TOShKENT, 16 dek — Sputnik. Navoiy shahridagi erkin iqtisodiy-industrial zonasida joylashgan “Telekom Devices PRO” MChJ tomonidan milliy ruhda dasturlashtirilgan “O‘zbekiston” smartfonlari ishlab chiqarilmoqda.
64 gigabayt xotira quvvatiga ega ushbu smartfonlar Aloqa vazirligi topshirig‘iga asosan MChJning loyihani mahalliylashtirish va tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha mutaxassisi Zarnigor Jumanova loyihasi asosida yaratilgan bo‘lib, milliylik nuqtayi nazaridan ichki bozorga mo‘ljallab tayyorlangan.
O‘zA xabariga ko‘ra, “O‘zbekiston” milliy smartfonlari o‘ziga xos milliy dizayn va zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lib, uning dasturiy ta’minoti o‘zbekona tusga egaligi bilan ahamiyatlidir.
Mobil aloqa vositasiga O‘zbekiston prezidenti asarlari, mumtoz va zamonaviy o‘zbek adabiyotining nodir namunalari jamlanmasi, radioinssenerovkalar, 100 dan ortiq o‘zbek kuy va qo‘shiqlari , shuningdek, mamlakatningning eng diqqatga sazovor go‘shalari tasviri tushirilgan foto-albomlar yuklangan.
Bundan tashqari, “Hukumat” dasturi ham kiritilgan bo‘lib, dasturga barcha vazirliklar, to‘rt hokimiyat tizimi ishonch telefonlari joylashtirilgan. Telefon raqamlar o‘zgarishi bilan bog‘liq hollarda dastur avtomatik tarzda yangi raqamlarni kiritish xususiyatiga ham ega.
"Ayniqsa, telefon panelining markaziy qismiga O‘zbekiston Respublikasi gerbi tushirilishi o‘ziga xos yangilik bo‘ldi. Shu bilan birga mahsulot milliy brend ekanligini hisobga olib, telefonlarni maxsus sovg‘abop qutilarga joyladik. Boshlanishiga 3000 dona “O‘zbekiston” smartfonlari ishlab chiqargan bo‘lsak, ayni paytda mahsulotimizning 50 foizdan ko‘prog‘i sotildi”, – deydi “Telekom Devices PRO” MChJ rahbari N.Rahimov.
Bundan tashqari, bolalar telefon qo‘l soatlari, CDMA 450 standartidagi statsionar telefonlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yilgan.
Hozirda qo‘shni mamlakatlarga eksport qilish yuzasidan muzokaralar ham olib borilmoqda.