DTM kirish imtihonlari haqida eng ko‘p so‘raladigan savollarga javob berdi

© Xokimiyat Tashkentskoy oblastiVstupitelnie ekzameni v Tashkentskiy filial "MISiS"
Vstupitelnie ekzameni v Tashkentskiy filial MISiS - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 05.06.2021
Obuna bo‘lish
DTM matbuot xizmati rahbari Orziqul Boboyev 2021 -2022 o‘quv yilida kirish imtihonlari haqida eng muhim savollarga javob berdi.
TOShKENT, 5-iyun — Sputnik. Bu yil kirish imtihonlari 5ta fandan bo‘ladi va ular 3 soatu 30 daqiqa davom etadi. Rasmiy xabarlar telegram kanali ma’lumotiga asosan.
Bu yil 5 ta fandan test sinovi belgilandi, lekin nega 3 soat 30 daqiqa berildi. O‘tgan yili 2 ta fandan 3 soat vaqt berilgan edi?
Bu vaqtinchalik tartib o‘tgan yili yurtimizda pandemiya sharoitini hisobga olgan holda joriy etilgan edi. Bu yil sharoit o‘tgan yilga qaraganda ancha barqaror, shuning uchun Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-apreldagi 261-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda belgilanganidek, har 30 ta test topshirig‘iga 1 soat vaqt ajratiladi.
Onlayn ro‘yxatdan o‘tayotganda ta’lim yo‘nalishlarini ham o‘zbek, ham rus tilidagilarini tanlasa bo‘ladimi?
Yo‘q, tanlab bo‘lmaydi. Ta’lim yo‘nalishlarini tanlashda ta’lim shakli va ta’lim tili bir xil bo‘lishi talab etiladi.
Milliy test tizimi to‘liq joriy etildimi? Hamma fanlardan sertifikat berish boshlandimi?
Bugungi kunga qadar ona tili va adabiyot, matematika, kimyo va biologiya fanlaridan joriy etib bo‘lindi. Ushbu fanlardan test sinovi o‘tkazilib, kerakli natijaga erishgan talabgorlarga milliy sertifikat topshirilmoqda.
Bulardan tashqari, garchi fizika fanidan 2022-yilda joriy etish belgilangan bo‘lsa-da, bu yil uning ustuvor fanlar sirasiga kiritilganligi bois, ushbu fandan sertifikatlashni joriy yildayoq yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Bu yildan ta’lim yo‘nalishlari sonini cheksiz tanlash mumkinligi to‘g‘rimi?
DTM abituriyentlarning ta’lim yo‘nalishlarini tanlashda cheklovlarni olib tashlashga oid takliflar ishlab chiqdi va kerakli tashkilotlarga yubordi.
️Agar bu taklif qabul qilinib, normativ-huquqiy hujjat asosida tasdiqlansa amalga oshishi mumkin. Hozircha bu borada o‘zgarish yo‘q. Shuning uchun, 5 tagacha tanlov amalda.
O‘tgan yillarda o‘tkazilgan test sinovlarida yozuvsiz xarita, jadval, rasmli ko‘rinishdagi yangi test topshiriqlari qo‘llanilgan edi. Bu yil ham qo‘llaniladimi?
Ha, albatta. Abituriyentlarning test topshiriqlarini tez anglay olishlari, fikrlashlari va vaqt tejashlari uchun joriy yilda ham tarix, geografiya, shuningdek, ingliz, nemis, fransuz tillari, biologiya va kimyo fanlaridan yozuvsiz xarita, jadval, rasmli ko‘rinishdagi test topshiriqlari bo‘ladi.
Test sinovlarida nogiron abituriyentlarga qanday xizmatlar ko‘rsatiladi?
O‘tgan ikki yillarda o‘tkazilgan test sinovlarida nogironligi bor abituriyentlarni oxirgi kunlarga qoldirish, yaqin binolarga joylashtirish, binolarga olib borish, olib kelish uchun transport ajratish imkoniyatini yaratish, test sinovi topshirish jarayonida test topshiriqlarini yechib bo‘lgan, lekin masalan, qo‘li titrab, javoblar varaqasini bo‘yashga qiynalgan nogironlarga dalolatnoma tuzish va qolgan abituriyentlarga e’lon qilgan holda yordam ko‘rsatilgan. Bu yil ham ular e’tiborsiz qoldirilmaydi.
Agar matematika fanidan milliy sertifikat olsa, majburiy va ixtisoslik fanidagi matematikaga o‘tadimi?
Yo‘q, u faqat ixtisoslik fanlari uchun amal qiladi. Majburiy fanlardan test sinovini topshirish kerak.
Elektron to‘lovni amalga oshirishda foiz ham olib qolinadi. Boshqa turda to‘lov qilsa bo‘ladimi?
To‘lovni elektron shaklda emas, eng yaqin bankka borib amalga oshirsa ham bo‘ladi. Unda ortiqcha to‘lov olinmaydi.
Milliy test tizimi doirasida matematika fanidan test topshirib, 70 foizlik sertifikat oldim. Lekin ko‘nglim to‘lmayapti, boshqatdan topshirsam bo‘ladimi?
Talabgor navbatma-navbat o‘zi tanlagan ta’lim yo‘nalishiga mos umumta’lim fanlaridan sertifikatlarga ega bo‘lishi yoki biror fandan past ball to‘plagan taqdirda, yuqori natijaga ega bo‘lish maqsadida, uni qayta topshirishi ham mumkin.
Shuningdek, abituriyent sertifikati bo‘lsa ham, o‘z ixtiyoriga ko‘ra shu fandan kirish test sinovini topshirishi ham mumkin, monelik yo‘q, bunday hollarda sertifikatdagi emas, kirish test sinovi natijasi hisobga olinadi.
Yangiliklar lentasi
0