TOShKENT, 26 dek — Sputnik. Buyuk Britaniyada aniqlangan koronavirusning yangi shtammi oldingilaridan ancha xavfliroq bo‘lishi mumkin. Londondagi gigiyena va tropik tibbiyot qoshidagi yuqumli kasalliklarni matematik modellashtirish markazi mutaxassislari shunday xulosaga kelishdi, deyiladi MedicalXpress portalida.
Olimlar ma’lumotlariga ko‘ra, yangi shtamm oldingisiga nisbatan ancha, 56%ga xavfliroq, mutaxassislar fikriga ko‘ra, ushbu xususiyat yangi kasallanganlar tufayli kasalxonalarning to‘lib ketishiga olib keladi.
Tadqiqotchilarning ta’kidiga ko‘ra, Buyuk Britaniyada pandemiya vaqtida cheklov choralarining saqlanib qolishi, hatto lokdaun ham ushbu ssenariy yuz berishining oldini ololmaydi.
Shu bilan birga, cheklov choralarining oz bo‘lsada yumshatilishi kasallar sonining shiddat bilan oshishiga olib keladi.
Mavjud virus mutatsiyasi
Sal avval Rossiya Davlat dumasi deputati Gennadiy Onishenko RT bilan suhbatda, Buyuk Britaniyada aniqlangan koronavirus mutatsiyasi - bu mavjud virus mutatsiyasi, yangi shtamm emasligini aytgan edi.
Ekspert fikriga ko‘ra, virus mutatsiyaga uchrab, odamlar orasida yanada jadallik bilan va agressiv ravishda tarqalmoqda.
"Britancha" shtamm
Sal oldin Buyuk Britaniyada SARS-CoV-2 koronavirusining yangi mutatsiyasi aniqlangani haqida ma’lum bo‘lgan edi.
Britaniyaning yangi va yuzaga kelayotgan respiratorli virus xavflari bo‘yicha maslahatlashuv kengashi mamlakatda aniqlangan koronavirusning yangi turi katta tezlikda tarqalayotgani va aholidan yanada ko‘proq ehtiyotkorlikni talab etishini ma’lum qilgan edi. Koronavirusning ushbu turi sakkizta davlatda aniqlandi.
Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan O‘zbekistonda 21 - dekabr sanasidan 2021-yil 10 - yanvarga qadar Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va Janubiy Afrika Respublikasi davlatlari bilan xalqaro aviareyslar (kirish, chiqish va tranzit reyslar orqali respublikaga kirish) to‘xtatiladi.
Ushbu chora dunyodagi epidemiologik vaziyatning tezkor keskinlashuvi sharoitida mamlakatda epidemiologik barqarorlikni saqlab qolish, koronavirus infeksiyasi tarqalishining yangi o‘choqlari paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qabul qilingan.
Rossiya ham 22-dekabrdan Britaniya bilan avia-parvozlarni to‘xtatgan.