TOShKENT, 10 dek — Sputnik. Rossiyalik taniqli reper va bastakor Alisher Valeyev (taxallusi Morgenshtern) O‘zbekistonga keldi. Bu u haqda Instagram sahifasidagi Stories orqali ma’lum qildi.
“Xo‘sh, janoblar, biz qayerda ekanligimizni kim topdi? Biz O‘zbekistondamiz... O‘sha afsonaviy “Merin”ni (Mercedes-Benz E200 – tahr.) g‘olibga olib borib beramiz”, - dedi u.
Morgenshtern mashinasi uchun o‘tkazgan tanlovda Buxoroda yashovchi @aza_1002 akkaunti egasi g‘olib bo‘lgan edi.
Jonli efirdan so‘ng Morgenshtern mashinasini O‘zbekistonga olib kirish narxini bilgach, Instagram’da videomurojaat bilan chiqqan edi.
“O‘zbekistonda mashinani ‘rastamojka’ qilish qancha turishini bilasizlarmi? Bitta mashinaning puli ekan”, — degandi u o‘shanda.
Keyin u O‘zbekiston hukumatidan ushbu masalada amaliy ko‘mak berishni so‘ragan edi. Shu bilan birga, Morgenshtern O‘zbekistonga tashrifi yuqori saviyada o‘tishini va yangi tarixning debochasi bo‘lishini va’da qilgan edi.
Davlat bojxona qo‘mitasining hisob-kitoblariga ko‘ra, reperning mashinasini O‘zbekistonga olib kelish uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan boj to‘lovi 353 801 986,83 so‘mni tashkil etgan.