TOSHKENT, 18 dek - Sputnik. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Nukus shahrida oʻz ish haqini vaqtida ololmagan va shu bois avtomobil qatnov yoʻlida norozilik namoyishi oʻtkazgan ayollar ishini tezkorlik bilan oʻrganib chiqdi.
Idora xabarida keltirilishicha, noyabr oyida "Temir daftar"ga, "Ayollar daftari"ga kiritilgan kambagʻal oilalarning mehnatga layoqatli aʼzolarining bandligiga koʻmaklashish maqsadida Nukus shahrida 1 184 nafar ishsiz fuqaro qoʻshimcha ravishda mahalla fuqarolari yigʻinlari buyurtmasiga asosan jamoat ishlariga jalb etilgan va ularga 817 million soʻm ish haqi hisoblangan.
Amaldagi tartibga muvofiq, buyurtmachi – ish beruvchi tomonidan jamoat ishlarida bajarilgan ish hajmi toʻgʻrisida dalolatnoma, jamoat ishiga qatnashganligini tasdiqlovchi qaydnoma (tabel) taqdim etilganidan soʻng mazkur hujjatlar aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan koʻrib chiqilib, Jamoat ishlari jamgʻarmasidan qoʻshimcha mablagʻlari moliyalashtirilib beriladi.
"Yuqoridagi holat yuzasidan tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish, ularni oʻz vaqtida koʻrib chiqish va moliyalashtirishda mutasaddi xodimlar tomonidan oʻz vaqtida hal qilinmaganligi sababli Jamoat ishlari jamgʻarmasi tomonidan pul mablagʻlari joriy yil 5 dekabr kuni oʻrniga 15 va 17 dekabr kunlari oʻtkazilgan", - deya tushuntirgan vazirlik.
Hozirgi kunga kadar fuqarolarga 226 million soʻm ish haqi toʻlab berilgani, qolgan 591 million soʻm mablagʻ Nukus shahar aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan 18 dekabr kuni toʻliq toʻlab berilishi aytilmoqda.
Oʻrganish yakuni bilan aybdor shaxslarga nisbatan intizomiy choralar koʻriladi. Mablagʻlar toʻliq toʻlab berilgani va aybdor mansabdor shasxlarga choralar koʻrilganligi toʻgʻrisida maʼlumot koʻshimcha taqdim etiladi, deb xabar qilgan vazirlik.