TOShKENT, 2 dek — Sputnik. O‘zbekiston va Afg‘oniston Transafg‘on temir yo‘l yo‘lagini barpo etish loyihasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yetakchi mamlakatlar va xalqaro moliyaviy institutlarga qo‘shma murojaat yo‘llaydi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani telefon orqali muloqot chog‘ida bu borada kelishib oldi.
Ikki davlat yetakchilari “Surxon – Puli Xumri” yo‘nalishida elektr uzatish liniyasini qurish loyihasini jadallashtirish masalalari muvofiqlashtirdi.
G‘ani Afg‘onistonning ko‘p millatli xalqi nomidan O‘zbekiston rahbariga afg‘onlararo tinchlik jarayonini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani hamda ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, shu jumladan koronavirusga qarshi kurashish davrida amaliy yordam ko‘rsatayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Prezidentlar ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik sur’ati ortib borayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdilar.
“Pandemiya oqibatlariga qaramay, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi sezilarli ko‘paydi, biznes aloqalari faollashdi. Ikki mamlakat tadbirkorlari uchun noyob imkoniyatlarga ega “Termiz” xalqaro savdo markazi tashkil etildi”, - deyilgan xabarda.
Savdo hajmini ikki barobar ko‘paytirish uchun huquqiy bazani takomillashtirish, savdo uylari tarmog‘ini kengaytirish va yangi kooperatsiya loyihalari to‘plamini shakllantirish masalalari o‘rganilmoqda.
Prezidentlar o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha Jeneva xalqaro konferensiyasining asosiy natijalarini yuksak baholadilar.
Mintaqada o‘zaro bog‘liqlikni yanada mustahkamlash, Afg‘onistonni xalqaro savdo-iqtisodiy aloqalarga integratsiya qilishga qaratilgan ustuvor loyihalarni ilgari surish muhimligi qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Osiyo taraqqiyot banki (OTB) "Surxon-Puli-Xumri" elektr uzatish liniyasi qurish loyihasiga 110 mln dollar ajratishgani xabar qilingan edi. Yaqin kelajakda "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ va "Da Afghanistan Breshna Sherkat” ushbu EULni qurishga kirishadi.