Rasmiylar "qo‘ylar mitingi" voqeasiga izoh berdi

© AFP / DPA / KARL-JOSEF HILDENBRANDStado oves v gorax
Stado oves v gorax - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 09.04.2021
Obuna bo‘lish
TOShKENT, 9 apr - Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatidagi Nurobod tumani hokimligi binosi oldida 6 ming bosh qo‘y haydab kelingani haqida video va xabarlar tarqalgan edi.
O‘zA xabariga ko‘ra, Samarqand viloyati hokimligida Nurobod tumani sektor rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazilib, unda qo‘y haydab kelganlarga nisbatan chora ko‘rmaslik qarori qabul qilingan.
Tuman hokimi Faxriddin Zoyirovning aytishicha, tuman asosan chorvachilikka ixtisoslashgan va fermer xo‘jaliklar va aholi asosan chorvachilik bilan shug‘ullanadi.
"Ular shu paytgacha tumanimizda mavjud yaylovlardan foydalanib kelgan. Davlatimiz rahbari tomonidan 2020-yil 2-sentabrda "O‘zbekiston Respublikasida pillachilik va qorako‘lchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmon qabul qilingach, tumanimizdagi 348,2 ming gektar yaylov yerlar Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi balansiga berildi. Ana shu yerlar “Samarqand qorako‘l klaster” (151 ming gektar) hamda “SP LUXE” (197, 2 ming gektar) klaster korxonalariga ajratib berilgan. Bu korxonalar oldiga hududda chorvachilikni rivojlantirish, sohaga zamonaviy innovatsiyalarni jalb qilish, mahsulotni qayta ishlash va eksport qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish kabi vazifalar qo‘yilgan. Endilikda aholi, fermer xo‘jaliklari mazkur klaster korxonalari bilan shartnoma asosida ishlashlari talab etiladi. Bu mavjud yaylovlardan foydalanish, go‘sht, teri, jun mahsulotlari realizatsiyasi, chorva naslini yaxshilash bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Tuman hokimligi oldiga qo‘y suruvi haydab kelingan Qilichli mahallasi hududida ham “Sohibkor Hojiakbar” fermer xo‘jaligi klaster korxonasi bilan shartnoma imzolab, 1440 bosh chorvasini boqish uchun 837 gektar yaylov yer maydonini 49-yilga ijaraga olgan. Ammo fermer o‘zi uchun ajratilgan yerga ko‘rsatilganidan ko‘p miqdorda, yana 1000 boshdan ziyod qo‘y olib kelib boqqani va bu chorva mollari aholi yaylov sifatida foydalanib kelayotgan yerlarga o‘tib ketishi mumkinligi sababli fuqarolar bundan norozi sifatida ana shu qo‘y suruvini hokimlik binosi oldiga haydab kelgan. Shu kunning o‘zida klaster korxonasi ta’sischisi, fermer xo‘jaligi va aholi bilan ushbu masala yuzasidan gaplashib, fermerning belgilanganidan ortiqcha chorvasi bu yerdan chiqarib yuborildi. Shuningdek, mahalla hududida yana 2-3 ta fermer mas’uliyati cheklangan jamiyat tarzida korxona tashkil etib, ularga aholi a’zo bo‘lishi va klaster bilan shartnoma asosida ish olib borishga kelishib olindi", - deya iqtibos keltiradi hokim so‘zlaridan nashr.
Tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, 3-sektor rahbari A.Ochilov Qilichli mahallasi uning sektori hududiga kirishi va yil boshidan buyon mahallada aholi bilan to‘rt marta uchrashuv o‘tkazgan bo‘lsa-da, yaylov masalasida murojaat tushmaganini qayd etgan.
"Kechagi voqealar yangi tartib bo‘yicha aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini keng ko‘lamda olib borish lozimligini ko‘rsatdi va bu boradagi ishlarni yanada jonlantiramiz", -deya va’da bergan tuman IIB rahbari hamda ushbu holat yuzasidan hech kimga nisbatan biror bir huquqiy chora ko‘rilmasligini ma’lum qilgan.
Yangiliklar lentasi
0