TOShKENT, 30 dek — Sputnik. Respublika maxsus komissiyasi Yangi yil tadbirlarini 30 kishidan ko‘p bo‘lgan hamda koronavirusga test topshirgan holda nishonlashga ruxsat berdi. Ushbu qarorni qabul qilishda mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyatning biroz barqarorlashgani inobatga olingan.
2020 yil 31-dekabr va 2021-yil 1-yanvar kunlari to‘yxona, mehmonxona, restoran hamda kafelarda 30 kishidan ko‘p bo‘lgan ko‘ngilochar tadbirlarni koronavirusga PZR test yoki ekspress-test tekshiruvi asosida tashkil etilishiga istisno tariqasida ruxsat beriladi.
30 kishidan ko‘p bo‘lgan ko‘ngilochar tadbirlarni tashkil etuvchi to‘yxona, mehmonxona, restoran va kafelarda:
- shartnoma asosida sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini jalb etgan holda epidemiologik tartiblarga rioya etilishi ustidan nazorat o‘rnatilishi;
- koronavirusga PZR test natijasi bo‘lmagan tashrif buyuruvchilar uchun xususiy laboratoriya yoki sanitariya-epidemiologiya xizmati bilan shartnoma asosida joyida koronavirusga ekspress-test tekshiruvini yo‘lga qo‘yilishi talab etiladi.
Maxsus komissiya fuqarolardan tibbiy niqoblardan to‘g‘ri foydalanib, qo‘yilgan talablarga qat’iy rioya etishlarini so‘ragan.