TOShKENT, 21 dek — Sputnik. Islom taraqqiyot banki (ITB) direktorlar Kengashi O‘zbekistonda umumiy qiymati 509,2 mln dollarga teng bo‘lgan ikkita yirik va iqtisodiy jihatdan ahamiyatli loyihani moliyalashtirishni ma’qulladi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabar qildi.
200 mln dollarlik birinchi loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shuningdek, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida bir qator infratuzilmaviy va ijtimoiy obyektlarni modernizatsiya qilishni ko‘zda tutadi.
Loyiha doirasida 1161 km suv ta’minoti tizimlari, 626 km massiv ichidagi va massivga olib boruvchi yo‘llar, 1154 km past kuchlanishli elektr liniyalari, 693 km irrigatsiya va drenaj tarmoqlari, 155 o‘quv, tibbiy va 100dan ortiq boshqa inshootlarni qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.
Bank tomonidan 80 mln dollar ajratilayotgan ikkinchi loyiha mahalliy klinikalarni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash orqali saraton kasalligiga chalingan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini har tomonlama takomillashtirish dasturining ikkinchi bosqichini amalga oshirishni ko‘zda tutadi.
Loyihaning amalga oshirilishi saraton kasaligini erta bosqichlarda aniqlashni yo‘lga qo‘yish va umuman davolash sifatini yaxshilash imkonini beradi. 1,8 mln nafardan ortiq ayollar diagnostika skriningdan o‘tishga va 150 ming saraton bilan kasallangan bemorlar sifatli tibbiy yordam olishga muvaffaq bo‘ladilar.
Avvalroq mazkur dasturning birinchi bosqichi doirasida Islom taraqqiyot banki tomonidan 37 mln dollar miqdorida mablag‘ ajratilgan edi.