Sergeli tumanidagi istirohat bog‘ining taqdiri nima bo‘ladi?

© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovBivshiy park kulti i otdixa "Yangi Sergeli"
Bivshiy park kulti i otdixa Yangi Sergeli - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 15.09.2021
Obuna bo‘lish
Siz “Yangi Sergeli” madaniyat va istirohat bog‘i haqida eshitganmisiz? Aslida, sobiq bog‘ desak to‘g‘ri bo‘lar, bugungi kunga kelib, uning faqat nomi qolgan...
Mana bir necha yildirki, Toshkent shahridagi kattagina bog‘lardan biri tashlandiq ahvolda. U aslida qaysi tashkilotga tegishli ekani va kim uni tartibga olishi kerakligi yuzasidan aniq ma’lumot yo‘q. Yon-atrofda yashaydigan minglab aholi esa hordiq chiqarish uchun ancha olisdagi boshqa bog‘larga qatnashga majbur bo‘lmoqda.
Roman va bog‘: o‘xshashliklarni toping...
Buyuk rus yozuvchisi Mixail Bulgakovning “Usta va Margarita” romanidagi Voland ta’rifida keltirilgan jumlalar yodingizda bo‘lsa kerak: “...har xil idoralar bu odamning qiyofasi haqida har xil ma’lumotlar berishdi... Chunonchi, birinchi ma’lumotda o‘sha odamning pakana, tilla tishli va o‘ng oyog‘i oqsashi haqida xabar qilingan bo‘lsa, ikkinchisida u odam bahaybat, tishiga platina qoplama qo‘ydirgan, chap oyog‘i oqsoq deyilgan edi. Uchinchi ma’lumotda: u odamning diqqatga molik hech qanday alomati yo‘q, deb lo‘nda qilib yozilgan edi. E’tirof etish kerakki, bu ma’lumotlarning birontasi ham to‘g‘ri emas edi”.
Buni boqqa qanday aloqasi bor, deysizmi? Aloqa emasu, o‘xshashligi shundaki, bog‘ning holatiyu kelajagini ham hamma har xil tasavvur qilar ekan. Oddiy fuqarolardan “kattakon”largacha. Bir amaldorning fikriga ko‘ra, bog‘ 3-yildan beri ishlamayotgan bo‘lsa, shu atrofdagi mahalla raisining so‘zlariga qaraganda, uning yopilganiga 10-yildan oshdi. Mahalliy hokimiyat vakili tez orada “jiddiy o‘zgarishlar” bo‘lishini ta’kidlasa, tuman kengashi deputati bunday quruq va’dalarning oxiri yo‘q va ular hammaning me’dasiga tegib ketgan, deydi. Kimdir bog‘ Toshkent hokimining buyrug‘iga binoan shahar madaniyat boshqarmasi tasarrufiga o‘tkazilgan desa, kimdir bunday hujjat hech qachon bo‘lmagan, deydi. Mana shunaqa ajabtovur o‘xshashliklar... Omon bo‘lsak, maqola davomida yana ko‘rarmiz.
© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovBivshiy park kulti i otdixa "Yangi Sergeli"
Bivshiy park kulti i otdixa Yangi Sergeli - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 15.09.2021
Bivshiy park kulti i otdixa "Yangi Sergeli"
Biz Toshkent shahrida joylashgan oddiy bog‘ haqida aniq ma’lumot olish shunchalik mushkul bo‘ladi, deb o‘ylamagan edik... Gap shundaki, Sergeli tumanini shaharning markaziy qismi bilan bog‘laydigan asosiy yo‘l – “Yangi Sergeli” ko‘chasi bo‘yida, shundoqqina hokimiyat binosi ro‘parasida bir necha gektar hududni band etgan bog‘ mavjud. Xaritalarda uning nomi “Yangi Sergeli” madaniyat va istirohat bog‘i, deyilgan. Aslida, sobiq bog‘ desak to‘g‘ri bo‘lar. Chunki bugungi kunga kelib, uning faqat nomi qolgan. Tashlandiq, qarovsiz ahvolda...
Kim oladi-yo shuginani-yo
Uzoq urinishlar va behisob qo‘ng‘iroqlardan keyin bog‘ O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi balansida ekani ma’lum bo‘ldi.
