TOShKENT, 2 dek — Sputnik. Farg‘onadagi futbolda ro‘y bergan janjal bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatida “Turon” va “Neftchi” jamoalari o‘rtasida kechgan bahsdan so‘ng muxlislar maydonga chiqib, tartibsizlik uyushtirgani va futbolchilardan biri hakamni do‘poslagani aks etgan video tarqalgan edi.
Farg‘ona viloyati IIVning xabar qilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “v” bandi (ommaviy tadbirlar o‘tkazilayotgan vaqtda bezorilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Mazkur jinoyat ishi doirasida 6 nafar shaxslar yuqoridagi modda bilan ish bo‘yicha gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, ular Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlandi”, - deyilgan xabarda.
Shu bilan birga, ommaviy tadbirlar o‘tkazilayotgan vaqtda ishtirok etgan 5 nafar shaxslarning harakatlarida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasida (mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlik aniqlangan. Ular ma’muriy tartibda ushlanib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Xabarda tergov harakatlari yakuniga ko‘ra, ishga aloqador bo‘lgan barcha shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berilishi qo‘shimcha qilingan.
Mazkur holat viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan nazoratga olingan.