“Radarlar noqonuniy jarima yozmoqda” – deputatlar IIVga murojaat qilishdi

© Press-slujba GUVD TashkentaRadar na doroge v Tashkente
Radar na doroge v Tashkente - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 10.07.2021
Obuna bo‘lish
Radarlar haydovchi va yo‘lovchilar xavfsizligi uchunmi yoki ko‘proq jarimalar yig‘ish uchunmi - deputatlar Ichki Ishlar vazirligiga murojaat qilishdi.
TOShKENT, 10-iyul – Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalq Demokratik partiyasining deputatlari Firdavs Sharipov va Sherzod Rahmonovlar yo‘llarda tezlikni oshirish uchun jarima yozayotgan radarlar naqadar qonuniy o‘rnatilganini tekshirishdi.
Qonunchilikda belgilanishiga ko‘ra, tezlikni o‘lchovchi radar qurilmalari oshkora o‘rnatilgan va bunday qurilmalar o‘rnatilgan joylarda statsionar yoki vaqtincha ogohlantirish belgilari bo‘lishi shart.
Amaliyotda esa, mobil qurilmalar aksariyat hollarda haydovchiga ko‘rinmaydigan qilib, ogohlantirish belgilarisiz qo‘llanilmoqda. Undan tashqari YHXB xodimlari tomonidan avtomobillar ichiga o‘rnatilgan radarlar ham ko‘plab qoidabuzarliklar bilan foydalanilmoqda.
Oqibatda esa fuqarolar noqonuniy jarima to‘lashga majbur bo‘lmoqda, lekin bu bilan yo‘llardagi xavfsizlik darajasi oshgani yo‘q.
“Ochig‘ini aytish kerak, “Neksiya-3” avtomobiliga radar o‘rnatib, berkinib “o‘lja poylash”dan kim manfaatdor? Xalqmi yoki YHXB? Bu bahsli va aniqlashtirilishi zarur bo‘lgan masala, deb hisoblaymiz”, - deyilgan deputatlar murojaatida.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasining bir guruh deputatlari o‘tkazgan o‘rganishlar davomida Toshkent — Andijon (A-373) yo‘nalishida tezlikni oshirmaslik bo‘yicha 100 dan ortiq "radar" belgilari o‘rnatilgan. O‘rganish kunlari (2021 yil 18-19 may) 10 dan ortiq statsionar, ko‘chma va mobil “radar”lardan foydalanilayotgani ma’lum bo‘ldi. Toshkent — Samarqand (M-34 va M-39) yo‘nalishida esa 120 dan ortiq “radar” yo‘l belgilari, o‘rganish kunlari (2021 yil 20-21 may) 20 dan ortiq “radar”lar faoliyat ko‘rsatgan.
“Kuni kecha bizning tanqidimizdan so‘ng nihoyat Toshkent shahridagi radarlar joylashgan manzillar jamoatchilikka oshkor etildi. Lekin O‘zbekiston Respublikasi faqat Toshkent shahridan iborat emas-ku, asosiy e’tirozlar hududlardan, katta magistral yo‘llardan tushayotganiga nahotki mas’ul tashkilotlar vakillari panja ortidan qarayotgan bo‘lsa?” , - deyilgan murojaatnomada.
Ichki ishlar vazirligi deputatlar va haydovchilarning asosli e’tirozlariga nisbatan munosabat bildirishlarini so‘rab qolamiz, - deyilgan deputatlar ochiq murojaatida.
Yuqoridagi vaziyatdan kelib chiqqan holda O‘zXDP fraksiyasi deputatlari Hukumatga quyidagi qat’iy takliflarni bildiradi:
Birinchidan, yo‘l harakati qoidalari chuqur tanqidiy-tahlildan o‘tkazilishi va shu asosda ularga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritilishi zarur.
Ikkinchidan, avtomobillarda harakatlangan holda maxsus moslamalar bilan tezlikni nazorat qilish amaliyotiga butunlay chek qo‘yish zarur.
Uchinchidan, nafaqat statsionar, balki barcha turdagi radarlarning joylashuvi onlayn rejimda ko‘rsatilishi kerak.
To‘rtinchidan, yo‘llarga radarlarni joylashtirish mezonlari qat’iy belgilab qo‘yilishi lozim.
Mana shu masalalar hal qilinmasa, radarlar haydovchi va yo‘lovchilar xavfsizligi uchunmi yoki ko‘proq jarimalar yig‘ish uchunmi, degan savol ochiq qolaveradi, - deyilga xabarda.
YHXBB xabariga ko‘ra, 2021-yilning yanvar-may oylarida O‘zbekistonda 2960 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan va ularda 770 kishi halok bo‘lgan, 2365 kishi jarohat olgan. Aksariyat hollarda YTH sodir bo‘lishiga qo‘yidagilar sabab bo‘lgan:
tezlikni oshirish - 27,7%;
yo‘llar nosozligi va yetarlicha jihozlanmagani - 15,4%;
yo‘l belgilariga amal qilmaslik -11,6%,
yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketish - 9,7%;
haydovchi tajribasizligi - 6,9%;
rulda uxlab qolish - 6,3%
mast holda avtomobilni boshqarish - 2,6%.
2020 yilda esa O‘zbekistonda 6982ta yo‘l-transport hodisasi ro‘y berib, ularda 1689 kishi halok bo‘lgan edi.
Yangiliklar lentasi
0