Yer mulkiga oid prezident farmoni eʼlon qilindi
10:19 09.06.2021 (yangilandi: 10:22 09.06.2021)

© Sputnik / Vitaliy Timkiv
/ Oʻzbekistonda 2021 yiling 1 avgustidan boshlab yer mulkiga taaluqli barcha qonunlar jiddiy oʻzgaradi. Xususan yerni, sotib olish, ijaraga olish mumkin boʻladi. Umrbod egalik qilish, vaqtincha foydalanish huquqlari bekor qilinadi.
TOSHKENT, 9 iyun – Sputnik. Oʻzbekistonda yer huquqlarini himoya qilish, yerning iqtisodiy qiymatini belgilash va uni bozor aktiviga aylantirish maqsadida prezident farmoni qabul qilindi.
1. Ushbu farmonga muvofiq, 2021 yiling 1 avgustdan quyidagi oʻzgarishlar kuchga kiradi:
xususiy sektorga yer uchastkalari – mulk va ijara huquqi asosida beriladi;
davlat tashkilotlariga – doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi;
meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi - bekor qilinadi;
ilgari ajratilgan yer uchastkalariga boʻlgan bunday huquqlar ularning egalarida amaldagi tartibda saqlanib qoladi;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar - ochiq elektron tanlov yakunlariga koʻra, faqat ijara huquqi asosida ajratiladi;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar - mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auktsion orqali realizatsiya qilinadi;
davlat tashkilotlariga yer uchastkalari - viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi;
barcha hollarda yer uchastkalari faqat boʻsh turgan va zaxiraga olingan yerlardan ajratiladi;
bir hujjat bilan yoki bir vaqtning oʻzida yer uchastkasini olib qoʻyish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish - qonunga muvofiq javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi;
davlat-xususiy sheriklik va ijtimoiy foydali loyihalarni amalga oshirishda yer uchastkalari davlat tashkilotiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi;
koʻp kvartirali uy joylashgan va unga tutash yer uchastkasi - viloyatlar va shahar hokimlari tomonidan doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.
2. Vazirlar Mahkamasi, istisno tariqasida, quyidagi hollarda yer uchastkalarini toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berishga haqli:
davlat ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalariga;
agrosanoat klasterlariga;
qiymati kamida 10 million AQSH dollari ekvivalentida boʻlgan yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida;
3. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlariga oid qaror qabul qilish huquqi bekor qilinadi:
yer uchastkalarini toʻgʻridan-toʻgʻri ajratish, foydalanishga berish, zaxiralash, biriktirish va ho kazo;
yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni oʻzgartirish, bekor qilish;
yer toifasini oʻzgartirish;
bogʻdorchilik yoki boshqa faoliyat yuritish uchun yer berish;
xususiylashtiriladigan yer uchastkalariga mulkni erkin tasarruf etishni cheklaydigan majburiyatlar belgilash.
4. Qonunchilik hujjatlarida yer uchastkalari ajratishni nazarda tutuvchi barcha tartib, imtiyoz va istisnolar 2021 yilning 1 avgustidan toʻliq bekor qilinadi.
5. Yerga mulkiga oid qonun buzilishi holatlarini aniqlash va ularning oldini olishni muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi va joylarda hududiy kengashlar tashkil etiladi.
Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida Prezident farmoni bilan batafsil quyida tanishing.