“Bog‘ amalda bizning tasarrufimizda, lekin hujjatda emas, deydi Kengash vakili. Taxminan bir yil oldin Toshkent hokimining buyrug‘iga binoan, u shahar madaniyat boshqarmasi balansiga o‘tkazilgan. (Toshkent shahar Matbuot xizmati bu ma’lumotni, ya’ni bog‘ Madaniyat boshqarmasiga o‘tkazilganini rad etdi). Biz esa uni topshira olmaymiz, sababi, bir necha yil odin bog‘da qurilish ta’mirlash ishlari o‘tkazilgan. Amalda emas, qog‘ozda. Qurilish tashkiloti g‘irromlik qilib, smetada ko‘rsatilgan ishlardan birontasini bajarmagan. Bajarmagandan keyin, tabiiyki, biz ham hujjatlarga qo‘l qo‘ymaganmiz. Bu 2014-2015 yilgi gaplar. Agar hozir bog‘ boshqa idoraga berib yuborilsa, o‘sha qurilish tashkiloti silliqqina qutulib qoladi.”
© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovBivshiy park kulti i otdixa "Yangi Sergeli"
Bivshiy park kulti i otdixa Yangi Sergeli - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 15.09.2021
Bivshiy park kulti i otdixa "Yangi Sergeli"
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu ish sudda ko‘rilib, tegishli qaror chiqarilgan. O‘sha paytdagi sud ijrochilari jalb etilib, mablag‘ni undirishga harakat qilingan. Lekin tizimli o‘zgarishlar yuz berib, sud ijrochilari instituti o‘rniga Majburiy ijro burosi tashkil etilishi natijasida jarayon oxiriga yetmay qolgan. Bularning bari Yoshlar ittifoqi xodimining fikri. Biz vaziyatga oydinlik kiritishni so‘rab, Majburiy ijro burosiga ham murojaat qildik. Ammo afsuski, ma’lumotlar bazasida ham, arxivda o‘sha ishga oid hujjatlar saqlanib qolmagan ekan, Hatto o‘sha qurilish tashkilotining nomini aniqlash imkoni bo‘lmadi.
“Bog‘im boru, bog‘im bor...”
Bular-ku, hammasi bir necha yil oldingi gaplar. Lekin bog‘ning hozirgi holati-chi, unga kim mas’ul? Yuqorida aytilganidek, bog‘ Yoshlar ittifoqi, aniqrog‘i, “Kamolot Yoshlar bog‘i” MChJ tasarrufida. Mazkur MChJ rahbari va ayni paytda Sergeli tuman hokimining yordamchisi bilan esa, afsuski, bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. Na qo‘ng‘iroqlarga javob berildi, na telegram orqali yuborilgan xabarlarga...
Bog‘ning atrofida bir necha o‘nlab, hatto yuzlab ko‘p qavatli uylar mavjud. Aholi nihoyatda gavjum. Moliyaviy nuqtayi nazardan qaraganda ham, bu yerdan ozmuncha foyda olish mumkinmidi? Esiz, budjetga tushishi mumkin bo‘lgan pullar...
© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovBivshiy park kulti i otdixa "Yangi Sergeli"
Bivshiy park kulti i otdixa Yangi Sergeli - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 15.09.2021
Bivshiy park kulti i otdixa "Yangi Sergeli"
Bog‘ yaqinida joylashgan “Yangi Sergeli” MFY raisi Shorahim aka:
“Bu bog‘ olti-yetti yildan beri ishlamayapti. Har bir yangi hokim o‘z faoliyatini boshlaganda bog‘ni ishga tushirishga harakat qilib ko‘radi. Shunday paytda hammamizda umid uchqunlari uyg‘onib qoladi. Lekin, afsus... Allaqanday sabablarga ko‘ra, shu masala hech yechim topmayapti. Birgina bizning mahallamizda 4 mingga yaqin aholi yashaydi. Oilaviy hordiq chiqarish imkoniga ega bog‘ bo‘lsa, qani edi. Lekin o‘zimiz uni ishga tushirish yuzasidan hech qayerga murojaat qilmaganmiz. Chunki bog‘ bizning hududimizda emas-da...”
Shunaqa gaplar. Albatta, bog‘ butun tuman aholisiga xizmat qilishi mumkinligi inobatga olinsa, qaysi mahalla hududida ekani u qadar muhim emas. Muhimi shuki, aholi murojaat qilgan taqdirda, nimadir o‘zgarishi dargumonga o‘xshaydi. Bu muammo bir emas, bir necha marta hokimiyatning o‘zida ham muhokama etilgan...
Xalq deputatlari tuman kengashi deputati:
“...Lekin har safar shu masalani ko‘targanimizda mavzuga darrov nuqta qo‘yiladi. Bog‘ o‘z faoliyatini to‘xtatganiga 10-yildan oshdi. Hokimiyat vakillari esa juda tez fursatda o‘zgarish bo‘lishi haqida gapiradi, biroq hali-hanuz hech qanday yangilik yo‘q. Bundan umidimizni ham uzganmiz”.
