TOSHKENT, 17 dek — Sputnik. Toshkent viloyatining hokimi Rustam Xolmatov va Qibray tumani hokimi Miraʼzam Mirkasimovga “hayfsan” intizomiy jazo chorasi eʼlon qilindi. Ular kelgusida bunday holatlar takrorlangan taqdirda, egallab turgan lavozimida qolishi masalasi koʻrib chiqilishi toʻgʻrisida qatʼiy ogohlantirildi.
Bu haqda Bosh vazir Abdulla Aripovning tegishli farmoyishi chiqarildi, deb xabar qildi OʻzA.
Farmoyishda aytilishicha, Toshkent viloyati va Qibray tumani hokimlarining yuridik shaxslarga yer uchastkasi ajratish yuzasidan qabul qilgan qarorlarida qonunchilik talablarining buzilish holatlari aniqlangan. Kelgusida bunday holatlarga yoʻl qoʻyilmasligini taʼminlash, shuningdek, bu borada hududlar rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini yanada oshirish maqsadida hokimlarga intizomiy jazo berilgan.