TOShKENT, 8 dek - Sputnik. Qizil kitobga kiritilgan yettita itolg‘i lochinlarni kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekistondan olib chiqib ketishga uringan shaxs qo‘lga olindi. Erkak qushlarni qanotlarini skotchlab, ko‘z va oyoqlarini mahkam bog‘lagan holda, sumkaga zich joylab olib ketayotgan bo‘lgan. Bu haqda bojxona qo‘mitasi xabar bermoqda.
Erkak Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan birgalikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan.
Shaharning chegaradosh hududida harakatlanayotgan shaxs tezkor xodimlar tomonidan kuzatuvga olinganini sezib qolgach, shu yerdagi uylardan biriga qochib kirgan va yashirinishga uringan. Xonadon ko‘zdan kechirilib, qochishga uringan shaxsning qo‘lidagi sumkasi ochib ko‘rilganida, uning ichida 7 bosh lochin borligi aniqlangan.
Atrofdagilarga kontrabanda tovarni sezdirmaslik maqsadida ushbu shaxs qushlarning ko‘zi, oyoqlarini bog‘lab, qanotlarini esa skotchlab tashlagan. ular sumkaga zich holatda joylashtirilgan bo‘lib, bu holatni qushlarga nisbatan vahshiylik deb izohlash mumkin.
Hozirda mazkur lochinlar Toshkent hayvonot bog‘ida saqlanmoqda. Keltirilgan kuni ularning 4 nafari og‘ir ahvoda bo‘lgan. Hayvonot bog‘i veterinarlari tomonidan ko‘rsatilgan muolaja va parvarishlardan so‘ng ularning ahvoli yaxshilangan.
Amaldagi tartiblarga ko‘ra, lochinlarga chip o‘rnatilgan va endi ular Xalqaro reyestrga kiritilgan. 90 kunlik karantin sharoitidagi parvarishdan so‘ng lochinlar yana ona-tabiat qo‘yniga uchirib yuboriladi.
O‘zbekiston Respublikasining 2019-yilda chop etilgan Qizil kitobiga "Itolg‘i" nomi bilan kiritilgan ushbu lochinlar asosan G‘arbiy Tan-Shan va Hisor-Oloy tog‘ tizmalari hamda Qizilqum cho‘lida uchraydi. So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatda bu kabi itolg‘i lochinlari keskin kamayib, hozirda atigi 70 juft saqlanib qolgani taxmin qilinadi.
"Lochinlarni noqonuniy ravishda olib chiqishga uringan shaxslar ularning har birining bahosini o‘rtacha 30 mln. so‘mdan ekanligini ta’kidlashgan. Vaholanki, dunyo bo‘ylab qora bozorlarda lochinlarning narxi 15 ming AQSh dollaridan 150 ming AQSh dollarigacha baholanadi. Ularning qo‘lga o‘rgatilganlari esa hattoki bir necha million dollar turadi", - deyiladi xabarda.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.