Saida Mirziyoyeva Tretyakov galereyasiga nodir asarlarni keltirdi – video

Obuna bo‘lish
17 may kuni Moskvadagi Davlat Tretakov galereyasida “Ivan Kudrashov. Rassom tavalludining 125-yilligiga” deb nomlangan ko‘rgazma ochildi.
TOShKENT, 19-may — Sputnik. Rossiya poytaxti Moskvadagi Krimskiy Val ko‘chasida joylashgan Tretyakov galereyasida rassom-suprematist, Malevichning shogirdi Ivan Kudrashov asarlari ko‘rgazmasi ochildi.
Musavvirning asarlari Rossiya, Fransiya, Gretsiya va O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan. Ta’kidlash lozimki, kartinalarning aksariyati I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat san’at muzeyi tomonidan taqdim etildi.
“Ivan Kudrashov tavalludining 125-yilligiga” bag‘ishlangan ko‘rgazma O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan. O‘zbekiston tomonidan bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov va Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyatni va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi kengashi raisining o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ishtirok etib, nutq so‘zladi.
“Igor Saviskiy sa’y-harakatlari bilan bu asarlar uning muzeyidagi jamg‘armada saqlangan. Ular 50-yil zaxiralarda yotgan, faqat 2017-yilda Tretyakov galereyasi mutaxassislari bu ekspozitsiyalarga qiziqish bildirib, Ivan Kudrashovning mana shunday shaxsiy ko‘rgazmasini o‘tkazish istagini bildirishdi”, - dedi Mirziyoyeva ko‘rgazmaning ochilish marosimida.
Uning ta’kidlashicha, mazkur ko‘rgazma Nukus muzeyining jahon miqyosida shuhrat qozonish yo‘lidagi zafarli yurishini boshlab beradi, uning noyob kolleksiyalarini ommalashtirishga hamda O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Ivan Kudrashov (1896-1972) — rassom, grafik artist, suprematist, o‘tgan asr san’atida kosmizmning eng yirik vakili, abstrakt san’atda o‘z yo‘nalishining asoschisi, pedagog.
Ko‘rgazma rassomning suratlari, grafikalari, stenografik asarlari, shuningdek, arxiv materiallarini o‘z ichiga olgan bir nechta bo‘limlardan iborat.
Yangiliklar lentasi
0