Milliy gvardiya mamlakatni “yangicha” qo‘riqlaydi – asosiy o‘zgarishlar

© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovAvtomobil natsionalnoy gvardii Uzbekistana
Avtomobil natsionalnoy gvardii Uzbekistana - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 24.02.2021
Obuna bo‘lish
Prezident qarori bilan Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmati Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasi etib qayta tashkil etildi.
TOShKENT, 24 fev — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasining faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi.
Qaror bilan Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmati Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasi etib qayta tashkil etildi.
Qo‘riqlash bosh boshqarmasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
  • shartnoma asosida davlat obyektlari, muhim obyektlarni, jismoniy va uridik shaxslarning mol-mulkini, shuningdek, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning diplomatik, konsullik va boshqa vakolatxonalarini qo‘riqlash;
  • qo‘riqlanayotgan obyektlarda jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va bartaraf etish;
  • qo‘riqlash vositalari va tizimlarini qo‘llash sohasida yagona texnik siyosatni nazorat qilish, shuningdek, qo‘riqlash faoliyatiga zamonaviy AKTlarni keng miqyosda joriy etish;
  • shartnoma asosida texnik qo‘riqlash vositalarini o‘rnatish (sozlash), ularga texnik xizmat ko‘rsatish va ekspluatatsiya qilish;
  • davlat tashkilotlari, shuningdek, ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga tegishli qo‘riqlash bo‘linmalarida inspektorlik nazorat tekshiruvlarini o‘tkazish (huquq-tartibot organlari va harbiylashtirilgan tuzilmalardan tashqari), obyektlarda ichki, ruxsat berish rejimlariga rioya etilishiga doir tadbirlarni nazorat qilish va muvofiqlashtirish;
  • ommaviy tadbirlarda jamoat xavfsizligini ta’minlashda ishtirok etish, aholi gavjum joylarda jamoat tartibini saqlashda huquq-tartibot organlariga ko‘maklashish.
Shuningdek, qarorga ko‘ra, Qo‘riqlash bosh boshqarmasi mustaqil tarkibiy bo‘linma hisoblanib, o‘z vakolatlari doirasida davlat obyektlari, o‘ta muhim, toifalangan va boshqa obyektlarni, jismoniy va uridik shaxslarning mol-mulkini qo‘riqlash bo‘yicha vazifalar va funksiyalarni ko‘rsatilayotgan qo‘riqlash xizmatlari uchun tushadigan mablag‘lar hisobiga, o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlash va mustaqil xo‘jalik yuritish tamoyili asosida amalga oshiradi.
Qo‘riqlash bosh boshqarmasining shahodatlangan tarkibi Milliy gvardiyaning xodimlari hisoblanadi, huquqiy maqomi bo‘yicha ichki ishlar organlari xodimlariga tenglashtiriladi.
Qarorga ko‘ra, 1-iyuldan boshlab Qo‘riqlash bosh boshqarmasi xodimlariga har oyda ularning lavozim maoshiga 20 foiz miqdorda oylik ustama belgilanadi. Qo‘riqlash bosh boshqarmasi ishchi va xizmatchilarining lavozim maoshlarini belgilashda tarif koeffitsiyentlari o‘rtacha 2 baravargacha oshirilgan miqdorda qo‘llaniladi.
1 maydan boshlab obyektlarni qo‘riqlash tizimi «Yuqori sifat va qulay narx” tamoyili asosida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali bosqichma-bosqich takomillashtiriladi:
  • shahodatlangan tarkib tomonidan qo‘riqlanadigan obyektlarni bosqichma-bosqich harbiylashtirilgan soqchilik bo‘linmalariga o‘tkazish;
  • maqbullashtirilgan aralash qo‘riqlash turlarini joriy qilish;
  • zamonaviy texnik qo‘riqlash vositalarini joriy etish orqali jismoniy qo‘riqlashni qisqartirib borish.
Ushbu chora-tadbirlar uch bosqichda amalga oshiriladi:
- 2022-yil 1-yanvarga qadar — vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, hokimliklarning ma’muriy binolari, o‘quv va madaniy muassasalar, chakana amaliyot kassalari, bank xizmatlari markazlari;
- 2022-yil 1-iyulga qadar — ishlab chiqarish obyektlari, bozorlar, savdo markazlari, teleradiouzatuv obyektlari, suv inshootlari;
- 2023-yil 1-yanvarga qadar — bank binolari va boshqa obyektlar.
Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti, Ixtisoslashtirilgan o‘quv markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax va Farg‘ona mintaqaviy o‘quv markazlari bazasida Qo‘riqlash bosh boshqarmasining harbiylashtirilgan soqchilik bo‘linmalari ishchi va xizmatchilarini boshlang‘ich tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tashkil etiladi.
Shuningdek, qaror bilan Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasi to‘g‘risidagi nizom hamdan uning tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.
Qaror imzolangan kun, ya’ni 20-fevraldan boshlab qonuniy kuchga kirdi.
Yangiliklar lentasi
0