Olis hududlarda 2 mingga yaqin oilaviy bog‘chalar tashkil qilinadi – prezident

Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 25.05.2021
Obuna bo‘lish
Shavkat Mirziyoyev oilaviy va davlat-xususiy sheriklik asosida qurilayotgan bog‘chalarga yordam hajmini oshirishni topshirdi.
TOShKENT, 25-may - Sputnik. Olis viloyatlarida 2 mingga yaqin oilaviy bog‘chalar tashkil qilinadi. Bu haqida prezident huzurida bo‘lib o‘tgan majlisda ta’kidlandi.
“53 ta tumanda 34 ming o‘rinli 2 mingta oilaviy bog‘cha tashkil etish choralari belgilandi. Bunday bog‘chalarga qo‘shimcha ishchi yollashga ruxsat berib, qabul qilinadigan bolalar sonini ikki barobar oshirish taklifi ma’qullandi”, - deyilgan xabarda.
Shuningdek, oilaviy bog‘chalarga o‘quv qo‘llanma va metodik materiallarni bepul yetkazib berish vazifasini qo‘yildi. Buning uchun davlat tomonidan jami 30 milliard so‘m ajratiladi.
Undan tashqari, bunday muassasalarni zarur jihozlar bilan ta’minlash uchun 5 foiz stavkada 30 million so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi.
Shu bilan birga Shavkat Mirziyoyev olis viloyatlarda maktabgacha ta’lim iamrovini kengaytirish maqsadida davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘chalar qurish vazifasini qo‘ydi. Bunday bog‘chalarda har bir tarbiyalanuvchi uchun qilingan xarajatlarning 50% davlat tomonidan subsidiya qilinadi.
Yig‘ilishda ushbu subsidiya miqdorini 75 foizga yetkazish, xususiy bog‘chalarning elektr energiyasi va tabiiy gaz to‘lovining 50 foizini davlat budjetidan qoplash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, pandemiya sababli to‘liq quvvatda ishlamagan davlat-xususiy sheriklik bog‘chalarning kreditlari bo‘yicha asosiy qarz to‘lovi muddati ham yil yakuniga qadar uzaytirildi.
Davlat tomonidan yangi bog‘chalar qurish ishlari ham davom ettirilmoqda. 2021-2022 yillarda 23 ta tumanning olis va chekka hududlarida 50 ta maktabgacha ta’lim muassasasi barpo etish rejalashtirilgan. Buning uchun qamrov darajasi eng past va bolalar soni 250 tadan oshgan 50 ta mahalla tanlab olingan.
Yangiliklar lentasi
0