Miniatyura muzeyi yangi eksponatlar bilan boyidi
Badiiy akademiya va Sharq miniatyura sanʼati muzeyi kelgusida yangi kollektsiya koʻrgazmasini tashkil etishni rejalashtirgan.
TOSHKENT, 11 sen - Sputnik. Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tizimida Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyi yangi eksponatlar bilan boyidi deb xabar qilmoqda muassasa. https://art-academy.uz
"Kollektsioner Fahriddin Abdujabborov tomonidan muzey fondiga jami 412 dona eksponat sovgʻa qilindi. Ahamiyatlisi, XVIII, XIX asrlar hamda XX asrning birinchi yarmiga oid tasviriy, amaliy sanʼat asarlari, qoʻlyozma va toshbosma namunalaridan iborat ushbu eksponatlar xalqimizning nafis sanʼati boy tarixidan soʻzlaydi", - deyilgan xabarda.
Sharq miniatyura sanʼati muzeyida miniatyura sanʼatiga oid asarlar, nodir qoʻlyozma va toshbosmalar, tarixiy hujjatlar, amaliy sanʼat asarlari va boshqa eksponatlar saqlanadi.
Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyi va Badiiy akademiya hamkorlikda kelgusida mazkur kollektsiya koʻrgazmasini tashkil etishni rejalashtirgan, deyilgan xabarda.
Ajdodlarimiz madaniy merosi namunalarini oʻzida toʻplab, koʻz qorachigʻidek asrab kelayotgan ushbu maskan fondi soʻnggi yillarda muzey ashyolari va kollektsiyalar bilan tobora boyimoqda.