Senat diniy erkinliklarni kengaytiruvchi qonunni ma’qulladi
18:16 26.06.2021 (yangilandi: 18:17 26.06.2021)
© Sputnik / Sergey Kuznetsov
/ Obuna bo‘lish
Fuqarolaring vijdon erkinligini ta’minlovchi hamda diniy tashkilotlar uchun qo‘shimcha yengilliklar va kafolatlar beruvchi yangi qonun tayyorlanmoqda.
TOShKENT, 26-iyun — Sputnik. Senatning navbatdagi yalpi majlisida yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonun ma’qullandi, deb xabar qilmoqda Huquqiy axborot kanali.
Yangi qonunning asosiy maqsadi - vijdon erkinligini ta’minlash, diniy tashkilotlarning huquq va majburiyatlari doirasini aniq belgilash va ular uchun qo‘shimcha kafolatlarini mustahkamlash, - deyilgan xabarda.
Xususan, yangi qonunga ko‘ra quyidagilar bekor bo‘lmoqda:
fuqarolarning jamoat joylarida “ibodat liboslari”da yurishlariga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi cheklov;
diniy ta’lim mussasalarida diniy ta’lim beruvchilarga markaziy organning alohida roziligini olish talabi;
diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun notarial tasdiqlangan hujjatlarni taqdim etish tartibi;
diniy tashkilotni tuzishda mahalla fuqarolar yig‘inlari roziligini olish talabi bekor bo‘lmoqda.
Shuningdek, diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish yengillashtirilmoqda:
diniy tashkilot tuzish tashabbuskorlari soni 100dan 50 nafarga qisqartirilmoqda;
diniy tashkilotni tuzish haqidagi yig‘ilish o‘tkazilgandan keyin 6 oy mobaynida (amalda 3 oy) adliya organiga murojaat qilish huquqi mustahkamlanmoqda;
taqdim etiladigan hujjatlar soni qisqarmoqda;
ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq xizmatlar to‘liq elektron ko‘rinishda amalga oshirilishi joriy etilmoqda;
diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqishning 3 oylik muddati 1 oy etib belgilanmoqda;
ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish asoslari aniq belgilanmoqda.
Undan tashqari, diniy tashqilot faoliyatini faqatgina sud tomonidan to‘xtatib qo‘yilishi mumkinligi va boshqa qo‘shimcha kafolatlar belgilanmoqda.
Ushbu qonun O‘zbekiston prezidenti tomonidan imzolanganidan so‘ng kuchga kiradi.