Milliy gvardiya to‘g‘risidagi qonun e’lon qilindi

© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovAvtomobil natsionalnoy gvardii Uzbekistana
Avtomobil natsionalnoy gvardii Uzbekistana - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va xodimlari xizmatni o‘tash vaqtida daxlsizlik huquqiga ega bo‘ladi. Ular Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi mumkin emas.

TOShKENT, 7 dek — Sputnik. O‘zbekiston Milliy gvardiyasi to‘g‘risidagi qonun e’lon qilindi. Bu haqda “Norma” axborot huquqiy portali xabar qildi.

Ushbu qonun 2019-yilda qabul qilingan. Mamlakat prezidenti tomonidan 2020-yil 18-noyabrda imzolangan bo‘lib, yarim yildan keyin kuchga kiradi.

Hujjat bilan quyidagilar tartibga solinadi:

  • Milliy gvardiyaning huquqiy maqomi va asosiy vazifalari, davlat organlari va boshqa tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar bilan hamkorligi;
  • Milliy gvardiya faoliyatini tashkil etish — tizimi, bo‘ysunishi va hisobdorligi masalalari, mansabdor shaxslarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish, Milliy gvardiya hay’ati tarkibi va maqomi;
  • harbiy xizmatchilar va xizmat xodimlari tomonidan xizmat o‘tash tartibi va shartlari — xizmatga qabul qilish va qasamod qilish, harbiy xizmatchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish jihatlari, xizmatdan bo‘shatish va xizmatga tiklash, xizmat muddatlari va ularni uzaytirish uchun asoslar, shuningdek, harbiy va maxsus unvonlar berish;

Milliy gvardiyaning huquq va majburiyatlari;

  • harbiy xizmatchilar (xodimlar) tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni, o‘qotar qurolni qo‘llash, tashkilotlarning va fuqarolarning transport vositalaridan foydalanish;
  • harbiy xizmatchilarni va xodimlarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish, shuningdek, ularning sog‘lig‘ini saqlash, uy-joy maydoni bilan ta’minlash, pensiya ta’minoti va boshqalar.

Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining va xodimining o‘z vakolatlari doirasida qo‘yilgan qonuniy talablari barcha davlat organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir. Shuningdek, zarur bo‘lgan axborot, hujjatlar va boshqa materiallar ularning qonuniy talabi bo‘yicha bepul taqdim etiladi. Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi va xodimining qonuniy talablari ustidan shikoyat qilinishi ularning bajarilishini to‘xtatib turmaydi.

Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va xodimlari xizmatni o‘tash vaqtida daxlsizlik huquqiga ega bo‘ladi. Ular tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi mumkin emas.

Shu bilan birga, harbiy xizmatchilar (xodimlar) qonunga xilof harakatlari yoki harakatsizligi, xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi. Xususan, jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning o‘rni Milliy gvardiya tomonidan budjetdan tashqari jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanishi lozim bo‘lib, ushbu summa keyinchalik aybdor shaxsdan undirib olinadi. Hujjat 2021-yil 20-maydan kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, Senat 2019-yil 14-dekabrida mamlakat Milliy gvardiyasi to‘g‘risidagi qonunni qabul qilgan edi.

Yangiliklar lentasi
0