TOShKENT, 21 dek — Sputnik. Sirdaryo viloyati Shirin shahar hokimligi 15 yoshli voyaga yetmagan qiz X.A.ning videomurojaatiga munosabat bildirdi. Qiz o‘z murojaatida o‘gay onasi unga yomon munosabatda bo‘layotgani, ko‘p hollarda doimiy ruhiy bosim o‘tkazib, kaltaklab kelayotganini ma’lum qilgan.
Hokimlik xabariga ko‘ra, X.A ning buvisi R.M. Shirin shahar IIBga ariza bilan murojaat qilib, X.A.ning o‘gay onasi N.Z. uni urib tan jarohati yetkazganligi uchun qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.
Ushbu murojaatga asosan tergovga qadar tekshirish o‘tkazilib, X.A.ga “sog‘liqning qisqa muddati buzilishiga sabab bo‘lmagan yengil shikast” yetkazganligi sababli O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 52-moddasi 2-qismi bilan Ma’muriy ishlar bo‘yicha Shirin shahar sudiga yuborilgan.
Ishni sudda ko‘rish vaqtida X.A. ko‘rsatmalarini o‘zgartirib, o‘gay onasi uni muntazam ravishda qiynab, uyatsiz buzuq harakatlar sodir etganini bayon etgan. Shu sababli ish holatiga aniqlik kiritish maqsadida holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 129-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Mahalla tizimi xodimlari bilan suhbatda N.Z. o‘gay qizini uy umushlarida aytganlarini qilmaganligi uchun shu tarzda “tarbiyalaganligini” iddao qilib, afsusdaligini bildirgan.
Hozirgi kunda qizning o‘gay onasi N.Z. ga nisbatan JKning 129-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) va 110-moddalari (Qiynash) bilan ayblov e’lon qilingan.
Tergov harakatlari yakunlanmoqda.