir-biri bilan uyg‘un ishlashi va mavsumiy nuqtayi nazaridan bir-birini qo‘llab-quvvatlab turishi rejalashtirilgan.
Ming afsuski, keyin mana shu ish tizimi buzilib ketgan edi. Oxirgi 3-4 yilda qo‘shni mamlakatlarimiz energiya tizimlari bilan hamkorligimiz yanada kuchayib, eng yaxshi rejimlarda ishlaganidek munosabatlarga qaytib keldik.
Qirg‘iziston energiya tizimida elektr energiyasini ishlab chiqarish asosan suv resurslariga bog‘liq. Suv resurslariga bog‘liqligini O‘zbekistonga ham salbiy ham ijobiy ta’siri bor. Kuz-qish mavsumida Qirg‘izistonda energiyaga bo‘lgan talab ortgan davrda agar ular elektr energiyasini ko‘proq ishlab chiqarib “Toqtogul” suv omboridan suvni ko‘proq chiqarib yuborishsa, keyingi yil bahor-yoz oylarida mana shu suv hajmini to‘ldirishga majbur bo‘lishadi va yozda suv chiqarish miqdorini keskin kamaytirishga majbur bo‘lishadi.
Albatta, bu bizning Farg‘ona, Andijon, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari qishloq xo‘jaligiga o‘zini salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. Shuning uchun juda uzoq vaqt mobaynida mana o‘zaro mavsumiy energiya almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan edi. Gidroresurslardan foydalanish – ko‘proq yoz oylarida, issiqlik elektr stansiyalaridan foydalanish – ko‘proq qish oylarida.
Bu yerda yana bir ahamiyatli jihati shundaki, bizdagi kuzatilayotgan suv tanqisligi Qirg‘izistonda kuzatilayotgan suv tanqisligidan bir muncha yumshoqroq. U yerdagi suv tanqisligi juda ham yuqori nuqtaga yetib keldi. Ya’ni “Toqtogul” suv omboridan suv chiqarish rejimi normal ravishda amalga oshiriladigan bo‘lsa, bahor oyiga kelib suv ombori to‘liq bo‘shab qolish ehtimoli mavjud.
Shuning uchun biz joriy yil boshida Qirg‘iziston energetiklari bilan o‘zaro 3-yillik hamkorlik dasturini ishlab chiqib tasdiqlaganmiz. Hukumat qarori bilan tasdiqlangan. Shunga ko‘ra, mavsumiy energiya almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. Bahorda va kuzda elektr energiyasini biz ularga yetkazib beramiz, ular esa bizga yozda qaytarib berishadi. Natijada, bizning qishloq xo‘jaligimiz ko‘proq suvga ega bo‘ladi va aksincha ularning suv omborlarida qish oylari uchun ko‘proq suvni saqlash imkoniyatlari yuzaga keladi.
Ahamiyatli jihati shundaki, O‘zbekiston energiya tizimi Qirg‘iziston energiya tizimidan to‘rt barobar katta. Ya’ni, sentabr oylarida biz yetkazib beradigan yoki mart-aprel oylarida biz yetkazib beradigan hajmimiz O‘zbekiston energiya tizimining 1,5 kunlik iste’moliga teng. Unaqa katta miqdorlar to‘g‘risida gap ketayotgani yo‘q biz uchun, lekin ularning energiya tizimi 4 barobar kichkina bo‘lganligi uchun ular uchun bu sezilarli ahamiyatga ega.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy Osiyo energiya halqasi sovet davrida qurilgan bo‘lib u O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda joylashgan 83 ta elektr stansiyalarni birlashtirgan edi. Uning boshqaruv-nazorat punkti esa Toshkentda joylashgan edi. Ushbu tizim nafaqat elektr ta’minoti, balkim qishloq xo‘jaligi yerlarini suv bilan ta’minlash jarayonlarini o‘zaro muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanib kelgan.
O‘zbekiston SSSR davrida ushbu tizimining boshqaruvchisi bo‘lgan va Toshkenetda hozirga qadar muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi bor. Uning yordamida davlatlararo elektr uzatish liniyalari o‘rtasida dispetcherlik boshqaruvi amalga oshirilib keladi.
Yangiliklar lentasi
0