Ilgari bu yerda tuman miqyosidagi katta tadbirlar, Navro‘z va Mustaqillik shodiyonalari o‘tkazilgan. Bog‘ Sergeli ahlining sevimli maskanlaridan biri bo‘lgan.
Aslidaku, tuman aholisining sonini e’tiborga olganda, mavjud bog‘ni yopish emas, 3-4 ta yangisini tashkil etish kerak edi. O‘zingiz hisoblab ko‘ring: Janubiy vokzaldan Sergeli tomonga yurganda, yo‘l-yo‘lakay No‘g‘ayqo‘rg‘on, Kubaytepa, Junariq, Yuqori darxon, Mehrigiyo, Ezgulik, Habibiy, O‘zgarish, Madadkor, Ziynat, Yangi sergeli, Sohibqiron, So‘g‘diyona, Sofdil, Qipchoq... kabi mahallalar bor. Bu hali “Yarmarka” bekatigacha bo‘lganlari. Undan narida yana shunchasini sanash mumkin. Va bu mahallalarning xar birida kamida 4-5 mingdan aholi yashaydi, 7 ming kishilik mahallalar ham bor.
© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovBivshiy park kulti i otdixa "Yangi Sergeli"
Bivshiy park kulti i otdixa Yangi Sergeli - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 15.09.2021
Bivshiy park kulti i otdixa "Yangi Sergeli"
“Hozir aholi dam olish uchun “Yo‘ldosh” shaharchasidagi “Grin park”ka yoki “Mirzo Ulug‘bek” metro bekati yonida joylashgan G‘afur G‘ulom nomidagi boqqa borishga majbur. Lekin mazkur hudud uchun ikkisi ham uzoq. Axir boqqa hordiq chiqargani borasiz. Bu bog‘larga esa borish-kelishning o‘zi charchatib qo‘yadi”, deydi deputat.
Bog‘ taqdiriga aloqador hujjatlar masalasiga aniqlik kiritish uchun shahar hokimiyatining Madaniyat boshqarmasi xodimiga qo‘ng‘iroq qildik. Mutaxassislardan ma’lumot olishga va’da berildiyu, lekin maqola bitguncha ham hech qanday axborot olishning imkoni bo‘lmadi.
Oq otli shahzoda...
Aksariyat ertaklarda oq otli shahzoda paydo bo‘lib malikani asirlikdan qutqaradi va unga uylanadi. “Yangi Sergeli” bog‘ini ham ana shunday taqdir kutgan ekan.
Xabaringiz borki, O‘zbekiston Milliy gvardiyasi respublikada ot sporti rivojiga mas’ul hisoblanadi. Bundan tashqari, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, yetim bolalarning ilm olishi, kasb egallashi va jamiyat uchun munosib insonlar bo‘lib voyaga yetishi uchun zarur choralarni ko‘rish ham mazkur tashkilot zimmasida.
“Respublikaning barcha viloyatlarida chavandozlar maktabi, tumanlarda esa seksiyalar tashkil etilmoqda, deydi Milliy gvardiya Axborot xizmati xodimi. Maqsad – farzandlarimizni ot sportiga qiziqtirish. Bunday maktablar 2022-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan”.
Ko‘zlangan xayrli maqsadlarni amalga oshirish uchun albatta joy kerak. Ayni paytda qarovsiz yotgan tashlandiq binolarning ta’mirlanib, bo‘lajak chavandozlar ixtiyoriga berilayotgani esa ayni muddao. Sergelidagi bog‘ ham bundan buyon ana shu maqsadga xizmat qiladigan ko‘rinadi. Ma’lumotlarga qaraganda, bu yerda ot sporti bo‘yicha o‘quv markazi tashkil etiladi. Mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan bolalar jalb etiladi.
Bir qaraganda, muammo o‘z yechimini topganday. Nihoyat, bog‘ning egasi paydo bo‘ladi, yetim bolalarga quvonch ulashiladi. Sport rivojlanadi... Lekin yon atrofda yashayotgan o‘n minglab aholi emin-erkin kirib chiqadigan, ularning bolalari arg‘imchoq uchadigan, jazirama issiq kunlarida suv bo‘yida yoki daraxt soyasida o‘tirib muzqaymoq yeydigan istirohat bog‘i ham kerak. Mahalliy ma’muriyat ushbu muammoni ham hal qilsa nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi.
Yangiliklar lentasi
0