Shavkat Mirziyoyev taraqqiyot strategiyasining yetti yo‘nalishini sanab o‘tdi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaInauguratsiya Shavkat Mirziyoyev 2021
Inauguratsiya Shavkat Mirziyoyev 2021 - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 06.11.2021
Obuna bo‘lish
Shavkat Mirziyoyev yangi prezidentik davrida O‘zbekiston rivojlanishning e’tibor qaratiladigan asosiy yetti yo‘nalishini sanab o‘tdi.
TOShKENT, 6 noya - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev inauguratsiyadan keyin so‘zlagan nutqida kelgusi besh yil davomida O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi yetti yo‘nalishini sanab o‘tdi.
1. Erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantiriladi
Ushbu maqsadda davlat funksiyalarining katta qismi markazdan hududlarga o‘tkaziladi. Har bir mahallada hokim yordamchisi lavozimi joriy etiladi. Tuman budjetida mahallaning alohida jamg‘armasi shakllantiriladi. Davlat boshqaruvining markaziy idoralari ixchamlashtiriladi va qisqartiriladi.
– Rahbar xalqqa yuk bo‘lmasligi, aksincha, xalqning yukini yelkasiga olishi kerak, – dedi prezident bu borada.
2. Adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlanadi
Sudlov tizimi va advokatura instituti, huquq-tartibot organlari faoliyati takomillashtiriladi;
tadbirkor va mulkdorlar huquqlarining himoyasi kuchaytiriladi;
korrupsiyaga barham berishga barcha kuch va vositalar safarbar etiladi;
korrupsiyaning sabablarini oldindan bartaraf etish choralari ko‘riladi.
3. Milliy iqtisodiyot rivojlantiriladi
2030 yilga borib, jon boshiga aholi daromadi - dunyo bo‘yicha o‘rtachadan yuqori bo‘lishi - maqsad qilingan. (taxminan 2500 - 3000$/oyiga). Buning uchun makroiqtisodiy barqarorlik, inflyatsiya darajasini 5 %gacha pasaytirish choralari ko‘riladi.
Undan tashqari aholini uy-joy va toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, zamonaviy yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish, jamoat transporti bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi.
4. Sifatli ta’lim va aholi salomatligiga e’tibor beriladi
Shu maqsadda o‘qituvchilarning oylik maoshini izchil oshirib borish va 2025-yilga borib, 1 ming dollar miqdoriga yetkazish ko‘zda tutilgan. Yangi maktablar qurish, mavjudlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, Milliy ta’lim dasturi ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Kelgusi besh yilda oliy toifali shifokorlar maoshini ham 1 ming dollar ekvivalentiga yetkazish mo‘ljallanmoqda. Viloyat, tuman va shaharlarda ixtisoslashgan tibbiy xizmatlar ko‘lami kengaytiriladi.
Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish muhim vazifa bo‘lib qoladi.
5. Ma’naviy va ma’rifiy sohalar rivojlantiriladi
Ushbu maqsadda “Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat” konsepsiyasi amalga oshiriladi. Madaniyat va san’atni yuksaltirish, yoshlarni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalash, millatlararo hamjihatlik va o‘zaro hurmatni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi.
6. Global muammolarning milliy va mintaqaviy yechimlarini topish
Global muammolarning milliy yechimlarini topishda barcha sa’y-harakatlar uyg‘unlashtiriladi.
Xususan, ekologik tahdidlarning salbiy ta’siri ortib borayotgani qayd etildi. Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida rivojlantirish, Butunjahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
7. Tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash
Xalqaro hamkorlikda pragmatik va chuqur o‘ylangan tashqi siyosat, iqtisodiy diplomatiya davom ettiriladi. Avvalo, qo‘shni mamlakatlar va dunyoning barcha mintaqalaridagi sheriklar bilan o‘zaro manfaatli va ko‘pqirrali aloqalar kengaytiriladi.
Qurolli Kuchlar qudrati yanada oshirilishi, harbiylarning jangovar shayligi, jismoniy va ma’naviy tayyorgarligi kuchaytiriladi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlardagi maqsadlariga erishish uchun kelgusi besh yillikda butun "borlig‘i bilan, xalqqa sadoqat bilan xizmat qilishga va’da berdi.
Shu bilan Oliy Majlisda bo‘lib o‘tgan Shavkat Mirziyoyevning prezidentlik lavozimiga kirishish marosimi yakunlandi.
Eslatib o‘tamiz, bugun Oliy Majlisning yangi zalida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston prezidentining inauguratsiya marosimida parlamentining yuqori va quyi palatalari deputatlari, diplomatik korpus vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etishdi.
Yangiliklar lentasi
0