TOSHKENT, 18 dek - Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston MDH davlatlari bilan savdo aloqalarini chuqurlashtirishda davom etadi, deya bayonot qildi. Davlat rahbari bu haqda, bugun, 18 dekabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashining videoanjuman shaklidagi majlisida aytdi.
"Oʻtgan yil davomida MDHga aʼzo davlatlar bilan savdo aloqalari hamji sezilarli ortdi, alohida davlatlar bilan bu koʻrsatkich 20%dan ortiqni tashkil etdi. MDH davlatlari oʻrtasida imzolangan erkin savdo zonalari toʻgʻrisida tuzilgan bitim doirasida biz bundan keyin ham oʻzaro manfaatli aloqalarni chuqurlashtirganmiz", dedi Mirziyoyev.
Mirziyoyev, "yashil" va "soddalashtirilgan" yoʻlaklar joriy etilishi bunda muhim ahamiyat kasb etishiga urgʻu berdi.
Oʻzbekiston rahbari oʻz nutqida MDH ishtirokchi-davlatlari rahbarlariga quyidagi takliflar bilan murojaat qildi:
- MDH doirasida "Elektron savdoni" rivojlantirish boʻyicha "Yoʻl xaritasi"ni qabul qilish;
- Sanoat kooperatsiya kompleks dasturini ishlab chiqish - bunda gap agrosanoat sektori, avtomobilsozlik sohasi, elektrotexnika, yengil va oziq-ovqat sanoati, farmotsevtika va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikdagi klasterlarni tashkil etish xususida bormoqda;
- Transport yoʻlaklarining raqobatbardoshligini oshirish, texnik reglament va standartlarning oʻzaro uygʻunligi, oʻzaro kelishilgan tarif siyosatini yuritish va oʻzaro imtiyozlar berilishi - transport sohasi oldida turgan muhim vazifalardir;
- Oʻzbekiston mamlakatlar bilan oʻzaro avia-parvozlar imkon qadar qisqa vaqtlarda, barcha sanitar talablarga rioya qilingan holda qayta tiklanishi tarafdoridir. "Bu biznes, gumanitar va turistik yoʻnalishlarda oʻzaro almashinuv qayta tiklanishiga yordam berardi", - deb qayd etdi Mirziyoyev.
- Shuningdek, ushbu tashkilotga aʼzo mamlakatlarda mehnat faoliyatini yuritayotgan MDH davlatlari fuqarolarining ijtimoiy va huquqiy muhofazasi masalasi nihoyatda dolzarb boʻlib turibdi. "Bizni fikrimizcha, MDH doirasida mehnat migrantlari hujjatlari oʻzaro tan olinishining yagona tizimini yaratish vaqti keldi. Shu bilan birga davlat va biznes manfaatlari bilan bir qatorda ishchilar manfaatlarini inobatga olish va oʻzaro uygʻunlashtirish juda muhim. Shu oʻrinda, mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik dasturini ishlab chiqish va qabul qilishni taklif etamiz", - dedi Oʻzbekiston rahbari.
Bugungi kunda ommaviy kasallanish holatlari va epidemiya bilan bogʻliq boʻlgan favqulodda vaziyatlar ustidan monitoring nazoratini oʻrnatish va ularni tezkor bartaraf etishning samarali tizimini shakllantirish ayniqsa dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Oʻzbekiston MDH davlatlari doirasida tegishli shartnomani tayyorlanishini imkon qadar tezlashtirishni muhim deb biladi. Shu oʻrinda, Oʻzbekiston kasallik profilaktikasi uchun MDHning barcha davlatlarida har yili ommaviy madaniy-sport tadbirlarini tashkillashtirgan holda "Salomatlik marafoni"ni oʻtkazish taklifini ilgari surdi.
Oʻzbekiston prezidenti, MDHga aʼzo davlatlar rahbarlariga murojaatida Afgʻonistonda tinchlikni oʻrnatish boʻyicha amalga oshirilayotgan sayi-harakatlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.
"Bu mamlakatda tinchlikning oʻrnatilishi MDH maydonida xavfsizlik va barqarorlik oʻrnatilishida muhim omillardan biridir. Bu shuningdek, bizning davlatlar uchun Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda yangi imkoniyatlarni ochadi", - deb qayd etdi Mirziyoyev.