TOShKENT, 21 dek — Sputnik. Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatlari, jumladan, Yevropa Ittifoqiga a’zo kamida 14 ta davlat, Buyuk Britaniyada koronavirusning yanada yuqumliroq turi aniqlangandan so‘ng u bilan transport aloqasini to‘xtatib qo‘yish yoki cheklashga qaror qildi.
Koronavirusning yangi turi Birlashgan qirollikda dekabr o‘rtasida aniqlangan. Mamlakat bosh vaziri Boris Jonson bu shtamm birinchisiga qaraganda 70 foizga yuqumliroq ekanini ma’lum qildi.
Niderlandiya hukumati birinchilardan bo‘lib Britaniya bilan parvozlarni 1-yanvargacha to‘xtatib qo‘yishini bildirdi. Uning ortidan Belgiya Qirollik bilan chegaralarini yopdi. Shu bois London va Brussel va London va Amsterdam o‘rtasidagi temir yo‘l aloqalari bekor qilingan.
Shuningdek, Italiya, Germaniya, Bolgariya, Irlandiya, Litva, Latviya va Finlyandiya Britaniya bilan parvozlarni to‘xtatib qo‘ydi.
Fransiya 48 soatga barcha transport aloqalarini to‘xtatishga qaror qildi. Shvetsiya bu mamlakatdan kelayotganlarning kirishini taqiqladi, Gretsiya ular uchun yetti kunlik, Kipr ikki haftalik karantin joriy etdi, Ispaniya esa Birlashgan Qirollikdan kelayotganlarni nazorat qilishni kuchaytirdi.
Yevroittifoq mamlakatlaridan tashqari Isroil,Turkiya, Kanada va Argentina ham Britaniya bilan parvozlarni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Saudiya Arabistoni esa o‘z chegaralarini bir haftaga to‘liq yopib, barcha xalqaro reyslarni bekor qildi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirusning yangi turi Daniya, Niderlandiya va Avstraliyada ham aniqlangan. JAR va Italiya hukumati ham yangi shtamm aniqlangani xabar qildi.
Virusning yangi turi Buyuk Britaniyada paydo bo‘lgani yoki u tashqaridan olib kirilgani haqidagi ma’lumot hozircha yo‘q. London va Angliyaning janubiy-sharqida lokdaun joriy etilgan. London aholisi hukumat cheklovlarni qat’iylashtirgandan so‘ng ommaviy ravishda shaharni tark eta boshladi.
Buyuk Britaniya hukumati 20-dekabr kuni mamlakatda sutka davomida rekord darajadagi 35,9 mingta yangi koronavirus bilan kasallanish aniqlanganini xabar qildi.