TOShKENT, 8 dek — Sputnik. O‘zbekiston AQShning diniy erkinlik bo‘yicha “Maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxati” (Special Watch List)dan chiqarildi.
AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo bayonotida ta’kidlanishicha, so‘nggi yillardagi islohotlar AQSh hukumatining bunday xulosaga kelishiga turtki bergan.
“So‘nggi bir yil ichida hukumatlari erishgan muhim, aniq yutuqlarga asoslanib, Sudan va O‘zbekiston maxsus kuzatuv ro‘yxatidan chiqarilganligini e’lon qilishdan mamnunman. Ularning qonunlari va amaliyotdagi jasoratli islohotlari boshqalar uchun o‘rnakdir”, - deyiladi Pompeoning bayonotida.
Tojikiston va Turkmaniston esa alohida tashvishga sabab bo‘layotgan davlatlar qatoriga kiritilgan.
Avvalroq Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSh komissiyasi O‘zbekistonni “alohida xavotirga molik davlatlar” ro‘yxatidan chiqargan edi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida so‘zlagan nutqida mamlakatda diniy erkinlik borasida ham vaziyat keskin yaxshilangani, millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash mamlakat uchun doimiy muhim vazifa ekanini ta’kidlagan edi.