TOShKENT, 10 dek — Sputnik. Innovatsion rivojlanish vazirligi binosida O‘zbekistonda yangi koronavirus rekombinant vaksinasi (CHO hujayra) xalqaro klinik sinovlarining uchinchi bosqichi boshlanishiga bag‘ishlangan marosim o‘tkazildi.
“Innovatsion rivojlanish hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari tomonidan Xitoyning Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya institutining ishlanmasi asosida “Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co., Ltd” kompaniyasi ishlab chiqqan koronavirusga qarshi vaksinaning uchinchi bosqich klinik sinovlarini o‘tkazish ishlari boshlandi”, - deyilgan vazirlik xabarida.
Ta’kidlanishicha, Xitoydagi O‘zbekiston elchixonasi yordamida O‘zbekistonga “Zhifei” kompaniyasi tomonidan 6000 dona sinov vaksinasi (50% haqiqiy vaksina, 50 % platsebo), 12 ming dona PZR testlar, 8 ming dona antitanalarni aniqlovchi testlar xamda barcha ishlatiladigan yordamchi materiallar (shpris, niqob, ko‘zoynak, krioprobirkalar, homiladorlik testlari) olib kelindi.
O‘zbekiston Xitoy bilan birgalikda vaksina ishlab chiqishda ishtirok etadi
Klinik sinovlarni o‘tkazish uchun jami 5 ming nafar ko‘ngillilar tanlab olingan. Jarayonning etik jihatlarini e’tiborga olgan holda ko‘ngillilarning shaxsi oshkor qilinmasligiga kelishilgan.
Innovatsion rivojlanish vazirligi rahbariyatining 20 ta ko‘ngilli oila a’zolari Xitoydan olib kelingan rekombinant vaksina bilan birinchi dozada emlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda COVID-19 ga qarshi Xitoy vaksinasining klinik sinovlari o‘tkazilishi xabar qilingan edi. O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev Sputnik O‘zbekiston muxbiri bilan suhbatda ushbu vaksina namunalari O‘zbekistondagi farmqo‘mitasida zarur sinovlardan o‘tgandan keyin odamlarda sinov ko‘rish boshlashini ma’lum qilgan edi.
Bundan tashqari, 4-dekabr kuni Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov O‘zbekistonga shaxsan COVID-19ga qarshi "Cputnik V" vaksinasi namunalarini olib kelgan edi. Namunalar ular sinovlardan o‘tkazilishi uchun O‘zbekiston tomoniga topshirilgan. Shundan so‘ng vaksina ro‘yxatdan o‘tkazilishi va O‘zbekiston hududida ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.
SSV biror mamlakatning vaksinasi ijobiy ko‘rsatkichlar qayd etgani ilmiy isbotlansagina, uni xarid qilish, sotib olingan vaksinani saqlash va tashish bilan bog‘liq masalalar tegishli mezonlar asosida ko‘rib chiqishini ta’kidlagan.